Inkorni dialektik tushunish yangining eski bilan oddiy almashuvi bo’lmasdan, balki eskining bag’rida
vujudga kelib, undan foydalanib, qaror topishini tan olishdir. Dialektik inkorning muhim ikki jihati mavjud:
birinchisi, eskining o’rniga yangining kelishi tabiiy-tarixiy jarayon bo’lganligi uchun taraqqiyotning muhim
sharti hisoblansa; ikkinchisi, u yangini eski bilan vorisiy bog’liq ekanligini ham ifodalaydi.
Inkorni inkor qonunini tushunish uchun uni nega shunday deb atalishini izohlamoq lozim. Falsafaning bu
ta’limotini ikki marta takrorlanuvchi inkorda ifodalanishi olamdagi narsa va hodisalarning doimiy ravishda
o’zgarib, bir holatdan ikkinchi holatga o’tib borishi va oqibatda, rivojlanish uzluksiz ekanligidan kelib chiqadi.
Bu qonunga ko’ra, har bir mavjud bo’lgan narsa va hodisa o’zigacha bo’lgan sifat va miqdor inkor etilishining
mahsuli, shu bilan birga, ana shu narsa va hodisalarning o’zi ham sharoitning o’zgarishi, vaqtning o’tishi bilan
inkor etilishga mahkumdir. Demak, har bir narsa va hodisaning o’zgarishi va rivojlanishi hamisha ikki va undan
ko’proq inkor etishlar bilan amalga oshadi. Insoniyat tarixi – avlodlar almashinuvi tarixidir, deyilganida ham ana
shunday hol nazarda tutiladi.
Inkorni inkorning yana bir muhim belgisi shuki, taraqqiyotdagi davriylikning muayyan halqasida, ya’ni
navbatdagi inkor bosqichida uning oldingi bosqichidagi ba’zi belgilar takrorlanadi. Masalan, don o’simlikdan
yana donlarga aylanadi, keyinroq yana o’simlikka va hokazo.
Inkorni inkorning amal qilishi tufayli taraqqiyot to’g’ri chiziq shaklida emas, doira shaklida bo’ladi, uning oxirgi
nuqtasi boshlang’ich nuqtaga yaqinlashadi. Lekin bu yaqinlashuv uning oxirgi nuqta bilan tutashishi bo’lmasdan,
balki yuqori bosqichda sodir bo’lishi sababli taraqqiyot spiral shaklga ega bo’ladi. Bu spiralning har bir yangi
o’rami oldingi o’ramiga nisbatan yuqoriroq bosqichda yuzaga keladi.
Dialektik inkor yangi bilan eski o’rtasidagi bog’lanishni butkul rad qiladi, deb tushunmaslik kerak. Yangi
qanchalik ilg’or bo’lmasin, u yo’q joydan paydo bo’lmaydi, balki eskining qobig’ida asta-sekin shakllanadi.
Shuning uchun ham ko’p hollarda eskidan yangiga o’tilayotganda eski butunlay tashlab yuborilmaydi, balki
uning ijobiy tomonlari saqlanib qoladi va rivojlanish davom ettiriladi. Demak, yangi bilan eski o’rtasida vorislik
mavjuddir. Inkorni inkor qonuni taraqqiyotda vorislik va qaytariluvchanlikning birligini tavsiflaydi. Dialektik
inkorning muhim xususiyati ana shundan iborat.
Inkorni inkor qonuni mustaqillik va bozor iqtisodiyoti jarayonida ro’y berayotgan hodisalar mohiyatini ilmiy
anglashda katta ahamiyat kasb etadi. Yangi jamiyatni barpo etishga qaratilgan o’zgarishlar hamma narsani
butunlay yo’q qilishni bildirmaydi. Aksincha, bu — xalqimiz taraqqiyoti jarayonida erishilgan ijtimoiy-iqtisodiy,
madaniy, ma’naviy yutuqlarni saqlab qolib, ularni yanada boyitib, rivojlantirishdan iboratdir. Mazkur
jarayonning asosiy tamoyili Islom Karimovning yangisini qurmasdan, eskini buzmaslik lozimligi to’g’risidagi
xulosasida yaqqol o’z asosini topgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |