www.ziyouz.com kutubxonasi
107
bo‘sh edi, biroq, qimirlashga, o‘zini himoya qilishga qurbi yetmasdi. Qimirladi, degunicha
ingichka silliq kanop bo‘g‘ardi. U ajali yetganini sezdi. U Asadbek qahriga uchrab,
badarg‘a bo‘lganida ajablangan edi. Elchin «xotinimni o‘zim o‘ldirganman», deb qamalib
ketdi. Asadbekning sha’niga gard yuqadigan gap bo‘lmadi. Elchinning tanobini tortib
qo‘yishni Asadbekning o‘zi buyurgan edi. Tanobni sal qattiqroq tortibdi, shunga
shunchami? Ha, endi qaymoqday narsa ekan, to‘yib yemasa ham yalab ko‘rishi
kerakmidi? Xotinni qimorda halol yutib olganidan keyin hushiga kelganini qiladi-da!
Jalolshilimshiq Asadbekka sodiq edi. Asadbek ham uni qadrlardi. Xo‘jayinni qaysi
shayton yo‘ldan urdi, Shilimshiq bilmaydi. Bitta otarchining xotini deb badarg‘a qilib
yuborganiga sira aqli yetmaydi. U Rusiyaning sovuq shaharlarida nasibasini terib yurgan
chog‘larida ko‘p o‘yladi, turli taxminlarga bordi. O‘zi uchun eng ishonchlisi —
«otarchining qaymoqdekkina xotini Bek akamning suyukli o‘ynashi ekan-da, shunga
chidolmadilar», degan taxmin edi. Shilimshiq surgun muhlatini bilmas edi. Musofirlikda
rizqini qiynalmay terib yurgani uchun ham «Vatan hajrida kuyib yonish», degan hislar
unga begona edi. Yangi yil ayshini surib yurganida Bek akasining yo‘qlaganini bilib, bir
quvondi, bir ko‘ngli g‘ashlandi. Unga yap-yangi taksining kalitini tutqazib: «Bu «Volga»
o‘z-o‘zingga, aqling bo‘lsa bitta moshinani shaxsiy taksoparkka aylantirasan. Noshudlik
qilsang, chorig‘ingni sudrab yuraverasan», deyishdi. Picha aqcha ham berishdi. U
bundan xursand bo‘ldi. Biroq, Asadbek bilan ko‘rishmagani yuragiga g‘ulg‘ula soldi.
«Gunohim shunchalar ko‘p ekanmi, Bek akamning ko‘rgilari yo‘q», deb ko‘p tashvish
chekdi.
Bo‘yniga silliq kanop tashlanganida ham taqdir yozug‘idan bexabar edi. Kavkazlik
boyvachcha yigitlarning bu qilig‘idan hayron bo‘ldi. «Moshinani olinglar, yonimdagi pulim
kamlik qilsa, yana topib beraman», deb yalindi. Yigitlar gapga tushunmaganday beparvo
turaverishdi. Yana «Yigirma ming beraman», dedi. Ellik mingga ham chiqdi. Latifa aytib
kuldirib kelayotgan yigitlar esa tund holda o‘tiraverishdi. Havorang «Jiguli» to‘xtab,
undan tushgan Elchinni tanidi-yu, taqdirga tan berdi!
— Elchin, ayb menda emas! — deb baqirdi jonholatda.
Elchin indamadi. Asta-asta bosib, o‘ljasiga yaqinlashdi. U hali o‘ljasini bir zumda
bo‘g‘izlab tashlaydigan vahshiy kepatasiga kirmagan edi. U hatto bir oz hayajonlanardi
ham. O‘ch olishga bunchalik oson erishaman, deb o‘ylamagandi. O‘ljaga tashlanish
uchun vujudidagi hayajon uchqunini vahshiy alangaga aylantirishi lozim edi.
Ro‘parasidagi odam — Asadbekning qizi emas. Hozir bo‘lmasa bir soatdan keyin yoki
ertaga amalga oshiriladigan ish ham emas. Cho‘ntakdan pichoqni hozir olishi shart,
erkakligini ham hozir kesib tashlaydi. So‘ng... azobdan o‘kirayotgan paytda Noilani
quchgan panjalarini shu pichoq bilan chopib, uzadi. Hammayog‘i qonga belanib
to‘lg‘anayotganida, joni chiqay deganida yuragiga pichoq sanchadi. Sanchadi-yu,
sug‘urib olmaydi...
— Elchin, ayb menda emas, Xudo ursin!
— Ayb kimda?
— Baliq boshidan sasiydi. Asadbekning ishi bu.
— Sen-chi?
— Men poyloqchilik qilganman.
— Jingalaksoch-chi?
— Jamshidmi? Uyam kirgan... oxirida.
— Kim o‘ldirgan?
— Jamshid.
— Yana kim bor edi?
— Kesakpolvon...
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |