www.ziyouz.com kutubxonasi
53
imoratu orzu-havaslarga berilmagan. Shu yoshga kirib hali o‘z uyi bo‘lmagan. Cho‘ntak
bo‘shab qolgan taqdirdagina «ov»ga chiqqan. Hatto qo‘lga tushib qamalib ketsam,
chiqqanimda asqotadi, deb jamg‘armagan ham.
Qasos o‘ti bolaligida bir yonganu bobosining sa’y-harakati bilan o‘chirilgan edi.
3
Urush chechenlar yashaydigan qishloqlardan uzoqroqda bo‘lsa ham uning sovuq nafasi
ufurib turardi. Qishloqqa qoraxatlar bilan birga noxush mish-mishlar ham yetib kelardi.
Mish-mishlar oqibatda haqiqatga aylanib butun qishloq bir kechada issiq uylardan
haydab chiqildi. Bir hafta burun Zelixonlarnikiga qoraxat kelib aza ochilgan edi. Olti
yoshga to‘lgan bola dam onasiga qo‘shilib yig‘lardi, dam bobosiga qo‘shilib qo‘lini
fotihaga ochardi. U nima uchun aza ochilganini tushundi — otasini fashistlar o‘ldirgan.
Endi qotillarni kechirish mutlaqo mumkin emas! Zelixon — endi xunxo‘r! Tomirlarida
chechen qoni oqayotgan olti yoshli bola ajdodlar qonunini bilardi. Unga na onasi, na
bobosi «o‘ch ol!» dedi. Bu gapni uning yuragi aytardi. Shunga aqli yetgan bola nima
uchun uyqudan uyg‘onishganini, ikkita tugunni orqalab tun bo‘yi yo‘l yurishganini, so‘ng
poezdga chiqishganini bilmadi. Birov «fashistlar yaqin kelib qolishibdi, bizni
asrashyapti», dedi. Bundan Zelixon ajablandi: fashistlar yaqin kelsa yaxshi-ku! O‘ch
olish imkoni tug‘ilgan ekan-ku?! Yana birov: «Ichimizdan sotqin chiqibdi, hammamiz
shuning kasofatiga qolibmiz», dedi. Zelixon bunga ham ajablandi: qanaqa sotqin, nimani
sotadi, qishloqda sotadigan nima bor?..
Uzun kechalar yo‘l yurib, nihoyat bir qishloqdan panoh topishdi. Uning ko‘ngli, ko‘zlari
tog‘larga, cho‘qqilarga o‘rgangan edi. Bu qishloq tog‘dan ancha uzoq ekan. Ammo bobosi
ham, onasi ham shukr qildilar. Bir dehqon uyining yarmini bo‘shatib berdi. Devor o‘rniga
eski sholcha tortib yashayverishdi. Yetti yot begonaga ham muruvvat ko‘rsatuvchi imonli
odamlarga uchratgani uchun bobosi Ollohga shukrlar qildi. Yaxshiyam, bobosi turkchani
bilardi, bo‘lmasa kunlari imo-ishora bilan gaplashishga qolarmidi...
Zelixonning onasi betoblanib, ikki kungina yotdi. Uchinchi kuni uzildi. Bobosi dono edi.
Ortiqcha kiyim-boshni qo‘yib, o‘limligini olvolgan ekan, o‘ziga emas, keliniga nasib etdi.
Uch yil oralatib o‘zi qaytish qilganida kafanlikni shu uy egasi topib berdi.
Bobosi bir oydan ziyodroq yotdi. Uning umri tugagan, bu hayotdan nasibasi qirqilgan
edi. Biroq, Xudoga yolborib yana bir-ikki oy umr so‘rardi. Begona yurtda g‘irt yetim
bo‘lib qolayotgan nabirasini ozgina bo‘lsa-da, oyoqqa qo‘yib omonatini topshirsa, ko‘zi
ochiq ketmas edi. Nasiba qirqilsa, banda chorasiz ekan. Bobosi to so‘nggi nafasi
chiqquncha Zelixonga nasihat qildi. So‘nggi kechada, so‘nggi kuchini jamlab bir gap
aytdi:
— Bolam, biz chechenlarmiz! Unutma! Chechenlar hech qachon o‘zlarini xor qilib
qo‘ymaganlar. Sen hech qachon nomardlarga bo‘yin egma! Ammo yaxshilik qilganlarni
umring ado bo‘lguncha boshingda ko‘tarib yur. Sen o‘z nomusing uchun jang qilmasang,
kechiraman. Lekin senga yaxshilik qilgan o‘zbeklarning nomusi uchun jon bermasang,
rozi bo‘lmayman. Olloh ham seni kechirmaydi, bilib qo‘y! O‘zbeklar ham biz kabi
xorlangan ekan, vaqti kelsa joningni ayama...
— Bizni xo‘rlaganlardan qasos olaman! — dedi Zelixon. To‘qqiz yoshli chechen bolasining
tomirida qasos qoni ko‘pirishi uchun yetarli asos bor edi. Bobo buni bilardi va shundan
qo‘rqardi. Qasos o‘ti bolaning ko‘zini ko‘r qilib halokat jari tomon yetaklashi
muqarrarligini bilgani uchun ham qo‘rqardi.
— Zinhor! — dedi bobo, keyin ko‘zlarini yumib tin oldi. U xo‘rlikni kechira olmaydigan
chechen edi. Ayni choqda, musulmon ham edi. Cholning urishdan to‘xtay deb turgan
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |