www.ziyouz.com kutubxonasi
109
iztirobda ekani» inobatga olinib, qamoqdan barvaqt bo‘shatilgan. Bu «odobli bola»
shundan beri militsiya nazariga tushmagan. Bu «mehnatsevar bola» yigirma yildan beri
bir joyda — shahar xo‘jaligida ko‘cha supuruvchi bo‘lib ishlardi. Ota-onasi durustgina
yerlarda xizmat qiluvchi yigitning ko‘cha supuruvchi — farrosh bo‘lib ishlashi ajablanarli
edi.
Zohid shu savolga javob topmoq istagida shahar xo‘jaligi idorasiga borib, besh lo‘li
xotinning qabulxonada boshliqni qiyin-qistovga olayotgani ustidan chiqdi.
— Bizne birgotga begonalarne qo‘ysangiz, cho‘ltoq supurgingez boshingizga qolsen.
— Bo‘sh joyga biz aytgon xotunne olasizme yo yo‘qme? — dedi ularning biri, boshqalari
ham aynan shu gapni chuvillab qaytarishdi. Boshliq ularning fe’lini yaxshi bilgani uchun
tinchitishga harakat qilmadi. Lo‘li xotinlar javob kutib o‘zlari tinchishgach:
— Erta-indin tug‘adigan xotinni ishga olmayman. Ketsalaring ketaverlaring, shtatni
qisqartiraman. Boshqalarning maoshini oshiraman, qaytaga yaxshi, — dedi.
— I-i-bi... Xo-o... ishtotne qisqortirsangez biz sizne ishtoningizne qisqortamez-a, aka
Rasul omon bo‘lsalar bizne ko‘chaga tashlob qo‘ymaylar. Sovetskiy vlast borme
o‘zingizga. O‘sha xotunne ishga olasez. Ha, xotun bo‘lgondan so‘ng to‘g‘odi-da. Siz
xotun bo‘lgoningizda o‘zingiz ham tug‘ar edingizme?
Xotinlar biri olib, biri qo‘yib shang‘illayverishdi. Boshliq temirdan ekan, hammasiga
chidadi. Oxiri qiziq tomoshaga guvoh bo‘lib o‘tirgan kotibasiga qarab baqirdi:
— Buyruq yozing: o‘n yetti kishidan iborat komissiya Qatorterak, Utyujniy,
Magnitagorskiy, Zeleniy ko‘chalarini borib tekshirsin. Ko‘cha iflos bo‘lsa, bularning
hammasi haydalsin! Qirq yettinchi statya bilan bo‘shatilsin, ha!
Lo‘li xotinlar bir-birlariga savol nazari bilan qarashdi. Ular «qirq yettinchi statyaning»
nima ekanini bilishmas edi. Boshliq shuni tilga olib, po‘pisa qildimi, demak, bir gap
bordir, deb cho‘chishdi. Avvalgiday chuvillashmasdan qabulxonadan chiqib ketishdi.
Boshliq qilgan ishidan mamnun bo‘lib kotibasiga jilmayib qo‘ydi-da, xonasiga yo‘naldi.
Shunda eshik oldida turgan Zohidga ko‘zi tushib «Menda ishingiz bormi?» deb so‘radi.
Zohid o‘zini tanishtirgach, birdaniga chehrasi muloyimlashdi-da, qo‘shqo‘llab
salomlashdi. Salomlashish manzarasini chetdan kuzatgan kishi Zohidni aziz mehmon,
boshliqni esa bu aziz mehmonni orziqib kutgan va nihoyat, umidi ushalgan baxtiyor
mezbon deb o‘ylashi mumkin edi.
— Ishingiz og‘ir ekan, — dedi Zohid ichkari kirgach.
— E, nimasini aytasiz, — dedi boshliq, o‘ziga-o‘zi achinib. — Qon qilib yuborishadi.
Boshliq Jalol Komilovni eslay olmadi. Qog‘ozlar titkilanishi lozim bo‘ldi. Hujjatlar qoidaga
amal qilingan holda tartibli edi. Ishga qabul qilingach, «mehnatsevar», «kollektivda
obro‘-e’tiborga ega» bo‘lgani uchun doimiy ravishda pul mukofotlari berilib turilgan.
Komilovning mehnatdagi yutuqlari ta’riflangan satrlarni o‘qib, Zohid «bu yutuqlar uchun
yuz so‘m kamlik qilar, birato‘lasi Sotsialistik Mehnat Qahramoni unvoniga taqdim
etaverishmagan ekan-da», deb qo‘ydi. Jalol Komilov maoshini ham vaqtida kanda
qilmay olib turgan. Agar hujjatga shak keltirilmasa, u kecha, o‘limidan so‘ng ham kelib
maosh olgan. Zohid «balki arvohlarga ham pul zarur bo‘lib qolgandir», deb o‘ylab,
hujjatlarni boshliqqa uzatdi:
— Kollektivda obro‘si baland ekan-u, kollektiv bu baobro‘ odamning o‘limidan bexabar
qolibdi-da, a?
Boshliq xijolat bo‘lganday boshini egdi:
— Kadrlar bilan o‘rinbosarim shug‘ullanadi. Bexabar qolibman, uzr.
O‘rinbosar buyragidagi toshni tushirish uchun Ukrainaga davo istab ketgan ekan.
Zohidga ayrim sirlarni shu odam ochib berishi mumkin edi. Chunki Jalolshilimshiqni shu
o‘rinbosar ishga qabul qilgan, doimiy ravishda rag‘batlantirib turgan. Idora xodimlaridan
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |