www.ziyouz.com kutubxonasi
131
Asadbek pullarni bosmay, chetlab o‘tib, ashula aytayotgan kuyovi tomon yurdi. Yo‘l-
yo‘lakay Jamshidni ko‘zi bilan izlab topib qovoq uyib qo‘ydi. Jamshid buni tushunib
darrov xipchabellarga imo qildi. Ularga jon kirib, pullarni yig‘ishtirishga tushishdi.
Asadbek kelin-kuyovga yaqinlashib cho‘ntagiga qo‘l soldi. Ko‘pchilik bir dasta pul
sochilishini kutgan edi. Asadbek hech bir to‘yda, yoki yig‘inda pul sochmagan. Uning bu
odatini bilgan yaqinlari «o‘zining to‘yida bu odatini buzarmikin» deb o‘ylashgandi. Ular
kutgan ish bo‘lmadi. Asadbek ikkita yuztalik chiqarib uzatdi.
Elchin boshqa olamda edi — egilmadi. Asadbek pul qistirolmadi. Unga Elchinning hozirgi
holati begona edi. Shu sababli Elchinning egilmaganini mag‘rurlik belgisi sifatida qabul
qilib g‘ijindi. U o‘zini mag‘lub his etdi. Ammo mag‘lubligini to‘yga yig‘ilganlar u yoqda
tursin, yonidagi a’yonlariga ham sezdirishi mumkin emas edi. U darhol cho‘ntagiga qo‘l
soldi-da, bir tutam yuztalik chiqarib, kuyovi ustidan sochdi. To‘yxonani qiyqiriq bosdi.
Asadbek ikkinchi cho‘ntagidan pul chiqarib uni qizi ustidan sochdi. Avval Kesakpolvon,
so‘ng Chuvrindi xo‘jayinlari ishini takrorlashdi. Asadbek kulimsiragan holda to‘yxonadan
chiqdi.
...Qarg‘agin, loyiqman sening qahringga...
Elchin ustidan pul yog‘ilardi...
Tuyg‘ulari esa toptalardi...
Uning ko‘zlaridan sizib chiqqan yoshni hech kim sezmasdi, hatto Anvar ham...
...O‘zgalar qalbida mehr uyg‘otdim...
3
«Siz o‘shami?..»
Zaynab bu lahzani qancha kutdi? Yettinchi sinfdaligida «O‘tgan kunlar»ni birinchi marta
o‘qib chiqqan edi. Yettinchi sinfdaligida kitobdagi Zaynabni qarg‘ab, Kumushga o‘zicha
motam tutdi. O‘ziga Zaynab deb ism qo‘ygani uchun ota-onasidan xafa bo‘ldi. Romanni
ikkinchi yo uchinchi marta o‘qiyotganida onasiga yig‘ladi. «Otimni o‘zgartiraylik», deb
yalindi. Manzura qizining bu qilig‘idan kuldi. Quchoqladi, boshini siladi, peshonasidan
o‘pdi. «Aylanay qizim, bu yomon ism emas, kitobda yozaverishadi-da», dedi. Keyin
qiziga qiziqib o‘zi ham kitobni o‘qib chiqdi. O‘zi ham yig‘ladi. «Oyijon, ismimni Kumush
deb o‘zgartirmaysizlarmi, Kumushga o‘xshab o‘lib ketsam ham mayli edi...» Bu
Zaynabning ko‘nglidan kechgan gap. Uni tilga chiqarib aytolmaydi, uyaladi. Chunki
kitobdagi Kumushning Otabegi bor.... orada totli damlar bor. Zaynabning orzulari ortida
hozircha yashirin bo‘lmish shundayin hislar borligini otasi bilib qolsa — sharmandalik
emasmi?
Uzoq vaqtgacha birov uni otini aytib chaqirsa xuddi «Kumushga zahar bergan sensan»,
deganday bo‘laverdi. Hatto bir kuni tushida Kumushni ko‘rdi. Kumush — kinodagidan
ming chandon go‘zal, yuzlaridan nur taralayotgan bir juvon «nima uchun meni
o‘ldirdingiz?» deb o‘pkaladi.
O‘zining ismidan uyalish barobarinda u xayolan Otabegini izlardi. Sinfdagi bolalar orasida
Otabek o‘rnini bosuvchi bolani topmadi. Tanaffus paytida xuddi qizlarday to‘planib
olishib kiyim-kechaklar haqidagi gaplardan ortmovchi o‘g‘il bolalardan Otabek chiqishi
mushkul edi. Uning nazarida arzirli bola maktabda yo‘q edi. Norasta qiz yuragini
otasining ishonchli mahramlaridan biri bo‘lgan jingalaksoch yigit — Jamshid rom
etsami?! Jamshid esa qizchaning ko‘nglidan nelar kechishini bilmay, hovlida ro‘para kelib
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |