www.ziyouz.com kutubxonasi
140
olim ochdan emas, to‘qlikdan shishib o‘lishni ma’qul ko‘ribdi. Unga yordam bersinmi?
Yashashga o‘zida rag‘bat bo‘lmagan odamni o‘limdan qutqarib bo‘larkanmi?
Olim odam qanday qilib ilmni mansabga almashtirishi mumkin? Avval mansabga
yetishib, so‘ng olim degan unvonga erishganlar son mingta. Bu odam esa... To‘g‘ri,
boshqon bo‘laturib ham ilmiy ishini davom ettirar. Lekin hozirgi holda ilm yaxshilikka
emas, jig‘ildonga xizmat qilishi aniq bo‘lib turibdi. «Tanlagan kasbining o‘zi mayda edi,
— degan qarorga keldi Zohid. — Musallas ishlashning yangi usuli. Kimga kerak bu usul.
Yangicha musallas jamiyatni yaxshilashga, tozalashga xizmat qiladimi? Uzumni olding,
siqib sharbatini chiqarding, idishning og‘zini mahkamlab, qorong‘i joyga qo‘yding.
Shunga ham ilm kerakmi? Odamlarni aljitish, miyasini suyultirishni ham «ilmiy asosda
yo‘lga qo‘yish kerakmi?» Shuni olim dedimmi? Shunga achindimmi? E, ahmoq, Hamdam
akaning gaplariga kirishim kerak edi. Hamdam akaga o‘xshab bu odamning qorniga bir
tepmaymanmi, joni og‘rib turganida jinoyatini bo‘yniga qo‘yib, qog‘ozga imzo chekdirib
olmaymanmi...»
Zohid yo‘lga oq poyandozday to‘shalgan qorni g‘ichirlatib bosib picha yurgach, pishqirib
to‘xtagan avtobusga chiqdi.
O‘zi ishlagan xonaga kirganida Hamdam Tolipov deraza tokchasiga o‘tirib olib sigaret
tutatardi. Xona tutunga to‘lib ketgan, demak, Hamdam anchadan beri shu yerda, balki
kimnidir so‘roq qilgandir. Balki kimdir yaqinginada tepki yeb chiqib ketgandir...
— Ha, odil prokuror, ishlar qalay? — dedi Hamdam o‘tirgan yerida qo‘l uzatib. — Haqiqat
o‘rnatib bo‘ldingmi?
— O‘rnatyapman, — dedi Zohid, jilmayishga harakat qilib.
— O‘rnataver. Bizam bi-ir yayrab yashaylik.
— Kayfiyat yo‘qmi? Nima bo‘ldi?
— Kayfiyat joyida. Bu dunyoda haromilar bor ekan, kayfiyat joyida bo‘ladi. Sen haqiqatni
o‘rnatganingdan keyin ishsiz siqilib, kayfiyatim buziladi,— Hamdam shunday deb
cho‘ntagidan daftarcha chiqardi. — Yozib ol: Sherqo‘ziev. Taksoparkda yigirma ikki
yildan beri ishlaydi. Komilovni aeroportda oxirgi marta shu odam ko‘rgan. Komilov ikkita
kavkazlik yigit bilan savdoni pishitayotganda yonida bo‘lgan. Komilov ularni naqd ikki
yuzga tushirib, soat to‘rtlarda Chimkentga qarab jo‘nagan.
— Chimkentga? Unda Chinoz yo‘liga qanday borib qolgan? Balki Sherqo‘ziev
yanglishgandir?
— Chimkentgaligini aniq biladi. Yo‘lda kavkazliklar adashibmiz, bizga Chinoz kerak ekan,
deyishi mumkinmasmi? U laqma esa bundan xursand bo‘ladi. Harholda Chinoz
yaqinroqda. Balki yana besh-o‘n so‘m qo‘shishni talab qilgandir, ular ko‘nishgandir.
— Sherqo‘ziev uni tanir ekanmi?
— O‘sha kuni tanishibdi. Qarasa, mashina o‘zi ishlaydigan taksoparkniki, «Oshna,
qachon keldingiz?» deb so‘rabdi. «Yaqinda keldim», debdi. «Moshin yangi-ku, qanday
undirdingiz? Biz uch yildan beri kutaverib sarg‘ayib ketdik», debdi. Komilov
«sarg‘aymaslik uchun tuzukroq uzatish kerak edi», debdi. Sherqo‘ziev shunga hayron.
Xo‘jayinlarga beradiganini berib qo‘ygan ekan. Mashina biqiniga «ijara pudrati», deb
yozilgan ekan. Taksopark xo‘jayinlari esa bunday emas, deb turishibdi.
— O‘g‘irlanganmi?
— Yangi mashina o‘g‘irlansa, ular jim o‘tirisharmidi? Bu yerda to‘dalarning qo‘li borligi
sezilib turibdi. Asadbekmi, Hosilboyvachchami, Markanyanmi?.. Kim olgan mashinani?
Komilov kimning xizmatkori? Ha, Sherqo‘zievning gapiga qaraganda Komilov Sibirdagi
jononlarning qiliqlarini ta’riflab bergan ekan. U Sibirda nima qilgan? Gastrolga borganmi?
Gap kavlasang, savol qaynab chiqaveradi. Sen unga javob topa olmasang kerak.
— Shu darajada noshudmanmi?
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |