www.ziyouz.com kutubxonasi
114
2
O‘tirsa ham, tursa ham Elchinning ko‘z oldiga o‘ljasi kelaverib, uyqusi qochdi. Ko‘zlari
kirtayib, og‘ir xastalikka uchragan odam kepatasiga tushdi. Qasos yuragiga lazzat emas,
azob berajagini u o‘ylab ham ko‘rmagan edi. Baxtiga Zelixon bor ekan, yolg‘izlatmadi.
Yo‘qsa, jinni bo‘lib qolishi hech gapmas. Ikki marta Anvar keldi. Tog‘asining chordog‘idan
nimanidir topganini aytdi. Elchin bu gaplarni eshitadigan ahvolda emas edi — parvo
qilmadi. O‘zi Anvarni bir yo‘qlab bormadi.
Zelixon tongda bir yumush bilan chiqib ketayotganida Elchin deraza yonida xayolga
cho‘mib turgan edi. Ikki soatdan keyin qaytib kelib qarasa, yana shu ahvolda turibdi.
— E, oshna, juda oshirvording, — dedi u, Elchinning yelkasiga yengil musht tushirib. —
Ko‘zingni och, erkak! Tvarlarga o‘xshab qolma.
Elchin xazin jilmayib, sherigiga qaradi.
— Bu dunyoda hamma tvar, — dedi.
— Menga qara, senga faylasuflik hecham yarashmaydi. Sen buyuk odamsan, lekin
faylasuf emassan, — Zelixon shunday dedi-da, uning belidan quchib, mahkam siqdi. —
Sen mishiqi bolasan. Bilib qo‘y, men mishiqilarni yomon ko‘raman. Erkakmisan,
chotingda bezing bormi, erkakka o‘xshab yur.
— Zeli og‘a, siz meni tushuna olmaysiz, — dedi Elchin, uning quchog‘idan bo‘shagach. —
Men unga ezilayotganim yo‘q. Boshqa gap bor.
— Qanaqa gap?
— Sizga aytolmayman.
— Akangdan ham sir yashirasanmi?
— Zeli og‘a, bu o‘zim bilan yerga kiradigan sir, xafa bo‘lmang.
— Anavi tvar bir nima degan bo‘lsa, sen ishongandirsan. Bunday qilma. O‘lim oldidan
odam har nima deb valdirayveradi. Zelixon senga do‘st emas, dushman, desa ham
ishonarmiding?
— Bu gapni chaynamaylik.
— O‘zing bilasan. Lekin sen ko‘zingni och. Biz Asadbek tashlagan qarmoqqa ilindik.
O‘sha tvarni aynan sen o‘ldirishingni istagan edi. Istagi amalga oshdi. Xo‘sh, endi nima
qiladi? Sen nima qilasan? Tinchiysanmi?
— Go‘rda tinchiyman men.
— Buni Asadbek biladimi? Biladi. U o‘qilon. O‘yin endi boshlanadi. Sen piyodalarni
sursang, u farzinni ishga soladi. Ikki biqinida fil, ikki yonida to‘ra. Sen-chi? Sen faqat asp
yurish qilishing kerak. Har bir otning sakkizta yo‘li bo‘ladi. Buni o‘ylayapsanmi?
Asadbekning ishi pishiq, vaqtdan yutadi. Senga tseytnot xavf solib turibdi.
— Qo‘rqmayman, menda ham farzin bor, buni hisobdan chiqarmang.
Zelixon Elchinning maqsadini fahmlab, miyig‘ida kulib qo‘ydi.
— Usta o‘yinchi boshidayoq farzinlarini qurbon berib, almashtirib tashlaydi.
— Men almashtirmayman. Mot bo‘lsam ham farzinni qurbonlikka tashlamayman.
— Qara, birov kelyapti.
Hovlida Jamshid ko‘rindi, u begonasiramay, atrofga alanglamay xuddi o‘z hovlisiga kirib
kelganday to‘g‘ri uy tomon yurdi.
— Asadbekning ishonchli odami. Meni bog‘lab ketgan shu edi.
— O‘zingni bos, sir boy berma. — Zelixon shunday deb tezgina divanga borib o‘tirdi-da,
cho‘ntagidan qarta chiqarib, stol ustiga yoydi. Jamshid kirib salom bergach, Zelixonga
xavotir ko‘zi bilan qarab qo‘ydi.
— O, bratan, salom, — dedi Zelixon o‘rnidan turib. U bir tutam qartani chap qo‘lida
yelpig‘ich qilib ushlaganicha Jamshidga yaqinlashib, o‘ng qo‘lini uzatdi. — Qani, ostonada
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |