www.ziyouz.com kutubxonasi
118
e’tiboridan chetda qolmadi. Ular savol nazari bilan Asadbekka qarab olishdi. Asadbek
yuzida o‘zgarish sezilmagach, ular ham qadrdonlardek so‘rashishdi. Har- holda «Kuyovni
payg‘ambarlar siylabdi», degan naql bor.
— Hofiz, olamda bormisiz, yo‘qlamasak yuz so‘mlik pulday ko‘rinmasdan yuraverar
ekansiz-da, a?
— Sizning ishingiz ko‘p, aka, biz esa bekorchi odammiz. Boshingizni og‘ritmay, deyman-
da, — dedi Elchin.
— Sizday mehribon ukaxonlardan yana ikkitagina bo‘lsa jannatda yurganday rohat qilib
yasharkanmiz, — dedi Asadbek, — Haydar, hofizning ashulalari esingdami? Eshitib naq
erib ketardik-a? «Qaro ko‘zim»ni qiyvoradi-ya! «Qaro ko‘zim, kel endi, mardumlig‘ni fan
qilg‘il»midi? Bu «kel, endi sen ham odam bo‘lgin», degani ekan-da, a?
— Ha, shunaqaroq, — dedi Elchin, Asadbekning pichinglarini o‘zicha talqin qilib.
— Nimaga yo‘qlaganimizni bilarsiz-a, hofiz?
— Hayronman.
— Hayron bo‘lmang. Shilimshiqni o‘ldirishingizni bilardim-u, ammo bunaqa vahshiylik
qilasiz, deb o‘ylamovdim. Sizdek nozikta’b odam...
— Tushunmadim, Shilimshig‘ingiz kim?
— O‘zingni ovsarlikka solma. Kambag‘alni siylasang, chorig‘i bilan to‘rga chiqarkan. Sen
xumoringni bosarsan, deb men uni asradim. Oshni men pishirdim. Suzdim, hatto
oshatdim. Siz, og‘aynichalish, faqat chaynab yutdingiz. Endi nafsingiz orom olgandir, a?
Elchin istehzo bilan kulib qo‘ydi.
— Qorni och odam bir osham oshga qanoat qilarmikin?
— Jon shirin bo‘lsa — qanoat qiladi. — Asadbek shunday deb a’yonlariga qarab oldi. Ular
bosh irg‘ab, tasdiq ishorasini qilishdi.
— Jon shirin... — dedi Elchin istehzoli jilmayish bilan.
Jondan to‘ygan boltadan qaytmas ekan. Aslida Elchin uchun jonning shirinligi qolmagan.
Kim bilan olishayotganini, oqibati nima bo‘lishini biladi. O‘ligi qaysi bir ovloqda yoki qaysi
bir suv ostida chiriydimi yo kafanlanib ko‘milish nasib etadimi — shugina qorong‘i unga.
Asadbek uni go‘l baliq fahmlab, o‘limtik chuvalchangli qarmoqni tashladi. Qarmoqqa
ilintirdim, deb o‘ylayapti. Asadbek ishning ko‘zini biladi. Lekin Zelixon bekorga akademik
deyilmaydi — bunisi ham bor. Shilimshiq masalasida Asadbekning hisobi xomroq,
Zelixonniki aniqroq bo‘ldi. Asadbek Elchinning o‘tkir zehnli maslahatchisi, mard homiysi
borligini hisobga olmagan edi. Zelixon bilan Elchin esa barchasini hisob-kitob qilib
qo‘yishgan. Asadbekning odamlari Shilimshiqni kuzatajagini bilgani uchun ham Zelixon
o‘zini panaga oldi. Shilimshiqning ahvoli milisadan avval Asadbekka ma’lum bo‘lajagini
ham taxmin qilib, yanglishishmadi. Endi nima qilmoqchi, nima demoqchi — shunisi
qorong‘iroq. Elchin Asadbek bilan piching toshlari otib o‘ynashish xatarli ekanini bilib,
yon bosganday bo‘ldi. «Jon shirin», deb tan olishi shundan.
— Sen «bir o‘zimman», deb qasam ichuvding, — dedi Asadbek.
— Ha, bir o‘zimman, — dedi Elchin xotirjam.
— Borib katta xolangning erini laqillatasan. Armanimi, kim u yigitlar?
— Ha, ularmi?..— Elchin uzoq tanishlarini eslab qolganday jilmaydi. — O‘zim ham aniq
bilmayman. Pulga yollovdim. Pulni ola solib jo‘navorishgan. Qayoqdaligi noma’lum.
— Men senga ularni topib ber, deyayotganim yo‘q. Sen odamim yo‘q, deb qasam
ichding. Men senga begona millatdan odam aralashtirma, dedim. Sen hajiqizning ishini
qilding. Sen mard bo‘lsang, meni o‘z qo‘ling bilan o‘ldir. Qayoqdagi haromilarni boshlab
kelma. Qimorda g‘irromni yomon ko‘rishimni bilasan-a? Hayot ham bir qimor. Eplasang
— o‘yna. Eplamasang — chetga chiq. Sen eplay olmas ekansan. Qimorning o‘z qonun-
qoidasi, nozikliklari bor, a? Sen qo‘lingda tuz bo‘lsa bosar-tusaringni bilmay qolarding.
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |