www.ziyouz.com kutubxonasi
138
«Sharif Namozov menga ko‘mak beradi», deb o‘ylabdi. Odamning bunchalik tez
o‘zgarishi mumkinligini hisobga olmabdi.
— Eshitaman, — dedi Sharif bu safar balandroq ovozda.
— Bir tabriklab qo‘yay deb kirdim. Shu ko‘chaga yo‘lim tushib qoluvdi.
— Rahmat.
— To‘yda ko‘rinmadingizmi?
— Qaysi to‘yda?
— Asadbek qizini uzatdi-ku, sizni aytmadimi?
— Safarda edim.
— Attang... Zo‘r to‘y sizga nasib etmabdi-da, a? Ishlar qiyin emasmi?
— Shuni so‘ragani keldingizmi, boshqa gapingiz yo‘qmi?
— Boshqa gapmi?.. Bor. Qilich Sulaymonov bilan oralaringizda nima gap o‘tgan edi?
— Hech qanaqa gap o‘tmagan.
— Unda nima uchun sizga tuhmat qildi. Ozmuncha pulga kuymadi, boyaqish. Sizning
qamalishingiz unga nima uchun zarur bo‘lib qolgandi?
— Sulaymonovning ishini siz olib boryapsizmi?
Zohid savoldan kutilgan maqsadni angladi:
— Men Namozovning ishini olib boryapman, — dedi dona-dona qilib.
— Namozovning ishi yopilgan, — dedi Sharif to‘ng ohangda.
— Hozircha rasman shunday. Siz ko‘cha changitib yurgan kissavur bola emassiz.
Olimsiz. Qonunni yaxshi bilasiz. Har qanday ish qayta qo‘zg‘otilishi mumkin, — dedi
Zohid, har bir so‘zga alohida-alohida urg‘u berib.
— O‘sha qayta qo‘zg‘otilganda gaplashamiz.
— Yaxshi niyat, yarim mol, harholda gaplasharkanmiz-ku, — Zohid shunday deb
o‘rnidan turdi. — Qamoqxonada siz menda boshqacha taassurot qoldirgan edingiz. Sizni
olim odam, ilmdan boshqa narsani tan olmaydigan haqiqatparvar kishi, deb o‘ylagan
ekanman. Bu dunyoda chin haqiqatparvar odam anqoning urug‘i ekan, shekilli?
— Haqiqatdan hamma gapirganida ham siz gapirmang endi! — dedi Sharif o‘rnidan
turib. U Zohidni kuzatish uchun o‘rnidan qo‘zg‘aldimi yo jahli chiqib turib ketdimi, o‘zi
ham bilmadi.
Burilib ketmoqchi bo‘lgan Zohid ajablanib, unga qaradi:
— Nimaga? Men haqiqatga mos kelmaydigan biron ish qildimmi yo so‘z aytdimmi?
— Begunoh odamni muttahamlarning ichiga tiqib qo‘yish — haqiqatmi?
— Afsuski, laqmalik uchun qamash mumkin emas. O‘shanda sizni laqmaligingiz uchun
tiqib qo‘yish kerak edi. Molday ichib, bilakka qora doridan urdirib, uyda nima ahvol,
bilmaysiz. Yaxshi hamki uyingizga qora dori tashlashibdi. Xotiningizni so‘yib, pichoq
dastasini qo‘lingizga ushlatib qo‘yishsa nima qilardingiz?
Zohidning gapi Sharifni titratib yubordi.
— Gapirmang! — dedi u jonholatda.
— Shoshilmang, bu ham bo‘lib qolar... sizdaqa odamlarni yo‘q qilish cho‘t ekanmi? Faqat
kasringiz boshqalarga uradi. — Zohid shunday deb eshik tomon yurdi.
— To‘xtang, siz nimaga shama qilyapsiz?
— Hech nimaga. O‘zimcha o‘ylayapman. Boshingizga baxt qushi qo‘ngan ekan,
oyog‘idan mahkam ushlang. Jar tepasiga borib qolganingizda attang, demang. Siz
o‘ynayotgan o‘yinning qonun-qoidalarini men bilmayman. Harholda bu ilm odami
o‘ynaydigan o‘yin bo‘lmasa kerak.
Ilmdan chekingan ikki odam serhasham bir xonada xuddi daryoning ikki qirg‘og‘ida
turganday gaplashishardi. Ajablanarlisi shundaki, ularning biri haqiqat istab ilmdan
uzoqlashdi, ikkinchisi haqiqat yetkazgan jabrlardan bezib, ilmdan yuz o‘girdi.
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |