www.ziyouz.com
kutubxonasi
108
O’sha ilk damlarda esa u xuddi jinni bo‘lib qolgandek edi. Rost, Inga Fyodorovna buni uning issig‘i
chiqayotganiga yo‘ygan bo‘lishi mumkin. Axir, faqat tentak odamgina dabdurustdan: «Doim sizni
o‘ylaganimni qaerdan bildingiz?»— deb so‘raydi-da.
Qiz javob o‘rniga qoshlarini hayron bo‘lib chimirdi. Shunda u yanada go‘zalroq ko‘rindi va sirli
jilmayib qo‘ydi. Agar qiz shu bema’ni, maza-matrasi yo‘q so‘zlarni bachkanalik va yoki suyuqlik deb
qabul qilsa bormi, Avdiy unda hech qachon o‘zini kechirmas, umr bo‘yi qiynalib o‘tardi. Lekin
Xudoning marhamatchiligi, qiz uning so‘ziga alohida ahamiyat bermadi. Bunga odob-ikromi yo‘l
qo‘ymadi. Shundan so‘ng ular qizning Uchquduqqa mototsiklda borgani, birinchi marta qanday
ko‘rishganlarini kula-kula eslashdi. Avdiy shu unutilmas uchrashuvdan bir kun keyin cho‘lda Petruxa
va Lyonka degan chopar bolalar bilan vertolyotdan qochib o‘tlar ichiga berkinganlarini gapirib berdi.
Inga Fyodorovna qotib-qotib kuldi. Ma’lum bo‘lishicha, Inga Fyodorovna vertolyotga Toshkentdan
kelgan maxsus ilmiy ekspeditsiya bilan birga uchgan ekan. Toshkentdagi ilmiy-tekshirish
institutlaridan biri yovvoyi nashani u o‘sadigan yerlarda kimyoviy-biologik quritish ustyda
shug‘ullanayotgan ekan. Shunda Avdiyga bang bilan kurash ikki tomonlama olib borilayotganligi ayon
bo‘ldi: ham giyohvandlik yo‘qotilmoqchi, ham og‘uli giyohlar quritilmoqchi. Lekin buni hal qilish
dunyoning hamma joylarida ham oson emasga o‘xshaydi. Inga Fyodorovnaning tushuntirishicha,
nashaning o‘sishi va ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaydigan kimyoviy dorilarni topish qiyin emas. Ammo bu
usul nashadan ham battaroq falokatga sababchi bo‘ladi, u yerni xarob qiladi. Va u kamida ikki yuz
yilga ishdan chiqadi. Giyohvandlik bilan kurash yo‘lida tabiatni xonavayron qilish — bu ham aqldan
emas: tayoqning ikki uchi bor. Inga Fyodorovna olib borayotgan ilmiy-tekshirish doirasiga shu
murakkab tabiat muammolarini yechishning eng oqil yo‘llari va usullarini axtarish ham kirardi. O,
Xudoyim-ey, deb o‘ylardi Avdiy, agar tabiat fikr qilish qobiliyatiga ega bo‘lganda, o‘z holicha o‘sib
yotgan giyohlar bilan insonning ma’naviy buzilishi o‘rtasidagi dahshatli o‘zaro bog‘liqlik uning
yelkasiga qanchalar og‘ir yuk bo‘lib tushardi. O, dahmaza!..
* * *
Avdiy Kallistratov Inga Fyodorovna bilan o‘rtalarida tug‘ilgan munosabatlarni «taqdirimda yangi
davr» deb atar va bunda rostdan ham, hech qanday mubolag‘a yo‘q edi. Ona shahriga qaytib
kelganining naq ertasigayoq qizga uzundan-uzoq xat yozdi. Bu-ku, mayli. Lekin yo‘lda poezd besh
daqiqadan ko‘p to‘xtagan har bir bekatdan otkritkalar yozib jo‘natganligini aytmaysizmi. Bu oddiy
oshiq-ma’shuqlikka o‘xshamasdi. Avdiy o‘z hayot yo‘lida Inga Fyodorovnani uchratgandan beri
shunchalar hayajon hamda iztiroblar ichida yashar ediki, bularni aslo aqlga sig‘dirib bo‘lmasdi.
U qizga yozardi: «Menga nima bo‘lyapti — hech aqlim yetmaydi! O’zimni vazmin, bosiq odam,
deb hisoblardim. Aqlim ham, tuyg‘ularim ham, bir-birlariga ravon, uyg‘un edi. Endi esa, hatto nima
qilayotganimni o‘zim bilmayman. Darvoqe, hech narsani bilishni, tahlil etishni istamayman. Nega
shunday, hayronman. Boshimga xuddi tog‘ ko‘chkisiday baxt yog‘ildi. Men shu ko‘chkining tagida
qoldim. Bir hujjatli filmda ko‘rgan edim — oppoq qor tog‘ ko‘chkisi yo‘lida uchragan jamiyki
narsalarni sovurib, ergashtirib ketadi. Shunday ko‘chki mening ustimga ham yog‘ildi. Dunyoda boshqa
bunday baxtiyor odam yo‘q, bo‘lmagan ham; omadim bor ekan, men xuddi nog‘orasini chertib o‘yinga
tushayotgan yovvoyi odamga o‘xshayman. Shu yoz boshimga yog‘dirgan barcha nag‘malari uchun
taqdirimdan roziman: axir, u meni tirik qoldirdi, hayot qiynovlariyu girdoblarini ko‘rish imkonini
berdi; boshqa yana qayda ko‘rish mumkin bularning barini. Bir shaxs doirasidagi muhabbat — bu
chinakam ruhiy inqilob, derdim! Shunday ekan, unda yashasin ruhiy inqilob! Sovurguvchi va qayta
yaratguvchi!
Bosholmon so‘zlarim uchun kechir, Inga. Lekin men seni sevaman! Men uchun qanchalar aziz
ekanligingni ifodalay olmayman, bunga so‘zim ham, kuchim ham yetmaydi...
Ijozat et, nafasimni rostlab olay. Redaktsiyaga bordim. Hammasini muxtasar gapirib berdim.
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |