XII b o b
1
Anvar katta tog‘asinikiga borganda osmon erinmay qor elardi. Qish dangasalik qilib vaqt
o‘tkazgan, do‘ppi tor kelganda tipirchilab qolgan odamga o‘xshardi. Anvar tob tashlagan
ko‘k darvozaga yaqinlashib jing‘iroq tugmasini bosaman, deganida darvozaning bir
tabaqasi yer chizib ochilib, avval qulog‘i kesilgan bahaybat it ko‘rindi. It: «Sen ham
odammisan, vovullashimga arziysanmi, yo‘qmi», deganday Anvarga bir qarab oldi.
Ortidan tog‘avachchasi ko‘rindi. Ellikdan oshgan bu odamga vaqti kelib «bu dunyoda
nima ko‘rding?» degan savol berilsa, boqqan itlarining nasliyu nomini adashmay aytib
berishi tayin. Qaysi bolasining qaerda o‘qishi yoki qaerda ishlashini esa, aniq bilmaydi.
Bola-chaqasining rizqi qiyilib, qora qozon qaynamay qolsa qolarki, itlar go‘shtsiz och
qolmas. Itni odamga vafodor deb naql qilganlar. Xudo shundayin bandani yaratganini
bilganlarida edi, odam itga vafodor, deb naqlga tuzatish kiritar edilar.
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |