www.ziyouz.com kutubxonasi
50
kavlashtirganida ahmoq bo‘lardi.
— Biz mo‘ljalni aniq oldik, muhimi — shu!
— Aniqlikka aniq, lekin sen yo‘lbarsning peshonasini mo‘ljalga olmading-da. O‘qing
qovurg‘asini yalab o‘tdi. Endi yarador yo‘lbarsdan qo‘rqishing kerak.
— Menga uning o‘limi emas, yaralanib, azoblanib o‘kirishi kerak. Bir o‘q bilan o‘lishining
keragi yo‘q.
Zelixon Elchinning yelkasiga qo‘l tashladi. Uning odati shu — mehri tovlanib ketsa,
shunday qiladi.
Elchin Sibirdagi lagerga ko‘chirilganda, hali «o‘qilon»ning ovozasi yetib kelmay turib, shu
Zelixonning panohida jon saqlagan edi. O‘zbekistondan kelgan, bo‘sh-bayov ko‘ringan
bu yigitni dastyorga, aniqrog‘i, qulga aylantirmoqchi bo‘lgan zo‘ravon mahbuslar
Zelixonning «bu mening zemlyagim» degan gapidan keyin tinchishdi. «Senam
musulmonsan, men ham musulmonman. Yonimda yur», degan gapi Elchinga «Men
akangman» deganday tuyuldi. Cho‘ntakkesarlikdan ish boshlab, katta xazinaga hujum
qilishgacha borib yetgan Zelixon turmalarning ham, mahbuslarning ham turli toifasini
ko‘rib ko‘zi pishgan edi. U Elchinning birinchi marta qamalganini yurish-turishidanoq
bilgan edi. To Elchinning o‘zi aytib bermagunicha qamalishi sababini so‘ramadi. Elchin
Sibirda yurganlarida to‘g‘ri gapni yashirdi. Haqiqatni keyinroq, qamoqdan chiqqach
aytdi. Rejasini amalga oshirish uchun ishonchli, mard odamlar kerak edi. Eng ishongani
Zelixon bo‘lgach, undan haqiqatni yashirolmasdi.
— Senga bir qarashdayoq yuragingda o‘ch borligini sezganman. Erkakning o‘ch olishi
yaxshi. Chechenlar yomonlikni hech qachon kechira olmaydi. Biz mayda-chuyda
gaplarga o‘ralashmaymiz. Qasos yaxshi narsa. Dunyoning lazzati shu qasosda. Sen
qasos olib mazza qilsang, men ham mazza qilaman. Ammo mensiz bir qadam ham
bosmaysan. Sen atak-chechak qilayotgan bolasan. Men bu olamda yugurib yurib katta
bo‘ldim. Qaysi teshikda ilon, qaysi teshikda chuvalchang yotishi menga aniq.
Chindan ham Zelixon biz jinoyatchi deb ataydigan odamlar olamining pastu balandini
yaxshi bilardi. Birinchi marta cho‘ntak kesganidan to so‘nggi xazinani urganiga qadar
yagona aqidaga amal qiladi — u faqat o‘zigagina ishonadi. Sheriklariga «Men hatto
o‘zimga ham ishonmayman!» derdi. Bu gapida ham jon bor edi. Zelixon yolg‘iz ishlashni
yoqtirardi. Lozim bo‘lganda bir-ikki sherikka suyanardi. Uning qoidasiga ko‘ra, sheriklar
ko‘paygani sayin ishning muvaffaqiyatli yakunlanishiga ishonch kamayib, aksincha,
xoinlik uchun sharoit ortib boradi. «Ish taqdirini kuch emas, aql hal etadi». Zelixon faqat
shu qoidani tan olardi. Elchin qasos haqida so‘z ochib, odam to‘plashni taklif etganida
Zelixon «uch kishi yetarli» dedi. Jinoyatchilar olamining to‘s-to‘polonini chiqarmoqchi
bo‘lgan Elchin bu gapdan hayratlandi. U atrofiga kamida yuz kishilik lashkar
to‘plamoqchi edi. «Yuz kishi» degan gapni eshitib, Zelixon kulib qo‘ydi. Keyin shu
bolaning sazasi o‘lmasin, deb besh kishiga rozi bo‘ldi. «Qancha odam kerak bo‘lsa, keyin
sotib olaveramiz», deb ko‘nglini tinchitdi.
Zelixon o‘ttiz yildan ortiq ot surib yurgan bo‘lsa, uch marta qo‘lga tushgan. O‘smirligida
bir yarim yil, so‘ng uch yil, oxirgi marta besh yilga kesilgan edi. Birinchisida ayb o‘zida,
tan oladi. Qolgan ikkitasi sheriklarining landavurligi tufayli bo‘ldi. Barcha qilgan
jinoyatlarini qamoqdagi kunlariga taqsimlab chiqilsa har bir ishi uchun besh-o‘n daqiqa
o‘tirgan hisoblanardi.
Zelixonning laqabi «akademik» edi. Bunga sabab — u puxta o‘ylab olib, so‘ng ishga
kirishardi. Uning boshqalardan farqi — odamlar ruhiyatini albatta hisobga olardi. Lozim
bo‘lganda katta idoralarga boshqa bir idora boshlig‘iday bemalol kirib chiqaverardi. Eshik
og‘zidagi soqchiga kiborlik bilan so‘z tashlab, «ha, o‘tiribsanmi» deb kirib ketaverardi.
Elchin uning bu «fazilati»ni shaharda uchrashganda bildi. Bir kuni Zelixon mashinasini
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |