www.ziyouz.com kutubxonasi
148
— Nasib, bu g‘alvalar o‘tkinchi. Biz ham odamlarga o‘xshab yashaylik-da.
Nasiba eriga qarab bosh chayqadi.
— Shu paytgacha odamga o‘xshab yashayatuvdik...
3
Jamshid bu xonadonga necha marta kelgan bo‘lsa, har safar eshik ochiq bo‘ladi. Shu
sababli jing‘iroqni chalib o‘tirmay, to‘g‘ri hovliga kirib boraverardi. Bu gal ham shunday
qildi. Hovlini bosib o‘tib, uyga yaqinlashdi-da, «Hofiz aka!» deb chaqirdi.
Elchin uyida yo‘q edi. Videoda hindcha tamosha ko‘rib o‘tirgan Zaynab yuragi siqilib
o‘rnidan turgan, bu onda deraza yonida edi. Tamoshada ikki oshiqning qovushganini
ko‘rib, Jamshidni eslagan, uni ko‘rgisi kelgan edi. Yaratgan uning ohini eshitib,
Jamshidni bu xonadonga keltirib qo‘ysami? Yana qo‘ng‘iroq jiringlamasdan darvozaning
yonidagi eshik ochildi. U o‘z uyiga kirganday kirib keldi. Zaynabning yuragi esa potirlab,
joni halqumiga kelib qoldi. Et bilan teri orasida mudrayotgan shayton uyg‘onib,
juvonning badanini ajib bir haroratda isita ketdi.
Jamshid uyga yaqinlashib, to‘xtadi. Nimadir dedi. Zaynab eshitmadi. Jamshid ikkinchi
marta «hofiz aka, ho‘, hofiz aka!» deganda uning ovozi arang qulog‘iga yetib keldi.
— Hozir, — dedi Zaynab, ammo o‘z ovozini o‘zi ham eshitmadi.
Jamshid uchinchi marta chaqirdi. Shunda Zaynab deraza yonidan qochib, eshik tomon
yurdi. Nazarida oyoqlari og‘ir, arang yurayotganday edi. Aslida esa eshikkacha uchib
bordi. Eshikni ochdi-yu, ostonada to‘xtadi. Hovli tomon oyoq bosishga jur’ati yetmadi.
Chunki bu mahalda hayo ham uyg‘onib, shayton bilan ixtilofni boshlagan, shayton
berayotgan haroratni o‘chirmoqqa kirishgan edi. Yaxshiki Jamshid ham to‘xtab turardi.
Agar u uy tomon qadam qo‘ysa, Zaynab eshikni ochiq qoldirgan holda chekinar, uning
chekinishi barobarida shayton g‘oliblik mayini sipqora boshlar edi.
— Xo‘jayin yo‘qmilar? — dedi Jamshid, dabdurustdan. U ko‘z oldida ulg‘ayib voyaga
yetgan qizchaning juvonlik olamida bu qadar latofat kasb etishini kutmagan edimi, har
holda ostonada pariruxsorni ko‘rib andak dovdiradi. Hol-ahvol so‘rashni unutdi.
Juvonning chiroyi aqlini shoshirgan bo‘lsa-da, ko‘ngliga yomon fikr oralamadi.
— U kishi o‘rtoqlari bilan ketuvdilar, — dedi Zaynab.
— Bek akam so‘rayatuvdilar. Qayoqda bo‘lishlari mumkin? O‘rtoqlarini taniysanmi?
— Kuyovjo‘ra bo‘lgan yigit-chi? Anvarmidi otlari... Shu mahallada turishadi.
Choyxonaning atrofida deganday bo‘luvdilar...
— Bo‘pti, o‘zim topaman. Kep qosa, adangni topsin. Ish zaril!
Jamshid shunday deb iziga qaytdi.
Zaynab ko‘nglida kiring, choy iching, demoqchi bo‘ldi-yu, tiliga chiqmadi. Jamshid yana
bir nafas tursa aytardi. Lekin u to‘pori juvondan lutf kutmadi. Ko‘cha eshigi yopilgach,
Zaynabning xo‘rligi keldi. «Yigit degani ham shunchalik e’tiborsiz bo‘ladimi?..»
U xonaga qaytib, yana deraza oldiga keldi. Yana ko‘cha eshigiga tikildi. Xayolan
jingalaksochli yigitni chaqira boshladi. Xayolidagi yigit iziga qaytdi. Eshik ochildi. U
jilmayib kirib keldi. Bu safar «Hofiz aka!» deb baqirmay, «Zaynabxon!» deb shivirlab
keldi. Zinadan ko‘tarildi. Uyga kirdi. Deraza oldiga yaqinlashdi. Uning
yaqinlashayotganini bilsa ham, Zaynab hech narsadan bexabarday hovliga tikilib
turaverdi. U orqa tomondan keldi. Yelkalaridan quchoqladi. Zaynab entikdi. Uning iliq
nafasi bo‘yniga urildi. Badanini lovullatib yubordi. Yelkadagi baquvvat qo‘llar boshqa
vazifa bilan qo‘ltiq ostiga yuborildilar... Shunda u o‘girildi... ko‘zi yumuq holda bo‘lsa
ham lablarini osonlik bilan topdi. Keyin u ko‘tarib oldi. Yotoq sari yurdi. Yumshoq to‘shak
ularni bag‘riga oldi...
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |