www.ziyouz.com kutubxonasi
147
yo kaltak yeydi, yo uydan haydaladi. Bitta gapdan qolsa yana yomon — xotindan javob
qaytmagach, erning g‘azab toshlari ichida qolib, qiynab yuboradi. «Nimaga tumtayib
olding, gaplarim yoqmadimi?» deb boshqa tomonga hujumga o‘tadi.
Hozir ham shunday bo‘ldi. Sharif bisotidagi baqiriqlarni ishlatib bo‘lgunicha Nasiba
indamay turaverdi. Keyin uyga kirishdi. Sharifning nazarida uy isib, dimiqib ketgan
ekan. Nasiba bu uchun ham gap eshitdi. Sharif tajribaxonasiga kirib bir piyola o‘tkir
musallasdan ichgach, hovuri sal bosildi. «Nasibaga nima uchun baqirdim?» degan savol
uni insof ko‘chasiga qaytardi.
Nasiba hozir turib ketadiganday divanda omonat o‘tirar edi. Sharif uning yonidan joy
oldi.
— Bo‘ldimi? — dedi Nasiba, zardali ovoz bilan. — Nafsingiz orom oldimi?
Bir tomon o‘qlarini otib tamom qilgan, endi ikkinchi tomonning qarshi hujumga o‘tishi
uchun sharoit yetilgan edi.
— Hm, gaplarim yoqmadimi? — dedi Sharif, chekinish niyati yo‘qligini ma’lum qilib.
— Yoqdi, moyday yoqdi. Nima bo‘ldi o‘zi?
— Hech nima. Ustalarga javob berib yuborganingni...
— Ustalarga men javob beribmanmi? Ustalar ishlasa ham baribir, alamingizni mendan
olardingiz. Ayting, nima bo‘ldi?
Endi chekinmasa bo‘lmaydi. Itning fe’li egasiga ma’lum, deganlariday, Nasiba erining
odatini biladi. Qachonki, ishxonada yo ko‘chada noxushlikka duch kelsa, alamini uydan
oladi, keyin hasratini to‘kadi.
— Meni ham odam qatoriga qo‘shishibdi, — Sharif hazil ohangida gapirmoqchi edi,
uddalay olmadi. So‘zlari labidan titrabroq uchdi. — Bittasi telefon qilib, «Sulaymonov
qamoqdan qochdi», deydi.
— Ado bo‘lsin, qochsa sizga nima?
Sharif «u seni o‘ldirmoqchi» degan gapni aytmadi. Aytsa, Nasiba vahimaga tushishi
mumkin edi.
— Qochmagan ekan, ig‘vo qilishibdi.
— Voy, adasi, bu ishlar menga sirayam yoqmayapti. Qo‘ying hammasini, tinchgina
o‘tiraylik.
Chekinish tadorigi aldamchi ekan. Musallasga aldangan g‘azab birdan bosh ko‘tardi.
Xotinining dildan kuyinib aytgan gapi unga g‘arazday bo‘lib tuyuldi.
— Sen tinchgina o‘tir. Boshqalar mening boshim- ga chiqib olib istagan noma’qulchiligini
qilaver- sin, a?!
Qarshi tomon javob bermay, yana ma’sumalik libosiga o‘randi. Sharif shart o‘rnidan
turib tajribaxonasiga qarab yurdi. Nasiba chuqur uf tortib qo‘ydi. Sharif bir piyolaga
qanoat qilmay, yana bittasini bo‘shatgach, xonasiga qaytdi.
— Men kimman, bilasanmi? — dedi xotini oldiga kelib. Nasiba «kimsiz?» deganday unga
qaradi-yu, yana indamadi. Savolga Sharifning o‘zi javob berdi: — Men olimman! Meni
chet el ham biladi! Qaysi akademigingning orqasidan chet elliklar yuribdi. Bu
akademiklaring, do‘kturlaring chet elga borib qolsa, ularga it qaramaydi. Chunki ularda
ilm yo‘q. Menda ilm bor. Lekin suyanadigan tog‘im yo‘q! Endi tog‘ topildi. Odamlar nima
desa deyaversin. Men faqat o‘sha toqqa suyanaman. Namozovning kimligini bilib
qo‘yishsin. Men ham o‘sha yo‘limni to‘sgan akademiklaringga tupurib o‘taman. Endi tinch
o‘tirish yo‘q, bilib qo‘y. Tinch yurib topganim qamoq bo‘ldimi? Qamoqda chirib ketishim
kerakmidi?
Shu payt qornida kuchli og‘riq qo‘zg‘alib, gapini davom ettirolmay qoldi. Bukchayib,
o‘xchidi. Nasiba chaqqon turib, erini yelkalarini ushlab, divanga yotqizdi-da, xapdori
berdi.
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |