www.ziyouz.com
kutubxonasi
115
bo‘rilar ham olam ostin-ustun bo‘lib ketganligini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan edilar...
Xonavayron qiluvchilar esa bayram kayfini surishardi... Faqat Mo‘yinqumga kulfat tortib kelgan
Avdiygina ko‘kka tikilib yig‘lab yotardi...
Shu bois uni sud qilmoqchi edilar.
* * *
Mishash bilan Kepa Avdiyni mashinadan tortib tushirishdi-da, Ober-Kandalovning oldiga sudrab
kelib, yelkasidan bosib cho‘kkalatishdi. Ober-Kandalov bo‘sh yashikning ustida bujmayib
g‘ijimlangan plashchining etaklarini ikki tomonga yoyib, kirza etikdagi oyoqlarini kerib o‘tirardi.
Mashina kichik chiroqlarining yorug‘ida u g‘ayritabiiy vahimali, badqovoq va haddan tashqari
mudhish ko‘rinardi. Yon tomonida toza kiyik go‘shtidan pishirilgan kabobning hidi ko‘tarilayotgan
olov, bu yerda junjikkan, qurpayishgan Gamlet-Galkin bilan Aborigen-Uzuqboy tik turishibdi.
Ikkovining ham kayfi taroq, Avdiyni Ober qanday tergashini kutib, nimalarnidir pichir-pichir qilishib,
bema’nilarcha iljayishar, bir-birlarini turtib qo‘yishar, ko‘z qisishardi.
— Ha, nima deysan?— deb so‘radi nihoyat Ober oldida cho‘kkalab turgan Avdiyga yeb
yuborguday qarab.— Aqling kirdimi?
— Qo‘limni yechinglar,— dedi Avdiy.
— Qo‘lingnimi? Nega qo‘ling boylandi, shuni o‘yladingmi? Isyonchilar, fitnachilar, g‘alamislar,
tartib-intizomni buzuvchilarning qo‘llari boylanadi! Buziqilarni, tushundingmi? Tartib buziqilarni!
Avdiy miq etmadi.
— Mayli, yechsak, yechaylik qo‘lingni, undan keyin nima qilar ekansan, ko‘ramiz,— deb rahm
qildi Ober.— Qani, uning qo‘lini yechinglar,— buyurdi u,— hozir qo‘li o‘ziga kerak bo‘ladi.
— Onangni... chechib nima qiladi,— to‘ng‘illadi norizo bo‘lib Mishash Avdiyning qo‘lini
arqondan bo‘shatarkan.— Bularni darrov kuchuk boladay suvga cho‘ktirish kerak. Bundaylarni yetti
buklab, yerga qoziq qilib qoqish kerak.
Arqon yechilgandan keyingina Avdiy yelkalari va qo‘llari qanchalar uvishib qolganligini sezdi.
— Mana, iltimosingni bajardik,— dedi Ober-Kandalov.— Hali vaqting bor. Hozircha, ma,
manavini ich!— u Avdiyga aroq to‘la stakan uzatdi.
— Yo‘q, ichmayman,— qaytardi Avdiy.
— Ichmasang ichma, kon quskur!— Ober stakandagi aroqni Avdiyning yuziga shartta sepib
yubordi. Avdiy cho‘chib tushdi, qalqiy-qalqiy o‘rnidan irg‘ib turib ketdi. Biroq Mishash bilan Kepa
yana yelkasidan bosib, Avdiyni yerga qapishtirib qo‘yishdi.
— Yolg‘on aytyapsan, onangni... ichasan!— irilladi Mishash.— Aytmadimmi, bundaylarni
cho‘ktirish kerak! Qani, Ober, aroqdan quy. Og‘zidan quymasam, odammasman. Ichmasin-chi, itday
urib o‘ldiraman.
Stakan Mishashning qo‘lida qisirlab ketdi, cheti Avdiyning lablari, yuzlarini tildi. O’z qoniga
halqob bo‘lgan va aroq tomog‘iga tiqilgan Avdiy boshini olib qochdi, Mishash bilan Kepaga qarshilik
ko‘rsatib, oyoq-qo‘llarini tarpitdi.
— Bolalar, qo‘ysanglar-chi, Xudo ko‘tarsin, ichmasa, ichmasin, o‘zimiz ichamiz!— Gamlet-
Galkin tepkilashib yotganlarning atrofida zir yugurib, zorlanardi. Aborigen-Uzuqboy mashinaning
orqasiga qochdi. U yerdan nima qilishini bilmay qo‘rqa-pisa qarab turdi: qochay desa, hali shuncha
ichilmagan aroq qolib ketadi, qochmay desa, boshiga balo orttiradi... Faqat Ober-Kandalovgina taxtda
o‘tirganday bo‘sh yashikdan qimirlamay o‘mbaloq oshib dumalashayotganlarni tomosha qilardi.
Gamlet-Galkin Ober oldiga yugurdi.
— To‘xtat, Ober, baraka topkur, o‘ldirib qo‘yishadi. Qamalib ketamiz!
— Qamalarmish!— kibr bilan ijirg‘anib dedi Ober.— Mo‘yinqumda qamoq nima qiladi, tentak?
Bu yerda men sudman! Kim bilib o‘tiribdi nima bo‘lganini. Uni balki bo‘rilar burdalab ketgandir. Kim
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |