www.ziyouz.com
kutubxonasi
130
topshirish mumkinligigacha. Bir so‘z bilan aytganda, planni qanday bajarish to‘g‘risida. Topgan
ohanjama gaplarini qarang, uning o‘zi biladi nima qilishini: qishda yemni o‘z vaqtida ber, yozda
tog‘larda barvaqt turib, kech yot, xullasi kalom, yaxshi ishla, moldan, qo‘ydan ko‘zingni uzma. Jon
kuydir Bo‘ston va boshqalarga o‘xshab. Biroq birovning ishi yaxshi chiqadi, boshqasiniki mundoqroq.
Birovning ishi o‘ngidan keladi, birovniki kelmaydi. Misol uchun, Bo‘stonning qo‘rasida dvijok patillab
turibdi — kechasi bilan uylarda ham, saroyda ham, hovlilarda ham chiroq o‘chmaydi. Xo‘sh, nimaga?
Chunki u ikkita agregatni qo‘lga kiritgan — bittasi ishdan chiqsa yoki remontga tursa, shu zahoti
ikkinchisi ishga tushadi. Boshqa cho‘ponlarda esa, shu bilan birga Bozorboyda ham dvijok qurg‘ur yil
bo‘yi bitta. O’zi bitta bo‘lgandan keyin odamni ko‘p ovora qiladi: bir qarasang ishlaydi, bir qarasang,
ishlamaydi, dam yonilg‘i bor, dam yo‘q, goh bir joyi singan, goh bir joyi chiqqan, goh unga qarab
turadigan yigitcha hamma narsa joniga tegib, shaharga ketib qolgan — shaharda yoshlarning oshig‘i
olchi, qishloqqa qaraganda yuz karra yaxshi yashashadi. Ana shunaqa ishlar. Hamma hisobotlarda
barcha cho‘pon brigadalari elektr chirog‘i bilan ta’minlandi, deb aytiladi, aslida esa hech vaqo yo‘q...
Shundan keyin kim yaxshi? Albatta, Bo‘ston yaxshi. Buning ustiga ichmaydi. Kim yomon?
Bozorboy va unga o‘xshaganlar. Buning ustiga ular ichishadi. Xo‘p, yomon bo‘lsang, bo‘yningga bir
ursinlaru haydab yuborsinlar, tamom vassalom. Vaholanki, ketaman deb, ariza berib ko‘r-chi, darrov
senga militsiyani to‘g‘rilashadi, pasportni olib qo‘yishadi, hech qanday hujjat-pujjat berishmaydi; bor,
akasi, ishingni qil, ketishga ruxsat yo‘q, deyishadi. Hozir hech kim cho‘pon bo‘lishni istamaydi,
ahmog‘i yo‘q, deydi. Hamma shaharda yashasam, deb ishqivoz. Shaharda ishni tugatasanu maza qilib,
madaniy hordiq chiqarasan, bo‘lmasa, kvartirangda yotib damingni olasan. Hamma narsa tayyor,
oldingda muhayyo, o‘t yoqish kerakmas, suv oldingda, chiroq kechasiyu kunduzi bor, hojat ham
shundoq burningni tagida... O’tardagi turmush ham turmushmi? Mol bolalaydigan mahal-ku salkam bir
yarim ming bosh sigir-buzoqni eplashing kerak, na kechasi tinim bor, na kunduzi, bir yarim ming
qoramolning bari boshingda mo‘ngrab turadi. Shiptir-shilta kechmay, ko‘r-chi, ichmay ko‘r-chi,
xotiningni, cho‘pon-cho‘liqlaringni urmay ko‘r-chi, g‘irt hayvonning o‘zi bo‘lasan-qolasan... Xo‘sh,
keyin kim yomon? Bozorboy va unga o‘xshaganlar...
Sal narsaga barmokdarini nuqib pesh qilib turishadi tag‘in: Bo‘ston O’rkunchievni ko‘r, ana, ilg‘or,
ana, o‘rnak... Basharasiga solib-solib yuborsang shu ilg‘or taviyaning! Bo‘stonning omadi bor, uning
odamlari ham yaxshi, bir borgan kishi hech qaytib ketmaydi, bitta oiladek bo‘lib ishlashadi.
Bozorboyga o‘xshagan cho‘ponlar o‘chib qolgan dvijoklardan allaqachon qo‘lni yuvib, qo‘ltiqqa urib,
eskichasiga, kerosin chiroqlaru qo‘l fonarlariga o‘tib olishgan. Bo‘stonning MI —1157 degan elektr
generator agregati qo‘ralarning orqasida soatday muntazam yurib turibdi, uning gup-gupi uzoq-
uzoqlardan eshitiladi, chirog‘i ne-ne joylardan ko‘rinadi. Bo‘rilarni orqaga qaytargan ham avvalo shu
bo‘ldi, ular yetay-etay deb turganlarida chiroqlarni ko‘rib, dvijok ovozini eshitdilaru taqa-taq to‘xtab
qoldilar.
Itlar hamon biri olib, biri qo‘yib akillashardi. Bo‘rilar shu atrofda izg‘ib yurishganga, lekin yaqin
kelishga yurak betlamayotganga o‘xshaydi...
Ha, Bo‘stonning omadi chopgani chopgan. Hammasini qara, hammasi orasta, hamma narsa joy-
joyida, uylari chiroqlardan charog‘on, garchi qo‘y qo‘rasida tursalar ham, lekin hammayoq ozoda,
supurilgan, sidirilgan. Etik-paytavalarni dahlizda yechishga, gilam paypoqning o‘zida ichkariga
o‘tishga to‘g‘ri keldi.
Odamning bir omadi kelsa, hamma narsada keladi. Muni qarangki Bozorboy ilgari bilmagan ekan.
Dovonda nobud bo‘lgan Ernazarning bevasi durkungina, o‘ktamgina juvon ekan. Mana, endi shu
Gulimxonni, Bo‘stonning xotinini oling. Qancha g‘amlarni boshidan kechirmadi, lekin hozir o‘ynab-
kulib baxtiyor bo‘lib yuribdi. Yoshi ham hoynahoy hali qirqqa yetmagandir. Uning Ernazardan qolgan
ikki qizi internatda o‘qishadi. Buning ustiga omadi chopsa shunaqa bo‘ladi-da, yaqinda Bo‘stonga
o‘g‘il tug‘ib berdi. Oldingi xotinidan Bo‘stonga ikki qiz qolishgan edi, ular katta bo‘lishib, turmushga
chiqishib, o‘zlaridan tinchib ketishdi. Gulimxonning o‘zi ham ochiq chehralikkina ayol ekan, aqli-
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |