www.ziyouz.com kutubxonasi
52
qo‘ygan har bir odamning kallasini sapchadek uzishni istadi. «Kallani sapchadek uzish»
— aytmoqqa oson. Umrida chumchuq so‘ymagan yigit odam bolasiga pichoq ura
olarmikin? Elchin dushmani bilan yuzma-yuz kelganida qo‘llari qaltirashini bilib, o‘zini bu
ishga ruhan tayyorladi. Xayolan yuzlab odamlarning yuragiga pichoq qadadi, kallasini
uzdi. Zelixon qamoqdaligida ko‘zlari chaqchaygan bir yigitni ko‘rsatib «otasining kallasini
arralab tashlabdi, hayvon» deganida Elchin bir necha kun davomida dushmanlariga shu
jazoni ravo ko‘rdi. Xayolan arralaganda ularning dod-faryodlari orasida arra tishlariga
dosh berolmagan suyaklarning qirtillaganini eshitib o‘zi ham seskanib ketdi. Keyin
«uyimga kirganlarning turqi balki shu yigitga o‘xshagandir», deb o‘ylab dushmanlarini
shu ko‘zlari chaqchaygan timsolida ko‘ra boshladi. Ana shunda ko‘krakka pichoq qadash
qo‘lidan kelmasligiga fahmi yetib, Zelixonga suyanishni o‘yladi. Zelixon odam o‘ldirish,
degan tushunchadan yiroq edi. Iloji bo‘lsa birovning burnini qonatmasam, derdi. U «aql
ish bermagan yerda qon to‘kiladi», deb hisoblardi. Zelixon faqat o‘z aqliga ishonadi.
Qamoqdan keyin uchrashishib qasos haqida so‘z ochilganida u «yo‘lbarsni bir o‘q bilan
o‘ldirishning qizig‘i yo‘q, uni yaralab, o‘kirtirib lazzat olish kerak», dedi. Bu gap Elchinga
moydek yoqqan, hozir shuni o‘z tili bilan Zelixonga qaytarmoqda edi.
Zelixon ro‘parasida o‘yga cho‘mib qolgan bu yigitni nima uchun yoqtirib qolganini o‘zi
ham bilmaydi. Elchin istarali yigit, desak, Zelixon bunaqalarni ko‘p ko‘rgan, musofirlikda
ikki musulmon farzandi bir-biriga suyandi, desak, qamoqda boshqa musulmonlar ham
bor edi. Zelixon begunohlarga xayrixoh edi, desak, qamoq faqat gunohkorlarninggina
boshpanasi emas, ko‘zlariga «men nima uchun bu azoblarni tortyapman?» degan savol
muhrlanib qolgan mahbuslar ko‘p uchrardi. Zelixon qamoq, ayriliq azoblariga chiday
olmasdan ho‘ng-ho‘ng yig‘lovchi erkaklardan nafratlanardi. To‘g‘ri, yig‘i erkakka xos
husn emas. Ammo, Zelixon ularning dardini his qila olmas edi. Na farzandi, na tayinli
xotini, na tayinli qarindosh-urug‘i bo‘lgan odam sog‘inch hissini tuyishi mumkinmi?
Elchinda Zelixonni nafratlantiradigan narsa yo‘q edi — Elchin o‘zining begunohligini
ko‘rsatishga harakat qilmas, nolimas edi. Bu yigitning mushtdek yuragini qoyadek dard
bosib turganini Zelixonning sinchkov nigohi ilg‘adi. Zelixon dardini yashira oladigan
odamni yaxshi ko‘rardi. Hasratini har kimga to‘kib soluvchi erkakdan do‘st chiqmaydi,
deb ishonardi.
Zelixon Elchindan qasos haqidagi gaplarni birinchi marta eshitganda sergaklandi. U
mushtdek yurakni qoyadek dard bosib turibdi, deb yursa, bu vujudda vulqon kuch
to‘playotgan ekan. Vulqon otilsa hammayoqni barbod qiladi. Biroq otilgan choqda
bahaybat tog‘larni poralab tashlagani kabi ko‘krakni ham, alamli yurakni ham tilka-tilka
qilib yuboradi. Zelixon aynan shundan xavotirga tushdi. Qamoqda yurib hamma narsani
o‘rgandim, degan bu go‘dak (Zelixonning oldida Elchin bir go‘dak edi) birinchi
to‘qnashuvdayoq nobud bo‘lishi aniq edi. Zelixon bu katta shaharga begona, bu
tomonlarda rizq terib yeyish unga nasib bo‘lmagan, qamoqda. Elchinning targ‘ibotidan
keyin shu yerlarda yurgan edi. Qimorbozlikdan ish boshlab juda katta to‘daga bosh
bo‘lgan, eng muhimi, biron marta bo‘lsin qo‘lga tushmagan Asadbekning kimligini u
yaxshi bilmas edi. Asadbek to‘g‘risida yurgan gaplarga ishonmagan taqdirda ham,
shahar hokimiga nisbatan ko‘proq mavqega ega bo‘lgan bu odam ahmoqmasdir, deb
qo‘ygan edi. Zelixon avvaliga Elchinni bu yo‘ldan qaytarmoqchi ham bo‘ldi. U dunyoda
uch narsa ochiq ko‘zni ko‘rmaydigan qilib qo‘yadi, deb hisoblardi. Bu — muhabbat o‘ti,
qasos o‘ti va boylik o‘ti. Zelixon muhabbat o‘tida yonmagan. Biron-bir qiz ishqida
o‘rtanmagan. Muhabbat muammosi to‘shakda bir necha daqiqada hal etiladi, degan
aqidaga amal qilib yashagan.
U boylik o‘tidan ham qo‘rqmaydi. Chunki u o‘g‘ri bo‘lgani bilan, hech mahal boylik
to‘plashga urinmagan. Yashashi uchun aqchasi bo‘lsa bas, boshqalarday dang‘illama
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |