www.ziyouz.com kutubxonasi
122
yo‘qotgan edi. Buyumni yo‘qotsa, topilardi, juda topilmasa «bosh-ko‘zimdan sadaqa»,
deb qo‘yardi. Orzu-umidi-chi, endi uni topadimi, topolmasa uni ham sadaqa qilib
yuborish mumkinmi?..
Manzura bir qarorga kelib, yana oshxonaga qaytdi. Uchta kosaga sho‘rva quyib patnisga
qo‘ydi-da, chaqqonlik bilan ko‘tarib, mehmonxona tomon yurdi.
Bir yo‘nalishda yuradigan avtobus haydovchisi xayolga berilsa ham, kerakli joyda
beixtiyor ravishda burilaveradi. Shunga o‘xshab oshxona — mehmonxona yo‘nalishida
qatnayvergan Manzura xayoli band bo‘lsa-da, vazifasini aniq bajardi. Juvonlar sho‘rvani
maqtab-maqtab ichib bo‘lishgach, javob kutib unga qarashdi. Asadbek rozilik bildirgan
bo‘lsa ham Manzura darrov xo‘p deya olmas edi. Gulday qiziga bir otarchidan sovchi
keladiyu darrovgina rozilik berib yuboradimi? Ayrim joylarga sovchilar kelaverib
kavushlari titilib ketadi. Lekin... ayrim joylardagi qizlar boshqa... uning qizi boshqa. Bu
sovchilar buni bilishadi. Bilganlari uchun ham tortinmay, cho‘chimay kirib kelishdimi?
— Endi... adamiz bilan maslahatlashaylik... Qizimiz yosh... Hali o‘qiydi... — dedi Manzura
chaynalib.
— Voy, egachi, maslahatsiz bo‘larkanmi bu ish. Siz maslahatlashing, yoshlar bir-birini
ko‘rsin, yoqtirsin. Xudo xohlasa, yulduzi yulduziga to‘g‘ri kelib qolsa, bu yog‘i to‘y-da!
— Qaydam... hali tayyorgarligimiz ham yo‘q.
Ikki mamlakat muammolarini hal etish uchun yig‘ilgan diplomatlarning salomlashishidan
tortib, xayrlashuviga qadar, muomalalari, kulimsirashlaridan tortib qosh
chimirishlarigacha bo‘lgan harakatlari aniq ishlab chiqiladi. Xuddi shunga o‘xshash,
sovchilik marosimi ham yuz, balki ming yillar davomida bir qolipga tushgan. Xotinlar
o‘zlarini qanday tutishni, nima deyishni yaxshi bilishadi. Mana hozir Manzura: «Hali
tayyorgarligimiz ham yo‘q», dedi. Bu — qizimizni uzatishga rozimiz, ammo siz
aytganday ertaga emas, balki indinga, degani. Bo‘lmasa bu xonadon uchun to‘y nima
ekan. Ertalab ishga kirishilib, oqshomda to‘y boshlash qo‘lidan kelmaydimi? Lekin qizi
bor odam noz qilmasa «diplomatiya» qonun-qoidalari buziladi.
Sovchilar uy sohibasining ko‘nglini ko‘taradigan bir-ikki gaplarni aytib, lutf ko‘rgazib,
o‘rinlaridan jilishdi. Juvonlar bir oz xijolat chekkach, bir oz noz qilgan bo‘lib, qog‘oz
xaltani olishdi. Bu ham diplomatiyaning bir qoidasi — rozilik alomatiga ishora. Ertaga bu
juvonlar tugun ko‘tarib kelishadi. Manzura patir nonlarni olib qoladi. Oqshomda erkaklar
kelishadi. Qarabsizki, qish oxirlamay turib to‘y!
Do'stlaringiz bilan baham: |