www.ziyouz.com kutubxonasi
132
qolganida «Ha, puchuq, o‘qishlar qalay endi?» deb qo‘yadi. Zaynab ba’zan shu so‘zlarni
ham eshitishga mushtoq bo‘lib qoladi. «Otam meni unga berarmikinlar?» deb o‘ylaydi.
Hatto «Nimaga meni olib qochib keta qolmaydi?» deb ham fikr qiladi.
Balog‘at yoshiga shu o‘ylar, orzular bilan kirib keldi. Ko‘nglidagi bolalikning o‘tkinchi
hislari emas ekan. Yurakka urug‘ bo‘lib qadalgan o‘sha hislar endi unib chiqa boshladi,
qizning yuragini, aqlu hushini Jamshid tamom bandi qildi. Yoshi o‘tayotgan bo‘lsa-da,
uylanmay yurgan yigit nima uchundir bu xonadonda ajib bir gul unayotganini sezmas
edi. Jamshid deyarli har kuni shu yerda bo‘lgani uchun ham uni o‘z singlisiday ko‘rardi,
unga boshqacha ko‘z bilan qarashni o‘ylamasdi. Zaynab mana shundan to‘lg‘oqda edi.
U bekor qoldi degunicha Kumushbibi qismatini o‘qirdi. Kitobning ko‘p sahifalari yod bo‘lib
ketgan edi.
«Bilurmikin, bilmasmikin, u zolim!
Kunlar, tunlar tortgan ohu zorimni!..»
Kumushning to‘yida qizlar aytgan qo‘shiqdan shu baytni ko‘p takrorlardi. Jamshid
ko‘rinmay qolsa «toblari qochdimi, meni o‘ylab xasta bo‘ldilarmi», degan xayolga
borardi. Xayolni o‘zicha haqiqatga aylantiray deganida Jamshid ko‘rinib qolsa, uning
sochlarini bittalab yulgisi kelardi. Kechalari bilan to‘lg‘onib «yaxshi ko‘rishimni o‘zim
aytaman», deb qaror qilardi. Tong bo‘zarishi bilan uning bu dadilligi uyquga ketar edi.
Jamshidning mashinasiga chiqqanida esa siri oshkor etilib sharmanda bo‘lganday yuzlari
lovullab, tili kalimaga kelmay qotib qolardi. Zaynab faqatgina o‘z dunyosida yashardi. Bu
dunyoga o‘zgalar kirishi mumkin bo‘lgan eshik esa taqa-taq berk edi. Bu eshikni, istasa,
faqat Jamshid ocha olardi. Ammo unda bunday xohish uchquni sezilmadi. Zaynab
noshukurlik qilmadi. «Uzoqdan bo‘lsa ham har kuni ko‘rib tursam bas», dedi. Nazarida
Jamshid bo‘lmasa uning bu dunyoda yurishiga hojat ham qolmas edi.
Yigit kishi ham shunchalar beparvo bo‘larmi? Gullarning ochilishiga zor bulbullar qani?
Gul ishqida yonib kuylovchi qumrilar qani? Qani Otabek? Zahar faqat Kumushbibi jonini
sug‘urib olmay, Otabek yuragidagi muhabbatni ham o‘ldirdimi ekan? Shu bois bu yorug‘
dunyoda Otabeklar qolmadimi ekan?
Jamshid Otabek kabi sevganida edi, Zaynabimiz Kumush kabi o‘lib ketishga ming marta
rozi edi. Ha, Zaynabimiz ana shunday telba muhabbat cho‘risi edi. U Jamshidning
yuragidan ayol zotiga nisbatan muhabbat quvib chiqarilganini, bu qalb faqat nafrat bilan
tepayotganini bilmas edi. Chunki Jamshid ham o‘z dunyosida yashardi. Uning dunyosiga
o‘zgalarning kiruvi mumkin bo‘lgan eshik ham taqa-taq berk edi. Bu eshikni Zaynab ham
ocha olmas edi...
Zaynab muhabbatning aldamchi bulutlari ustida suzib yurganida o‘zining bo‘lajak to‘yini
xayol ko‘zi bilan ko‘rardi. Yo‘q, yo‘q, siz uni ersirab qolibdi, deb o‘ylamang. Asti bunday
emas. To‘y deganda uning ko‘z oldiga to‘shak kelmaydi. To‘y deganda u... Otabeknigina
ko‘rardi. Xotirasiga muhrlanib qolgan yozuvchi satrlari bilan ko‘rardi...
«...kuyov kelar edi: ikki tomonni sirib olgan xotin-qizlar o‘rtasidan Otabek kelar edi...»
Otabek — shubhasiz, jingalaksoch yigit.
«...uning ketidan Oftob oyimning egachisi isirig‘ tutatar edi...»
Demak, isirig‘ni xolasi tutatadi.
«...xotinlar qo‘llarida sham bilan bunga qarar va uzatib qolur edilar...»
Elektr chiroq o‘chib qolsa qanday yaxshi bo‘lar edi...
«Kuyov uyning yoniga yetdi. Uning yuzi uyatdan juda qizargan, qochgali joy topolmas
edi. Shu kezda uyning eshigi ochildi-da, yanga tomonidan qarshilandi.
— Kiringiz, bek!»
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |