www.ziyouz.com kutubxonasi
116
Chuvrindining ko‘rsatmasiga xilof ish tutmadi. Peshtaxta ortidagi do‘ndiqcha unga qahva
keltirib, shiringina jilmaydi. «Maishatni o‘rniga qo‘yishadi, bu suvaraklar», deb o‘yladi
deputat, noz bilan yurib kelayotgan qizning yarim ochiq sonlariga suq bilan tikilib.
Qahvasini ichib ulgurmay a’yonlar kelishdi. Kesakpolvon deputatning salomiga alik olib,
o‘tib ketaverdi. Chuvrindi esa kelib, u bilan so‘rashdi. Deputatning savol nazariga
javoban «hozir keladilar», deb ichkariga kirib ketdi. Dam o‘tmay Asadbek ko‘rindi.
Deputatni ko‘rsa ham ko‘rmaganday, salomini eshitsa ham eshitmaganday o‘tdi.
«Shefning kayfiyati chatoq, akaxonning mazasi qochar ekan-da», deb o‘yladi Bo‘tqa.
Asadbek birinchi marta o‘zi belgilagan qoidani buzdi: oila siri xususida so‘z ochdi.
— Qizimni otarchi... olib ketgan ekan. Bu — aniq!
— Aniq bo‘lsa, o‘zim gaplashaman, — dedi Kesakpolvon.
— Gaplashmaysan. Uning bitta tuki ham to‘kilmasligi kerak. Men.. uni kuyov
qilmoqchiman.
— Bek aka, hazillashmayapsizmi? — dedi Chuvrindi ajablanib.
Asadbek indamadi. U maqsadini aytgan, endi a’yonlarining fikrini bilmoq istagida sukut
saqlayotgan edi.
— Bek, esing joyidami? — dedi Kesakpolvon.
— Ha, joyida! — dedi Asadbek, jahl bilan. — Nima, kuyovlikka arzimaydimi? Ko‘rmi,
sholmi yo qiyshiqmi?!
Shu gapdan so‘ng uchovlari ham jim qolishdi. Ularning holiga chetdan qaragan kishi bu
motamsaro odamlar birovning ruhini eslab, ezilib o‘tiribdi, deyishi mumkin edi. A’yonlar
xo‘jayinlarining fe’lini yaxshi bilishadi. Hozir Asadbekning jahli chiqib, aqli ketgan payt —
unga gap aytib ma’qul qilish qiyin. Asadbek esa baqirishga baqirib qo‘yib endi
afsuslanadi. Chunki maqsadini aytgani hamono a’yonlarining ajablanishlarini oldindan
bilgan edi. Og‘ir-bosiq o‘tirib maslahatlashaman, deb niyat qilgandi, niyatini o‘zi buzdi.
— Haydar, boshqa iloj yo‘q, — dedi Asadbek, endi hazin ovozda.
Kesakpolvon o‘ttiz yillik qadrdoniga achinib ketdi. Ular faqat rohat jomini sipqormay,
alam-tashvishlar zahrini ham tatib ko‘rganlar, noumidlik ko‘chalarida sanqigan davrlari
ham bo‘lgan, ammo u Asadbekni sira bu ezgin holda ko‘rmagan.
— Shu qarorga kelgan bo‘lsang, o‘ylab ko‘rgandirsan. Biz nima derdik. Bizga qizing
baxtli bo‘lsa, o‘zing tinch bo‘lsang bas. Ammo aytib qo‘yay, agar...
— Agar-pagari yo‘q.
— To‘xta, gapimni kesma. Agar u otarchi qizingning baxtini qora qilsa, menga
indamaysan, yo‘limni to‘smaysan, gapingga kirmasam, xafa bo‘lmaysan.
— Haydar akam to‘g‘ri gapni aytyaptilar, — dedi Chuvrindi.
— Meni odamlarning fikri qiziqtiryapti. Mahmud, odamlar nima deydi?
— Odamlarmi? — Chuvrindi hozir shuni o‘ylab o‘tirgan edi, shu sababli javobni
kechiktirmadi. — Ming og‘izdan ming bir gap chiqadi. Shu paytgacha nima gaplar
chiqmadi, bilasiz-ku?
— Shu paytgacha chiqqan gaplar faqat mening o‘zimga tegishli edi.
— Endi chiqadigan gaplarni himmatingizga burib yuboramiz. Azob chekib kelgan
san’atchiga himmat ko‘rsatib, kuyovlik sarposini yopdi, deymiz. Odamlarni shu fikrga
ko‘ndirish qiyin ish emas.
Mahmud — Chuvrindining bosiq holda ishonch bilan gapirishi Asadbekka dalda bo‘ldi.
Asadbek bu ayo’nga ishonadi. U shunday dedimi, bas, demak, shunday bo‘ladi!
— Deputating mulla mingan eshakday bo‘lib o‘tiribdi. Gaplashasanmi? — dedi
Kesakpolvon, asosiy masala hal etilgach.
— Ko‘zimga ko‘rinmasin, kim chaqirdi uni, senmi, Mahmud?
— O‘zi kelibdi, zarur ishi bormish. Gapini eshitib ko‘ring.
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |