www.ziyouz.com kutubxonasi
129
payqashdi. To‘y o‘z yo‘liga, xizmat o‘z yo‘liga, deganlaridek, Asadbekning odamlari
hushyor va ziyrak edilar. Kim keldi, kim ketdi, kim nima dedi — ularning nazaridan
chetda qolmas edi. To‘ydagilarning qariyb yarmi taklif etilmasalar-da, Asadbekka
sadoqatlarini bildirishib, o‘z ixtiyorlari bilan kelishgandi. Zohid ham taklif etilmaganlar
safida, ammo uning maqsadi Asadbek odamlari uchun noaniq edi. Shu sababli «Sharif
Namozov ishini ko‘rgan, hozir Shilimshiqning ishi bilan shug‘ullanayotgan» «bola»ning
kelganini Asadbekka ma’lum qilib qo‘yishdi.
— Yeb-ichib o‘tiraversin, indamalaring, — dedi Asadbek. Keyin yonida qo‘l qovushtirib
turgan Kesakpolvonga qaradi. — Haydar, direktoring ko‘rinmadimi?
— Kishinyovda o‘tiribdi. Samolyoti uchmayotganmish.
— Prokuror bolaning akasi o‘ldirilgan, devdingmi?
— Ha, shunaqa bo‘lgan ekan.
— Prokuror bola.... tuzukroq odammi?
— Bu yoqda hali tuzukroq ish bermadi. Milisadaligida sal o‘jarroq ekan. Odam bo‘lishi
qiyin-ov...
— Xo‘jayini nima deydi?
— Odam bo‘lmasa dumini tugadi-da...
— O‘zing ham urinib ko‘r. Oyog‘imiz ostida o‘ralashmasin. Kavkazlik bolalarni
topdilaringmi?
— Yo‘q, izi quribdi. Ularni akademik topgan bo‘lishi kerak. Prokuror bolaga o‘shani
ro‘para qilaymi?
Asadbekka bu taklif ma’qul tushganday bo‘ldi. So‘ng Zelixon izidan is olgan prokuror
oqibat Elchinga ro‘para kelishini o‘ylab, fikridan qaytdi.
— Yo‘q, — dedi u keskin ohangda. — Unga tegmalaring.
Zohid «yuqori doiralarning» o‘zi haqida so‘z yuritayotganidan bexabar, «meni bu yerda
hech kim tanimaydi», degan xotirjam o‘yda to‘y tamoshasini kuzatardi. Uning nazarida
xonandalar ustidan sochilib, xipchabel raqqosalar oyog‘i ostida bosilayotgan pullar
qog‘ozdan emas, odam qonidan ishlangan edi. Mast basharalar sanchqiga hil-hil pishgan
qo‘y go‘shtini emas, odam go‘shtini ilib og‘izga solishayotganday edi... Shuni o‘ylaganida
ko‘ngli ag‘darilib ketayozdi. Go‘yo ashulachi san’atini qadrlaganday pul sochayotgan,
aslida o‘z qudratini, ayni choqda, Asadbekka bo‘lgan e’tiqodini namoyish etayotgan bu
kiborlarning qay biri Jalol Komilovning erkakligini kesib tashlagan ekan, qay biri yuragiga
pichoq sanchib, qay biri osib qo‘ygan ekan? Zohid «bu vahshiylik faqat mafiyaning
qo‘lidan keladi, guruhlar orasida ixtilof chiqqanu Komilov qurbon bo‘lgan», degan
qarorga kelgan edi. Bu vahshiylik «ijodkori» pul sochayotganlar emas, qo‘shiq aytib
ko‘pning dilini o‘ziga rom qilishi mumkin bo‘lgan, hozir esa to‘rda kuyov saruposida
o‘tirgan Elchin ekani xayoliga kelmaydi. Bu haqiqat tagiga yetgunicha ko‘p qoqiladi,
peshonasi ko‘p g‘urra bo‘ladi...
2
Davraboshi Elchindan bittagina qo‘shiq eshitish taklifi tushayotganini aytishi hamonoq
qiyqiriq bo‘lib ketdi. Elchin qamalmasidan avval bu sharafga ko‘nikib qolgan edi.
Shunday kezlarda u sahnaga yurib emas, go‘yo parqu bulutlar ustida suzib chiqar edi.
Hozir o‘sha damlar qaytganday bo‘lib yuragi bir entikdi. Bosh chayqab «yo‘q», dedi.
O‘rnidan turib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib ta’zim qildi. Davraboshi unga tor uzatgach, noiloj
qolib qo‘liga oldi. Shunda ham o‘rtaga chiqmadi.
Kimga to‘y, kimga aza, deydilar. Elchin zohiran kuyovlik shohsupasida xurram ko‘rinar,
botinan esa, yuragi temir tirnoqlar hukmida edi. Yaxshilab qaragan kishi uning yuzlari
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |