www.ziyouz.com
kutubxonasi
107
— Ahvolingiz unchalar ham yaxshi emas. Lat yegan oyog‘ingizni mutaxassis vrach ko‘rishi kerak.
Kasal boshqa a’zolaringizga ham tarqab ketmasligi uchun hozircha antibiotiklar bilan davolab turamiz.
Lekin siz boshingizdan nima kechirgan bo‘lsangiz, hammasini menga so‘ylab berishingiz kerak. Nega
qiziqib qoldi, deb o‘ylamang. Vrach bo‘lganim uchun so‘rayapman...
Hayotda necha yuzlab, minglab uchrashuvlar va ayriliqlar ichida goho shundayi ham bo‘ladiki, uni
Xudo yetkazdi deyishdan boshqa ilojimiz yo‘q. Lekin bunday uchrashuvdan umuman hech narsa
chiqmasligi ham mumkin, biroq odam bolasi buni faqat keyin tushunadi — shunda u bir zum qo‘rqib
ketadi o‘sha uchrashuv chippakka chiqsa, nima bo‘lardi, degan fikrdan... Axir uchrashuvning nima
bilan tugashi Xudoga emas, odamlariing o‘zlariga bog‘liq-ku.
Avdiy Kallistratov shunga o‘xshash voqeani boshidan kechirdi. Uchinchi kun deganda kasalxonaga
Avdiyning oldiga o‘sha qiz keldi. Avdiy uni faqat orzular olamidagina ko‘rardi. Chunki qizning
kimligini bilmasdi. Binobarin, odam bolasi dunyoda nimalar haqida orzu qilmaydi deysiz...
Kunduzi turli muolajalardan so‘ng bemorning harorati ancha pasaydi, kechga borib esa o‘ttiz
yettiyu uchdan yuqori ko‘tarilmadi. Lekin oyoqning shishi hamon qaytmagan, buning ustiga o‘ng
qovurg‘asining bittasi singan ekan, rentgenda darz tushgani ma’lum bo‘ldi. Umuman olganda, bemor
sog‘aya boshlagan edi. Avdiyning kayfiyati mo‘‘tadil, shikoyat qiladigan joyi yo‘q edi. Oliya
Ismoilovna haqiqiy vrachlardan ekan, u bilim, tajribalari bilangina emas, butun ro‘y-ravishi bilan ham
davolarkan. Uning gap-so‘zlari, muomalasi, muolaja tayinlashi bemorning diliga umid va ishonch
bag‘ishlar, kasallikni yengib o‘tishiga madad berardi. U bemorning ruhiyatiga donolik va vazminlik
bilan ta’sir o‘tkazardiki, boshidan shuncha savdolarni kechirgan Avdiy goho insonga boshqalarning
g‘amxo‘rligi va mehribonchiligi naqadar zarur bo‘lishini ayniqsa, qattiq his qildi. Ochig‘ini aytganda,
bir chekkasi, u kasal bo‘lgani va yaxshi vrachning qo‘liga tushgani uchun behad suyundi. Mo‘‘jaz
daraxtzor orasida joylashgan ko‘rimsizgina va sokin bekat kasalxonasida u o‘zini shunchalar xotirjam
va yaxshi sezmoqdaydi.
Hiyobonga qaragan, oppoq pardalar tutilgan deraza ochib qo‘yilgan edi. Havoning issig‘i avjida.
Palatadagi ikki sherigi tashqariga aylangani chiqishgan, Avdiy yolg‘iz o‘zi yotar va tez-tez haroratini
o‘lchardi. U yana harorat ko‘tarilishini sira istamasdi. Deraza naryog‘ida o‘tkir poshnalarning taqir-
tuquri eshitildi, allakim navbatchi hamshiradan uni so‘radi. Kim bo‘ldi ekan? Ovoz Avdiyga tanishdek
tuyuldi. Ko‘p o‘tmay hamshira palata eshigini ochdi.
— Mana shu yerda yotibdi.
— Salom!— dedi qiz.— Kallistratov sizmisiz?
— Men,— deb javob berdi Avdiy o‘z ko‘zlariga ishonmay.
Bu o‘sha Uchquduqqa mototsikl minib kelgan va Avdiyning hayolini o‘g‘irlab ketgan qizning
o‘zginasi edi. Avdiy o‘zini yo‘qotib qo‘ygan, qizning gaplari quloqlariga kirmas, u haqda juda ko‘p
o‘ylaganligi uchungina nima deyotganligini so‘zi hali og‘zidan chiqmasdan burun uqib olardi. Qizning
ismi-sharifi Inga Fyodorovna ekan. Bu yerga ilmiy ish bilan shug‘ullanish uchun kelganiga uch yil
bo‘libdi. O’shandan, beri Oliya Ismoilovna bilan tanish, dugona edi. Oliya Ismoilovna unga Avdiy
hakida hikoya qilib beribdi. Inga Fyodorovna bunga qiziqib qolibdi. Axir, siz ham xuddi men kabi
nasha masalasi bilan mashg‘ul ekansiz. Men Mo‘yinqum nashasini o‘rganib yuribman. U shunday deb,
nashaning uzundan-uzoq lotincha nomini aytdi. Shuning uchun oldingizga keldim, tanishgani... balki
sizga nasha yuzasidan biron ma’lumot kerakdir deb o‘yladim... Axir, uning nazarida, jurnalistlarga
ilmiy ma’lumotlar ham zarur bo‘ladi-ku.
U Xudoyim-ey, ilmiy ma’lumot deydi-ya. Banogoh paydo bo‘lib lolu hayron qilib qo‘yding-ku.
So‘zlaring qulog‘imga emas, yuragimga oqib kiryapti. Faqat ko‘zlaringni ko‘rayotirman. Nazarimda,
dunyoda boshqa hech kimda bunday ko‘zlar yo‘q. Munajjim son-sanoqsiz yulduzlar ichidan mana
shunday o‘z yulduzini topadi. Lekin, bexabar odamlarga barcha yulduzlar mutlaqo bir xil bo‘lib
ko‘rinadi. Avdiy qizning nigohidan go‘yo qanot bog‘lab uchardi...
Bularning barini Avdiy keyin yolg‘iz qolgach va o‘zini bosib olgach, birma-bir xotirasida tikladi.
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |