www.ziyouz.com
kutubxonasi
123
yerlarda qoldi...
Tog‘larga turnaqator tizilib ko‘tarilib borishar, gaplashishga fursat yo‘q, buning ustiga xotini bilan
urishib Bozorboyning ta’bi tirriq bo‘lgan edi. Indamay yo‘l bosishardi. Qish oxirlab qolgandi. Tog‘
kungaylarida qorlar eriy boshlagan, ko‘klam nafasi ufurardi. Shu damda atrof ravshan va sokin edi.
Pastda sadafday yarqirab yotgan ulug‘ moviy ko‘lning narigi tomonida baland tog‘lar uzra quyosh
yuksakka ko‘tarilgandi. Choshgoh edi.
Oradan ko‘p o‘tmay Bozorboy geologlarni daraning bo‘g‘ziga yetaklab keldi. Issiqko‘lning
musaffo ko‘zgusi so‘nggi bor ko‘zga yarq etib tashlandi, manzaralar orqada g‘oyib bo‘ldi. Endi
boshlari uzra keta-ketguncha tumtaygan qoyali uchurumlar haybat solardi. Hammayoq tosh, qoya.
Kimsa yo‘q.— Nima bor ekan ularga bu yerda?— taajjubi ortardi Bozorboyning tevarakka alang-
jalang qarab. U geologlarni manzilga eltib qo‘ygan zahoti orqaga qaytishga ahd qildi. Achchiq Tosh
darasi u bilan yonma-yon to‘g‘ri ulug‘ ko‘l bo‘ylariga olib chiqadigan qo‘shni daradan ko‘ra qisqaroq.
U ichida orqaga Boshat darasidan qaytaman, deb qo‘ydi. Shunda uyga hayallamay yetib oladi. U
geologlar bilan xayrlashib, shunday qildi. Lekin cho‘ntakka nihoyat qurmag‘ur yigirma beshni
solarkan, u yigitlarga gap qotdi:
— Hoy, og‘aynilar, mundoq qarasam, hammalaring o‘g‘il bola ekansizlar,— dedi u irshayib
mo‘ylabini errayimlarcha siyparkan,— biz ham axir yurgan yigitmiz, bir tomoqni ho‘llab olmaymizmi,
a?
Bozorboy ichsam, bir stakan icharman, deb chamalagan edi, yigitlar esa saxovat bilan unga shu
yerning o‘zida chiqqan ko‘k shishani hadya qildilar. Ol, uyda icharsan deb! Bu baxt qaydan tushdi deb,
Bozorboy yal-yal ochilib ketdi. Tipirchilab qoldi, chodirni qaerga tikish, qaerdan o‘tin chopishni
ko‘rsatdi, yigitlar bilan navbat-banavbat xayrlasharkan, har birining qo‘lini uzoq silkitib turdi, hatto
xurjunga g‘amlab olgan yemdan otga berib ham o‘tirmadi. Birinchi marta emas, uygacha chidaydi, deb
o‘yladi. Apil-tapil egarga o‘tirdiyu, yo‘lga tushdi. Chamalab, ko‘p o‘tmay so‘qmoqni topdi va chala-
yarim qor bosgan tizmalardan oshib o‘tib, Boshat darasiga kirdi. Daraning yon atroflarida siyrakroq
to‘qay, o‘rmonlar o‘sgan, ham yorug‘roq, Achchiq Toshdek qorong‘u emasdi. Bu yerda jilg‘alar va
buloqlar ham ko‘plab oqib yotardi. Shuning uchun bu yerlarni Boshat darasi — Buloq dara deb
atashardi.
Paxtalik ustidan kiyib olgan yomg‘irpo‘shning cho‘ntagidagi shisha unga tinchlik bermasdi. U dam
sayin shishani ushlab-ushlab ko‘yar, qaysi jilg‘a bo‘yida to‘xtasam ekan, deb joy chamalardi. U
o‘zining qancha ichishini bilardi. Shishaning yarmini bo‘shatadi, ustidan suv ichadi, keyin yana yo‘lga
ravona bo‘ladi. Bunday hollarda Bozorboy egarga o‘tirib olsa, bas. U yog‘iga xonazot otning o‘zi
yetkizib oboradi. Sho‘rlik Ko‘k Tursun Bozorboyning qo‘ltig‘idan shayton tutib turadi, deb bekorga
aytmaydi — u hali biron marta egardan yiqilgan emas. Nihoyat, yo‘lda bir jilg‘ani tanladi, uning ustini
yupqa shaffof muz qoplagan, suv muz ostida toshdan-toshga qilqillab urilib, odamning havasini
keltirib oqardi. Bozorboy shu joyga tushdi. Atrofda yovvoyi tol va zirk butalari o‘sib yotar, qor ham
ko‘p emas, otga ham suv ichirib, yem bersa bo‘ladi. U otning yuganini bo‘shatdi, suli solingan
xurjunni egardan tushirdi, bog‘ichni yechib, yechilgan tomonini otning bo‘yni tagiga surib qo‘ydi. Ot
charchog‘ini tarqatayotganday yengil so‘lish olib, ko‘zlarini yarim yumib, qurtillatib suli chaynay
boshladi. Bozorboy esa suv bo‘yida qulagan daraxt tanasiga joylashib o‘tirib oldi-da, shishani chiqardi,
havasi kelib, quyoshga tutib qaradi, lekin nimani ham ko‘rardi, o‘sha-o‘sha shisha, faqat kun tugab
borar, tog‘larda soyalar qiyalab yotar, quyoshning botishiga agar kam bo‘lmasa hali bir soatdan ortiq
vaqt bor edi. Lekin Bozorboyning shoshadigan joyi yo‘q. U aroqning miyaga uradigan mazasini
tamshanib his qilib, yo‘g‘on tirnog‘i bilan shishani ochdi, hidladi, boshini chayqadi, og‘ziga ko‘tardi.
Titrab-qaltirab qultillatib yutdi. Keyin jilg‘adan hovuchida suv olib, kursillagan muz parchalari bilan
qo‘shib ichdi. Muz tishlariga tegib qisirladi — naq miyasi qasirlab ketganday bo‘ldi. Bozorboyning
basharasi xunuk burishdi, u tomog‘ini qirib yo‘taldi, og‘u qachon boshiga urishini kutib, ko‘zlarini
yumdi. Ha, tevarak-atrof — tog‘lar, qoyalar — xuddi tumanga cho‘lg‘anganday suza boshlashini,
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |