www.ziyouz.com kutubxonasi
111
chaqirtirmadi, iskovich it uyini hidlamadi. U «shuncha boylikni qaerdan to‘plagan
edingiz» degan savoldan cho‘chidi.
Yillarning beshafqat panjalari sochlarini oqqa bo‘yab, ko‘zlari atrofiga ajin torta boshladi.
«Feodalizm sarqitlariga qarshi kurashayotgan» el og‘asi «yangi rahbar kadrlar» bilan
band edi.
Ayol erini dafn etgach, yolg‘izlik degan dardning nima ekanini totib ko‘rdi. Kechalari
qo‘rqadigan bo‘ldi. Bu azoblardan qochish uchun xizmat safariga ko‘p chiqa boshladi. Bu
harakat «ishga sidqidildan berilish», deb baholandi.
Zohidning omadi bor ekan. Ayol safardan qaytganida uni uchratdi. Zohid bu voqealardan
bexabar, ammo onalik tuyg‘usidan mahrum ayollar u uchun yangilik emasdi. Jinoyat
qidiruv bo‘limida xizmat qilib yurganida aksar o‘g‘ri bolalarning onalari shunday edi.
Biroq, ro‘parada qoshlarini chimirib o‘tirgan chiroyli ayol ulardan farq qiladi. O‘g‘ri
bolalarning onalari arog‘ini ham yashirmay ichardi, fahsh ishlarini ham ochiqchasiga
qilardi. «Uyat emasmi?» deyilguday bo‘lsa, «Badan meniki, istagan odamga, istagan
pulga sotaman, nima ishing bor!» deb dangalini aytib qo‘ya qolishardi.
Jalolshilimshiqning onasi esa o‘zini farishtaday pokiza qilib ko‘rsatadi. «Pokizalik,
odamiylikning yuksak normalari» haqida ma’ruzalar qiladi. Odamlar ma’ruzalarini
eshitib, qarsaklar chaladilar...
— Qaerdan qidirishingizni bilmasmidingiz?
— Menga qarang, uka, bunaqa ilmoqli savollarni boshqa odamlarga tashlang. Sizga
ruxsat, — ayol shunday deb o‘rnidan turdi.
— O‘g‘lingiz... Jalol Komilov ikki kun avval o‘ldirilgan... vahshiylarcha o‘ldirilgan, — dedi
Zohid, keyingi gapiga ataylab urg‘u berib.
Bu gap ayolning onalik tuyg‘usini qitiqlab uyg‘otdi. Biroq kul ostidagi cho‘g‘ alanga
olmadi. Chunki ayol yuksak madaniyat sohibasi edi. Bu gapdan dahshatga tushmadi,
uvvos tortib yig‘lab yubormadi. Indamay burildi-da, katta xona tomon yurdi. Qiya ochilib
qolgan eshikdan cho‘g‘dek qizil gilamning, oltin rangli mato qoplangan divanning bir
cheti ko‘rindi. Ichkarida gugurt chaqildi — Ayol sigaret tutatdi. Yuksak madaniyatli ayol
Zohidda nafrat uyg‘otdi. U chiqib ketaversa ham bo‘lardi, ammo ko‘ngilga bir shumlik
oralab, ayolning chiqishini kutdi. Ayol hayallamadi, qo‘lida tutayotgan sigareti bilan
chiqdi:
— Kim o‘ldiribdi, ushladinglarmi? — dedi titroq ovozda. U dardga berilgan holda ham
hokimalik minorasidan pastga tushmagan edi.
Zohid savolga javob bermay, cho‘ntagidan surat chiqarib Ayolga berdi. Ayol daraxtga
osib qo‘yilgan yalang‘och murdani tanidi. Shu nafasda yuksak madaniyat chekindi,
hokimalik minorasidan tushib, oddiy ayolga aylandi — ko‘z oldi qorong‘ilashdi. Zohid
behush ayolni ko‘tarib, hashamatli xonaga kirdi. Uni divanga yotqizib, oshxonadan suv
olib chiqib yuziga sepdi. Ayol seskanib, ko‘zini ochdi. Zohidga uzoq tikildi-da:
— Berahm ekansan, — dedi pichirlab. Keyin buyurdi. — 33-19-23 ga telefon qil, tez
yordam yetib kelsin.
Zohid «bu madaniyat sohibasi yana o‘lib qolmasin», deb aytganini bajo qildi. «Tez
yordam» Zohidni hayratga solib, tezlik bilan yetib keldi. Oq xalatli to‘rt ayol birdaniga
kirib kelib, gap-so‘zsiz tez ishga kirishib ketishdi. Zohid ularning harakatlarini kuzatib,
bu uyga tez-tez kelib turishlarini angladi. Birpasning o‘zida yurak urishi tasmaga
tushirildi. Emlandi... «Shunaqa imtiyozlar borligi uchun ham odamlar mansab
talashishadi-da», deb o‘yladi Zohid.
— Bir oz charchabsiz, o‘tib ketadi, — dedi do‘xtir xotin.
— O‘tib ketishi qiyin. Bu safar yomon keldi. Hushimdan ketib qoldim. Statsionarga
yotmasam bo‘lmaydi.
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |