www.ziyouz.com
kutubxonasi
149
qiladi. Agar sovxozga direktor bo‘lganimda, o‘zim bilar edim, qanday odamlarni qaerga qo‘yishni.
Lekin xalq aytmoqchi, «biri kam dunyo»— odam bolasiga doim nimadir yetmaydi.
Tog‘lar sari borar ekanlar, endi yo‘llarida traktorlar va ot-ulov mingan kishilar uchramas, qishlov
hamda qo‘tonlar onda-sonda ko‘zga chalinib qolar, bu yerlarda tabiatning ham turqi boshqacha edi:
xuddi begona joylarga o‘xshar, tevarak tumtaygan va sovuq edi. Bo‘ston bilan Ernazar kechga tomon,
hali quyosh botmasdan toshloq dara ichidan yo‘l bosib, Ola Mo‘ngu yoqasiga yetib keldilar. Qosh
qoraymay yana bir oz yursalar ham bo‘laverardi, lekin podani tong qorong‘ilab, hali yulduzlar
o‘chmay haydab kelganda ham, kun bo‘yi yurib tog‘larda bundan ortiq masofa bosib bo‘lmasligini
hisoblab chiqdilar-da, daraning dovon boshlanadigan shu yerida tunashga qaror qildilar. Chorvadorlar
dovonga chiqish oldidan tunab qolinadigan bunday kechani shikama deydilar. Shikamaga tanlagan
joylari ham juda qulay edi. Muzliklardan jilg‘a shaldirab tushar va pastga qarab shu yerdan yo‘l olar,
agar tog‘ yonasidan joy tanlasalar, muzliklardan esuvchi sovuq izg‘irindan saqlanar edilar.
Muzliklardan esadigan, odamning suyak-suyagidan o‘tib ketadigan sovuq izg‘irin yarim kechada
boshlanib, quyosh ertalab ko‘tarilguncha davom etishini cho‘ponlar bilardilar. Son-sanoqsiz chorvani
muzliklarning tungi ayozidan as-rash va ertalab yangi kuch bilan dovon sari ko‘tarilish — shikamaning
asl ma’nosi mana shunda edi.
Yo‘lovchilar yerga tushib, horigan otlarni egar-jabduqdan bo‘shatib, tunga hozirlik ko‘ra
boshladilar. Uncha baland bo‘lmagan qoya ostidan joy topdilar — Ernazar dara ichidan, hov butazorlar
o‘sgan yerlargacha borib o‘tin yig‘ib keldi. O’t yoqib, uning atrofida uydan olib chiqqan taomlari bilan
tamaddi qilishdi, hatto tunuka choynakda choy qaynatib ichishdi va olis yo‘ldan so‘ng o‘rin tuzatib
cho‘zilishdi.
Dovon ostidagi tog‘ yonalarida tez qorong‘i tushdi va kun xuddi qish kirganday bir zum ichida
sovudi. Yozdan qishga o‘tish uchun otda bir kun yo‘l yurish kifoya qildi. Ola Mo‘ngu muzliklaridan
izg‘irin esdi. Axir mangu muzliklar qo‘l uzatsa yetadiganday yaqin edi. Bo‘ston qaysidir gazetada
o‘qigan edi, bu muzliklar million yillardan beri mavjud, vodiylardagi hayot ularga bog‘liq, muzliklar
asta-sekin erib, jilg‘alar va daryolarni to‘ldiradi, pastliklardagi barcha dov-daraxt, o‘t-o‘langa jon ato
etadi, dalalarda ekin-tikinni yashnatadi, tabiatdagi hamma narsalar mana shunday donolik bilan
yaratilgan.
— Ernazar,— dedi uxlash oldidan Bo‘ston,— sovuqni qara-ya! Suyak-suyagingdan o‘tib ketadi-
ya! Yaxshiyam, po‘stinlarimizni olgan ekanmiz.
— Po‘stinni aytasiz,— javob berdi Ernazar.— Ilgarigi vaqtlarda duo o‘qib jon saqlashgan, uni
dovon duosi deyishgan. Esingizda bormi?
— Yo‘q, esimda yo‘q.
— Mening esimda qolgan, bobomiz aytib bergan edi.
— Qani, o‘qi-chi.
— E, men o‘ttan-bo‘ttan bilaman, xolos.
— Ishqilib, bilar ekansan-ku. Qani boshla!
— Xo‘p, mayli. Men aytib turay, siz takrorlang. Eshityapsizmi, qani, siz ham aytavering: «Yo
yaximalak, osmonning Hokimi ko‘k Tangri muz dovon uzra yo‘limizni yengil qilgaysan. Chorvamizni
qora izg‘iringa giriftor etmagaysan, buning o‘rniga osmondagi qora quzg‘unni olgaysan. Bola-
chaqamizni sovuq nafasing bilan qotirib qo‘ymagaysan, buning o‘rniga osmondagi haqqushni
olgaysan. Otlarimizning ayillarini qattiqroq tortib bog‘lagaymiz, qo‘toslarga ortgan ko‘ch-
ko‘ronimizni mahkamroq joylagaymiz va senga tavof qilib aytgaymiz, yo‘limizni bog‘lama, bizni
dovondan ko‘m-ko‘k o‘tloqlar, muzday buloqlarga o‘tkazib qo‘y, bizning ushbu so‘zlarimizni qabul
et...»Menimcha, shunday edi. Uyog‘i esimda yo‘q...
— Attang...
— Nimasiga achinasiz? Hozir bunaqa duolar hech kimga kerak emas. Endi maktablarda bularni
qoloqlik va jaholat deb o‘rgatishadi. Qarang, axir, koinotga odam uchyapti deyishadi.
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |