www.ziyouz.com kutubxonasi
110
hech kim Jalol Komilovni eslolmaydi. Komilovni hatto brigada boshlig‘i ham tanimadi. Bu
Zohid uchun ajablanarli hol emas edi. Chayqovchi yoki imorat ustalari mana shunday bir
yerga ilinib olishadi. Birov surishtirsa — ishlaydi, «jamiyatning faol a’zosi». Shunday
qilinmasa, «tekinxo‘r» degan tavqi la’natga qolishadi. Zohidga bir narsa qorong‘i— kim
bu, Komilov, chayqovchimi, imorat ustasimi... Yo boshqa bir firibgarmi?
3
Zohid Jalolshilimshiqning uyini qiynalmay topdi. Xalqda «dvoryanlar uyasi» deb nom
olgan, ikki qavatli g‘ishtin uylardan biri Komilovlarga tegishli edi. Otasi olti yil
muqaddam bu dunyo tashvishlaridan qutulib ketgan ekan. Onasi — ellik yoshlarga
borgan, faqat bu dunyo bilan emas, balki go‘zalligi bilan ham xayrlashishga
shoshilmayotgan ko‘hlikkina ayol edi. Dahlizda kiyim ilgich yonida ikkita pastak kursining
biriga Zohid o‘tirdi. Ikkinchisini mezbon egallab, «eshitaman», deganday qoshlarini
chimirdi.
— Jalol Komilov sizning o‘g‘lingizmi? — deb so‘radi Zohid.
— Ha... shunaqa desa ham bo‘ladi, — dedi ayol, chimirilgan holda.
— Tushunmadim, — dedi Zohid, — o‘gaymi yo boqib olganmisiz?
— O‘zimniki... o‘zim tuqqanman. Lekin meni tashlab ketgan. Tirikmi yo o‘likmi,
bilmayman, — ayol afsuslanganday xo‘rsindi. — Ochig‘i, qamoqdadir deb yuruvdim.
Surishtirib yurganingizga qaraganda endi qamalsa kerak? U... qaysi statya bilan
ayblanayapti?
Zohid uning savoliga javob bermadi. Ayolning gaplaridan g‘ashi kelganini yashirmay,
savolga tutdi:
— Uni oxirgi marta qachon ko‘rgansiz?
— Esimda yo‘q. Harholda o‘n yildan oshdi. O‘zi unga nima bo‘ldi, aytsangiz-chi?
— O‘n yil davomida «o‘g‘lim qaerda ekan», deb qidirib ko‘rmadingizmi?
— Qaerdan qidiraman?
Ayol: «O‘g‘lim sha’nimga dog‘ tushirdi, katta mansablarni egallab o‘tirgan odamning
bolasi o‘g‘ri, sayoq bo‘lishi mumkinmi? U emas, men undan tonganman. Yo‘qolib
ketganidan hatto mamnun edim», desa haqiqatni aytgan bo‘lardi.
Jalolshilimshiq qamalganida ayolning ko‘ziga dunyo qorong‘i ko‘rinib ketdi. O‘sha
damlarda el og‘asi Ayolning husnini e’tibordan chetda qoldirmay, «feodalizm sarqitlariga
ayovsiz kurash ochib, ayollarni rahbar vazifalarga dadil ko‘tarish» masalasini hal
qilayotgan edi. Bu masalaning yechimi ijobiy hal bo‘ldi, o‘g‘li ham qamoqdan qaytarildi,
ammo to‘g‘ri yo‘lga qaytmadi. Qaytishi mumkin emas ham edi. Harom ishlar
bandalardan pinhon tutilishi mumkin, ammo shayton yetaklab borayotgan bandaning
har bir odimi o‘lchog‘li, har bir nojo‘ya qadami uchun jabr tortishi aniq.
Ikkinchi bolasini oldirib tashlagan, qornini mahkam bog‘lab yurib qad-qomatini saqlab
qolgan Ayol onalik baxtini asrab qololmadi. O‘g‘li ketar mahalida «Men sizlardan
nafratlanaman, sizlar nopok odamsizlar!» demadi. Jalolshilimshiq bunday yuksak
tuyg‘ulardan yiroq edi. «Men qanday xohlasam, shunday yashayman, ishingiz
bo‘lmasin», dediyu g‘oyib bo‘ldi. Er-xotin orasida mashmasha qo‘zg‘olganida Ayol eriga
shunday derdi. Buni qo‘shni xonada yolg‘iz o‘tirgan Jalol eshitardi. Uydan chiqib
ketayotganida Jalol buni piching tarzida aytmadi. Ayol «o‘zimning gapim bilan o‘zimga
tarsaki urdi», deb ham qayg‘urmadi. «Mayli, o‘zicha bir yashab ko‘rsin. Burnini tortib,
chorig‘ini sudrab qaytib keladi», deb ishondi. Kutgani bo‘lmadi. «Davlat ahamiyatiga
molik ishlar»ga sho‘ng‘ib ketib, o‘g‘lini ko‘pam eslamadi. Hatto uyini o‘g‘ri urib
ketganidan keyin ham yodga olmadi. O‘g‘riboshi o‘g‘li ekani ham xayoliga kelmadi. Milisa
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |