www.ziyouz.com
kutubxonasi
128
payida edilar. Bozorboyning esiga shu tobda Xudo tushdi, unga yalinib-yolvora boshladi. Boshqa
paytda Xudoning go‘riga g‘isht qalashdan ham toymasdi bu odam. Qaysi go‘rdan kelib qolgan
geologlarni bo‘ralab so‘kardi: «Oltinlaring tomoqlaringga tiqilsin!» Xotinini qiynaganlaridan
afsuslanar, undan uzr-ma’zur so‘rardi: «Senga so‘z beraman! Tirik qolsam, chertsam, odam
emasman!» Bo‘ri bolalarini olganiga tavba qilardi: «Nima qilardim olib! Nimaga kirdim iniga?
Hammasini toshga urib, boshini yorib tashlamaymanmi? Endi, nima qildim, qayoqqa qo‘yaman
ularni?» Xurjun tasmalar bilan mahkam tortib bog‘langan, ularni yo‘l-yo‘lakay tashlab ketib
bo‘lmaydi. Buning ustiga shom qorong‘usi tushyapti, kimsasiz tog‘ yonbag‘irlariga xufton qorasi
bostirib kelmoqda — dunyoda hech kimning o‘ladimi, qoladimi, u sho‘rlik bilan ishi yo‘q.
Faqat sodiq ot jonivorgina ko‘rkuvdan esini yo‘qotib, bor kuchi bilan chopib bormoqda.
Lekin Bozorboy hammadan ham yonida miltiq yo‘qligi uchun achinardi. Miltig‘i bo‘lsa, ularga
kursatib qo‘yardi: bitta-bitta otib qulatar-di, o‘qni esa ketkizmasdi. Miltiq topilmas matoh ekanmi
deng! Hamma cho‘ponlarning uyida bor. Lekin kim uni doim yonida olib yuradi! Eh, bilganda-ku!
Bozorboy yirtqichlarni qo‘rqitish uchun joni boricha bo‘kirardi. Uning barcha umidi otdan edi.
Yaxshiyam asl, zotdor ot...
Hayot-mamot poygasi...
O’g‘irlangan bo‘ri bolalarini xurjunga solgan otliq bilan izma-iz Akbara va Toshchaynar xufton
qorong‘uligi tushgan tog‘ oralaridan ana shunday qochdi-quvdi bo‘lib borardilar. Olib qochilgan
toyloqlarining hidini sezgan bo‘rilar o‘zlaricha yolvorar, o‘zlaricha tavallo qilardilar. Koshkiydi, ot bir
martagina, bir zumgina qoqilsa! Agar buqa go‘shtini bunchalar ko‘p yemaganlarida, quvish qanday
bo‘lishini ko‘rsatib qo‘ymasmidilar, allaqachon qaroqchiga yetib olib, uni ko‘z yumguncha pora-pora
qilib tashlamasmidilar, nasl qoldirish yo‘lidagi azaliy, omonsiz kurashda qonli o‘ch olib adolatni
tiklamasmidilar? Mo‘yinqum cho‘llarida sayg‘oq suruklarini tumtaraqay quvgan, ularni o‘zlariga kerak
tomonga burish uchun yanada shiddat solib yugurganlari ham gapmi? Lekin katta ovga bo‘rilar
qorinlarini to‘ydirmasdan, shiddatli quvg‘inga oldindan tayyorlanib chiqardilar.
Bolalarni boqish uchun ustma-ust bo‘kib et yegan Akbara, ayniqsa, qiynalib chopmoqda edi. Lekin
u ham bo‘sh kelmas, joni boricha yugurar, agarda otliqqa yetib olsa, bir zum o‘ylab o‘tirmay, nima
bilan tugashidan qat’iy nazar, o‘zini jangga tashlardi. Shukrki, yonida Toshchaynari bor, suyanchig‘i
va yengilmas madadkori, lekin nima demang, har kimning go‘ri boshqa... Akbara har qanday o‘limga
tayyor edi, ishqilib yetib olsa, ishqilib, uchqur otda ketayotgan shu kishini quvib yetsa bas... ishqilib...
Garchi Bozorboy chindan ham uchqur ot mingan bo‘lsa ham, lekin bunday qarab, bo‘rilar qadam-
baqadam yaqinlab, o‘ng biqinidan yetib kelayotganlari, uni ko‘l tomonga o‘tkazmaslik uchun yo‘lni
kesib chiqayotganlarini ko‘rdi. G’addor g‘ajirlar otliqni tog‘ tomonga qarab haydashga zo‘r bermoqda
edilar. Shunday qilsalar, ertami, kechmi, baribir, albatta, yuzma-yuz to‘qnashar edilar. Ular niyatlariga
erishay deb qolgan ham edilar: hurkib ketgan ot o‘zini yo‘qotib qo‘yib, o‘ng yoqdan daf etayotgan
bo‘rilardan qo‘rqib, boshini tog‘lar tomonga burishga urinmoqda edi. Biroq otni ongli maxluq — odam
boshqarib bormoqda edi, u yirtqichlarning niyatini anglab turardi, bo‘rilar xuddi shu narsani hisobga
ololmasdilar, bu ularning fojiasi edi.
Bozorboyni yana bir narsa qutqarib qoldi. Taqdirning marhamati bilan oldinda chiroqlar ko‘rindi.
O, omadning kelganini qarang! Ular Bo‘ston O’rkunchiev qo‘rasining chiroqlari edi. Ha-ha, o‘sha
ilg‘or quloq Bo‘ston, hech jini yoqtirmaydigan Bo‘ston. Lekin hozir kim kimni yaxshi ko‘radiyu, kim
kimni yomon, surishtirib o‘tiradigan payt emasdi. Nima farqi bor. U hozir har qanday qimirlagan tirik
jonni ko‘ziga surtishga tayyor. Ishqilib, odamlar yashaydigan joyga yetib keldi-ku — bundan ortiq
quvonch bo‘lishi mumkinmi odamga! U axir, qutuldi! U o‘zida yo‘q xursand bo‘lib, otni yana tovoni
bilan qistadi, shunda ot qo‘ralar, odamlar tomonga shamoldeq uchdi. Biroq, ana endi qutuldim
deguncha, Bozorboy uchun yana bir asr vaqt o‘tganday bo‘lib ko‘rindi lekin, mana, Bo‘ston qurgan
elektr dvijokning pulemyotday tarillagan ovozi eshitilib qoldi, mana, cho‘ponlarning itlari bo‘ri isini
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |