Alohidalik, xususiylik, umumiylik. Ular narsa va hodisalarning rivojlanish jarayonidagi makon-zamon
munosabatlarini konkret tarzda namoyon qiladi. Umumiylik – olamdagi alohida, individual tarzda namoyon
bo’layotgan narsa – hodisalarning turfa, xilma-xil umumlashtiruvchi xossa hamda xususiyatlarning
mushtaraklashgan holda namoyon bo’lishidir. Alohidalik va umumiylik o’rtasidagi bog’lanish, aloqadorlik va
munosabat «xususiylik» kategoriyasi orqali ifodalanadi. Birinchidan, bu kategoriyalarning mazmuni olamning
birligi, ularning mantiqiy ifodasi konkretlik bo’lib hisoblanadi. Ikkinchidan, «alohidalik», «xususiylik»,
«umumiylik» narsa va hodisalarning makon-zamon konkretligini ifodalaydigan, nisbatan mustaqil mantiqiy
tushunchalar tarzidagina namoyon bo’lishi mumkin. Zero, ularning nisbatan mustaqilligi, ichki birligining
namoyon bo’lish shaklidir.
Falsafiy adabiyotlarda, bilishning umumiy tendentsiyasini alohidalikdan xususiylikka va shu bosqich orqali
umumiylikka o’tish tarzida yoki aksincha, izohlash keng tarqalgan. Vaholanki, falsafiy bilishning asosiy
xususiyati va maqsadi har qanday alohidalikning individual xususiyatlarini umumiylikdan farqlashdan iboratdir.
Masalan, bozor iqtisodiyoti munosabatlariga o’tish jamiyat taraqqiyotining umumiy qonuniyati bo’lsa ham, bu
jarayon turli ijtimoiy-tarixiy makon va zamonda har bir davlat uchun o’ziga xos bo’lgan modelni taqozo qiladi.
Alohidalikning umumiylikdan farqini aniqlash asosida, maxsus usul va vositalarini qo’llash bozor strategiyasi va
taktikasining milliy xususiyatlarini belgilashga yordam beradi.
Alohidalik yoki, ba’zi falsafiy adabiyotlarda ko’rsatilganidek, yakkalikni muayyan xossa hamda xususiyatga ega
bo’lgan narsa va hodisalarning makon va zamondagi chegaralangan konkret holati, boshqacha kilib aytganda,
har qanday hodisa va narsaning ichki sifat muayyanligi, individualligi deyish mumkin.
Antik falsafada alohidalik kategoriyasining mazmuni muayyan turg’unlikka ega bo’lgan birlik sifatida qaralgan
(Aflotun, Arastu). Hegel, alohidalikni voqealarning zaruriy shakli, makon va zamondagi tafovutlarning namoyon
bo’lish momenti sifatida qaraydi.
Falsafada milliylik va umuminsoniylik masalasida alohidalikning umumiylikdan farqini mutlaqlashtirish
natijasida muayyan qarashlar vujudga kelishi mumkin (Bu haqda «Osiyotsentrizm» va «Evropatsentrizm»
to’g’risida eslash kifoya).
Vaholanki, umuminsoniyat tsivilizatsiyasining tadrijiy rivojlanishida muayyan ichki birlik mavjud bo’lib,
madaniyat tarixida har bir xalq, millat o’z o’rni va ahamiyatini namoyon qiladi. Shuning uchun umuminsoniyat
tsivilizatsiyasi tarkibidagi milliy madaniyatni mutlaqlashtirish, muayyan siyosiy manfaatlarga asoslangan bo’lib,
buyuk davlatchilik, shovinistik qarashlardan boshqa narsa emas. Bu XX asrning 30-yillarida fashizm
mafkurasini shakllantirgan asosiy sababalardan biri edi.
Alohidalikni, umumiy qonuniyatlar tarkibidagi, elementlarning individual rivojlanish jarayoni sifatida olib
qarash kerak. Chunki har qanday umumiylik, dastlab voqelikning alohidaligi tarzida vujudga keladi. Shunga
ko’ra, har qanday sistema o’z tarkibidagi nisbatan yangi, alohida hodisalarning individual rivojlanishisiz sodir
bo’la olmaydi. Shunday qilib, alohidalik voqelik rivojlanishining xilma-xil shakllarini vujudga keltiradi.
Narsa va hodisalarda alohidaliklarning konkret xususiyatlari o’rtasidagi bog’lanishlar, bir tomondan,
umumiylikni namoyon qilish bilan bir qatorda, ularning muayyanligi va mazmunini ham belgilaydi. Ikkinchi
tomondan esa, umumiylikning konkretligi alohidaliklar sistemasi tarzida namoyon bo’ladi. Bu sistemaga
strukturali yondashish bilishning nisbatan to’laqonli bo’lishini ta’minlaydi. Masalan, muayyan jamiyatdagi
kishilarning ijtimoiy munosabatlari o’ziga xos bo’lgan yo’nalishlarini vujudga keltirgan. Ya’ni, iqtisodiy,
huquqiy, siyosiy, diniy ekologik va boshqa shu kabi ijtimoiy munosabatlar umumiy madaniyat tarkibida
«iqtisodiy madaniyat», «huquqiy madaniyat», «siyosiy madaniyat», «ekologik madaniyat» va boshqa nisbatan
mustaqil yo’nalishlarga asos bo’lgan. Bu madaniyat yo’nalishlari nisbatan mustaqil bo’lsa ham, bir-birini taqozo
qiladi. Ularning ichki birligi va rivojlanish tendentsiyasi umuminsoniyat tsivilizatsiyasi manfaatlaridan kelib
chiqqan bo’lib, umumiy taraqqiyot darajasiga mos keladi.
Falsafaning bu kategoriyasi bilan «butun», «qism» «struktura», «sistema», «element», kategoriyalari o’rtasida
uzviy bog’liqlik va muayyan farqlar mavjud. Ya’ni «alohidalik», «xususiylik», «umumiylik» narsa va hodisalar
rivojlanish jarayonidagi bog’lanish, aloqadorlik munosabatlarining yaxlitligini nisbatan mustaqil ifodalash
bo’lsa, «butun», «qism», «struktura», «sistema», «element», kategoriyalari esa, ularning makon va zamondagi
bog’lanish munosabatlarini jarayon tarzida ifodalashdir. Shu nuqtai nazardan, butunni – umumiylik, qismni yoki
elementni – alohidalik tarzida olib qarash holatlari uchraydi. Shuningdek, muayyan o’xshashlik bo’lishiga
qaramasdan, sistemani umumiylik tarzida qabul qilish mumkin emas. Bunda sistema turli darajadagi
umumiyliklarning majmui ham bo’lishi mumkin. Umuman, narsa va hodisalarni tarkibiy jihatdan «butun»,
«qism», element»larga ajratish bilishga xos nisbiy hodisa bo’lib, uning samaradorligini ta’minlaydigan zaruriy
shartdir. Shunga ko’ra, yuqorida aytilgan har ikkala kategoriyalar tizimi bilishning bosqichi sifatida emas, balki
usuli sifatida olib qaralishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |