www.ziyouz.com
kutubxonasi
126
go‘shtni burda-burda qilar, bamisoli yovvoyi qassobning o‘zginasi edi.
Bari o‘z yo‘sin-yo‘rig‘i bilan bo‘lyapti. Qashqirlar oldin rosa go‘shtga to‘yishadi, keyin tezroq
inlariga yetib olish uchun yo‘lga tushishadi. Kechasi yana go‘shtga to‘ygani kelishadi, so‘ng qolgan
go‘shtni biron pana joyga sudrab berkitishadi. Lekin bunga hali vaqt bor. Hozir esa, g‘ajirlar ochlik
bilan lahm yutishardi...
Osilib tushgan qoya tagidagi torgina kamardagi bo‘rilar uyasida ochiqib ketgan bo‘ri bolalari
beixtiyor angillashar, isish uchun dam guj bo‘lib bir-birilariga tiqilishar, keyin yana har tomonga
sudralishib tarqalishar, tag‘in to‘planishardi. Tashqarida shitirlagan ovoz eshitilganda in ichiga
Bozorboy tiqilib kirmoqda edi. Ular avvalgidan ham battarroq angillashib, o‘mbaloq-do‘mbaloq oshib
in og‘ziga tomon intildilar va shu bilan odamning ishini ham yengillatdilar. Bozorboy azbaroyi
kuchanganidan bo‘g‘riqib ketgandi. U tor kamar ichiga paypaslab, turtinib-surtinib kirdi. U paxtaligini
yechib tashlagan, nimchaning o‘zida qolgan edi. Bo‘ri bolalarini birma-bir tutib, uchtasini qo‘yniga
soldi, to‘rtinchisini bo‘ynidan mahkam siqib ushlab oldi-da, tashqariga sudraldi. Yoruqqa chiqqanida,
ko‘zlari qamashib ketdi. Baland tog‘lar shu qadar yarqirab yotardi. Ko‘kragini to‘ldirib nafas oldi.
Quloqni batang qiladigan jimjitlik. U faqat o‘zining nafas olganinigina eshitardi. Qo‘ynidagi bo‘ri
bolalari g‘imirlab qolishdi, qo‘lidagi esa o‘zini qutqarmoqchi bo‘lardi. Bozorboy shoshilib qoldi.
Hamon og‘ir-og‘ir nafas olgancha u paxtaligini yelkasiga tashlab, jilg‘a tomonga jadalladi. U yog‘i bir
zumlik ish edi. U o‘zi o‘g‘irlab chiqqan to‘rt bo‘ri bolasini boplab pullamoqchi. Hozircha ularning
barini xurjunga joylaydi. U bo‘rivachchalarni tuzukkina pulga sotishiga ishonchi komil edi: bultur bir
cho‘pon hayvonot bazasiga allaqancha bo‘ri bolalarini sotgan, xar bir bosh bo‘riga ellik so‘mdan
to‘lashgan edi.
Bozorboy kurtillatib yem chaynayotgan otning og‘zidan xurjunni tortib oldi, ichida qolgan sulvini
yerga to‘kdi, har bir xurjunga ikkitadan bo‘ri bolasini joylashtirdi, xurjunni egardan oshirib ikki yoqqa
tashladi, kamar tortib mahkamladi, jilovni qo‘lga olib, shitob bilan uzangisiga oyoq qo‘ydi. Rav
ketmasa bo‘lmasdi. Mana, buning otini omad deydi! Lekin katta bo‘rilar yetib kelmasdan juftakni
rostlamoq kerak. Bozorboy buni yaxshi biladi. Yarim ichilgan, toshga tirab qo‘yilgan shishani
Bozorboy egarga o‘tirib bo‘lgach, esladi. Ammo aroqqa ham tupurdi. Qolsa, qolaversin. Bo‘ri bolalari
uchun bir dunyo pul oladi. Bunaqa yarimtalardan kanchasini sotib olishi mumkin. U otga kichov berdi.
Quyosh botmasdan burun iloji boricha tezroq daradan chiqib olishi kerak.
Keyin-keyin Bozorboyning o‘zi ham hayron bo‘lib yurdi: qanday qilib yurak yutib bo‘ri iniga
kirdi, hatto yonida quroli ham yo‘q edi-ya, Ona bo‘ri yoki erkagi kelib qolsa, unda nima bo‘lardi...
Bug‘u juda yuvosh hayvon, lekin u ham bolalarini himoya qiladi — g‘anim ustiga shartta tashlanadi...
Lekin, bularning bari uning hayoliga keyinroq keldi. Bo‘rilarning changaliga tushishini o‘ylasa,
ko‘ngli oza boshlaydi. O’sha soatda u sangzor Boshat darasida yo‘rig‘ini qichab haydab borar, dam
sayin orqasiga, tog‘lar ichkarisida botib borayotgan quyoshga xavotirlanib qarab-qarab qo‘yar, uni
shom quvib kelmoqda edi. Ha, shoshilmasa bo‘lmaydi, tezroq tog‘ etaklariga chiqib olishi kerak, ko‘l
bo‘ylari hammasi ochiq yalangliklar, ot boshini xohlagan tomoningga qo‘yaverasan, ammo bu yerning
— tor, qo‘rqinchli daraning ishi boshqa...
Bozorboy ko‘l bo‘ylariga, tanish yaylovlarga yaqinlashgan sayin o‘ziga ishonchi ortar,
dadillashardi. Olgan o‘ljasi bilan maqtangisi kelib qoldi. Cho‘pon ulfatlarimdan birontasinikiga qo‘nib
o‘tsammikin, o‘ljalarni ko‘rsatib ko‘zini kuydirsammikin, yuzta-yuztadan qilib bo‘rivachchalarni
yuvsakmikin, axir ularni yaxshilab pullasam, men ham qarzdor bo‘lib qolmasman, deb o‘yladi. U chala
ichilgan shishani suv bo‘yida tashlab kelgani uchun achina boshladi; ex, qaniydi, hozir bir ko‘tarsang!..
Uning shunchalar ichgisi qistadi! Lekin baribir ichida bunga hali ulguraman, avvalo, bo‘richalarni
omon-eson yetkizib borish, qorinlarini to‘ydirish kerak, ular juda chidamli bo‘lsalar ham, lekin hali sut
emib yurgan toyloq, ko‘zlarini ham endi-endi ochganga o‘xshaydilar, ko‘r, ana chaqchayib
turishlarini... Ishqilib, xurjunda o‘lib qolmasalar bas. Bozorboy bu payt o‘zini dahshatli tezlik bilan
quvib yetayotganlarini hayoliga ham keltirmasdi. Xudo biladi, hali bularning oxiri nima bilan tugaydi...
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |