asosida, ularni maqsadga muvofiq tashkil qilishga qaratilgan. Ya’ni, insonning ob’ektiv reallikni nazariy bilishga
asoslangan: tashkillashtirish, boshqarish, nazorat qilish faoliyatlari samaradorligi va maqsadga muvofiqligi turli
kategoriyalardan unumli foydalanishi bilan xarakterlanadi.
Sistema — narsa va hodisalarning bog’lanishlari, aloqadorligi va munosabatining tartibli tadrijiy rivojlanishini
ifodalaydi. Struktura esa, narsa hodisalar bog’lanishi, aloqadorligi va munosabatlari tizimining makon va
zamondagi birligini ta’minlaydigan sistemaning mavjudlik holatidir. Umuman, struktura (lotin tilida tuzilish,
tartib degan ma’noni anglatib), sistemani tashkil qilgan elementlarning nisbatan turg’un bog’lanish, aloqadorligi
va munosabatidir. Hozirgi mavjud falsafiy qarashlarda strukturani sistemaning aspekti sifatida qarash ustuvordir.
Sistemani tashkil qilgan elementlarning strukturaviy tuzilishi uning mavjudlik holatini hamda rivojlanish
istiqbollarini belgilab turadi. Masalan, tabiatdagi atomlarning tarkibiy tuzilishlari xususiyatlariga qarab, moddiy
olamning xilma-xil ko’rinishlari, DNK yoki RNK larning o’zaro ichki munosabatlari, xromosomalar xilma-
xilligi, tirik organizmlar turli-tumanligi aniqlangan. Ular umumlashgan xolda, moddiy olamning ob’ektiv realligi
tarzida mavjud bo’lsa ham, moddiylikning konkret strukturasiga ega bo’lgan sistemalardir. Borliqni tashkil
qilgan elementlarning munosabatlariga, makon va zamon xususiyatlariga qarab, ularni «ichki struktura» va
«tashqi struktura» ga ajratish mumkin.
Element sistemani tashkil qilgan strukturaning o’zaro bog’lanish, aloqadorlik, munosabat jihatlarini
ta’minlaydigan nisbatan mustaqil tarkibiy qismidir. Jamiyatda element ijtimoiy munosabatlarning konkret
ko’rinishlari tarzida namoyon bo’ladi. Masalan, jamiyatni yaxlit sistema deb oladigan bo’lsak, undagi element
alohida individlar, ijtimoiy qatlamlar, tabaqalarning ongli munosabatlari tarzida ko’zga tashlanadi. Ya’ni,
jamiyatning axloqiy, huquqiy, siyosiy, iqtisodiy va boshqa munosabatlari strukturaviy tuzilishni tashkil qilgan.
O’z navbatida, sistemani to’laligicha bilish, uning stukturaviy tuzilishidagi har bir elementning funktsional
faoliyatini alohida tahlil qilishni taqozo etadi.
Shuni alohida ta’kidlash keraki, insonlarning narsa hamda hodisalarga muayyan manfaatlari va ehtiyojlariga
ko’ra yondashishiga qarab, har bir elementni nisbatan mustaqil sistema sifatida olib qarash mumkin. Masalan,
ma’naviyat jamiyat strukturasida, uni tashkil qiluvchi muhim elementlarning biri hisoblanadi, lekin
ma’naviyatni, maxsus ijtimoiy hodisa sifatida alohida olib tahlil qiladigan bo’lsak, uning ichki elementlardan
iborat mustaqil sistemaligini ko’ramiz. Shunga ko’ra, sistema, struktura va element nisbiy tushunchalar bo’lib,
kategoriyalar sifatida, unga bo’lgan munosabat doirasida konkretlashadi.
Shuning uchun «sistema», «struktura», «element» kabi falsafiy kategoriyalar narsa va hodisalarni bilishga
sistemali yondashish, strukturaviy tahlil usullarining umummetodologik asosi bo’lib hisoblanadi.
Elementlarni sistemani tashkil qilishdagi strukturaviy ahamiyatiga ko’ra: muhim va muhim bo’lmagan, asosiy va
asosiy bo’lmagan elementlarga ajratib o’rganish alohida ahamiyatga ega. Chunki har qanday konkret element,
muayyan sistemada makon-zamon xususiyatlariga ko’ra, o’z ahamiyatiga ega bo’ladi. Biroq, ularning
ahamiyatini, yuqorida ko’rsatilganidek, turkumlashtirish mutlaqo nisbiy hamda shartli xarakterga ega bo’lib,
muayyan manfaatlar va ehtiyojlar asosida yondashishdan kelib chiqadi. Shunga ko’ra, konkret makon va
zamonda sistemani tashkil qilishdagi elementlarning ahamiyati strukturaviy funktsiyasida muqobilliklar vujudga
kelib turishi bilan izohlanadi. Ya’ni, sistemadagi uning xarakterini belgilab turgan muhim element, ma’lum
vaqtga kelib muhim bo’lmagan elementga aylanishi yoki aksincha bo’lishi mumkin.
Umuman, falsafaning sistema, struktura, element kategoriyalari narsa va hodisalarning mazmunini, shaklini
ochib berishda metodologik asos bo’ladi.
Falsafa fanidagi an’anaviy tarzda yozilgan darsliklar, o’quv qo’lanmalaridan farqli o’laroq, bu kategoriyalarni
qiyosiy tahlil qilishimizdan maqsad, boshqa juft kategoriyalarning mazmunini ochib berish imkoniyatini
yaratishdir. Chunki, «mohiyat va hodisa», «mazmun va shakl», «sabab» va oqibat», «zaruriyat va tasodif»,
«imkoniyat va voqelik» kategoriyalarining mazmuni, yuqorida ko’rsatilgan «alohidalik», «xususiylik»
«umumiylik», «butun», «qism», «struktura», «element», kategoriyalari mazmuni bilan uzviy bog’liqdir. Shuning
uchun biz falsafa kategoriyalarini bir-birini taqozo qiluvchi, nisbatan mustaqil bilish usullarining yaxlit sistemasi
tarzida olib qarashni lozim topdik. Lekin, buning uchun har bir kategoriyaning mazmunini alohida tahlil qilish
zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: