www.ziyouz.com kutubxonasi
145
— Yaqinda kelgan. Sobir qozoqning uyini sotib olgan. Tanimasang kerak uni.
— Nima ishlari bor ekan?
— Men aytaymi, o‘zlaridan eshitasanmi?
— Chaqir.
Asadbek Jalilning izidan chiqib, oqsoqollarni videobarda kutib oldi-da, to‘rt kishiga
mo‘ljallangan ustolga boshladi. Bo‘tqa buyruqni kutmayoq, dasturxon bezadi. Qariyalar
yerto‘la ham shunaqa ajoyibxonaga aylantirilishi mumkin ekan, deb hayratlanib
o‘tirishdi. Bir piyoladan choy ichilgach, Soli ota deganlari ohista so‘z boshladi:
— Endi o‘g‘lim, biz otang rahmatli bilan vaqtida oshnachilik qilganmiz. To‘g‘ri odam edi.
Birovning ko‘nglini og‘ritmasdi.
— Joyi jannatda bo‘lsin, — deb gap qistirdi Jo‘ra cho‘loq deganlari. Soli ota «gap
qo‘shmay turing», deganday unga qarab oldi.
— Gap shuki, o‘g‘lim, sizdan ham rozimiz. Mahallaga xizmatlar qilib berdingiz.
Xizmatlaringizni unutmaymiz. Ammo bir ishingizdan norozimiz, shuni aytgani keldik.
— Ko‘pchilik norozi, yaxshi ish qilmabsiz, — dedi Jo‘ra cho‘loq.
Asadbek ajablanib, Jalilga qaradi. U «hozir o‘zing eshitasan», deganday im qoqdi.
— O‘g‘lim, bilasiz, mahallamiz eski, to‘kilaman, deb turibdi. Bitta katalakdekkina uyda
o‘nta oila. Bolalarimiz turmush qurib o‘z uylariga sig‘may ijaralarda o‘tirishibdi. Bu
eskilar qachon buzilarkin, qachon bizga ham uy tegarkin, deb kutaverib sarg‘ayib ketdik.
— Bunaqada sil bo‘lib ketish hech gapmas, — dedi Jo‘ra cho‘loq. Soli ota unga yana bir
marta norozi qiyofada qarab oldi.
Asadbek bu tashrif tashabbusi Soli otadan emas, aynan shu cho‘loqdan chiqqanini
anglab, g‘ijindi. Uzoqdan boshlangan gap mohiyatiga yetguncha toqat qildi.
— Gapning indallosi shuki, o‘g‘lim, bultur uylar buziladi, deb o‘lchab-netib ketishuvdi.
Endi eshitsak, buzilmasmish. Uzunquloq gaplarga qaraganda sen to‘xtatgan emishsan.
— Menmi? — Asadbek ajablandi. — Kim aytdi?
— Shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamay-di, — dedi Jo‘ra cho‘loq.
Asadbek unga qovoq uyub qaradi:
— O‘sha shamol qayoqdan keldi?
— Endi eshitdik-da, o‘g‘lim. «Ota-onam yashagan uyni buzdirmayman» deganmishsan.
Bir jihatdan sen haqsan. Mening ham ko‘zim qiymaydi. Sakson yildan beri ko‘rganim shu
mahalla. O‘ligim shu uyimdan chiqsa armonim yo‘q edi. Lekin ilojim qancha? Bolalarimga
achinaman. Qo‘lim kaltalik qilib, tuzukroq uy-joy eplab berolmadim. Nochorman-da...
— Soli ota, siz shu gaplarga ishondingizmi? Hukumat buzaman desa, mendan so‘rab
o‘tirarkanmi? Men hukumatga kimman? Hech kimman! Odamlar gapiraveradi-da.
— Odamlar ahmoq emas, bo‘lar-bo‘lmasga gapiraverishmaydi, — dedi Jo‘ra cho‘loq. —
Sizning kimligingizni bilamiz. Qayoqqa qo‘l uzatsangiz yetadi.
— Shunaqami?! — Asadbek qo‘lidagi piyolani ustol ustiga taq etib qo‘ydi. Jo‘ra cho‘loqqa
g‘azab bilan tikildi.
Jalil ham, Soli ota ham ish buzilganini fahmlashdi.
— Mayli, o‘g‘lim, xafa bo‘lma, odamlarning og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi-da, — dedi Soli
ota vaziyatni yumshatishga harakat qilib. Ammo g‘isht qolipdan ko‘chgan, suhbatni
davom ettirishning hojati yo‘q edi.
Asadbek bir ko‘ngli Bo‘tqani chaqirtirgisi, bu cho‘loqni ko‘chaga uloqtirgisi keldi. Yonida
o‘tirgan Jalil «o‘zingni bos», degan ma’noda soniga turtib qo‘ymaganida balki shunday
qilardi ham. Biroq, faqat jisman emas, aqlan ham oqsoq bo‘lganlar valdiraganida jim
o‘tirolmas edi. Bunaqalarning «Bopladimmi!» deb chiqib ketishiga yo‘l qo‘ya olmas edi.
— Sen kimsan o‘zing? — dedi Asadbek, Soli otaning gapiga parvo qilmay. Uning
dabdurustdan sansirashga o‘tishi Jo‘ra cho‘loqni andak dovdiratdi. U javobga og‘iz
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |