www.ziyouz.com kutubxonasi
139
Qamoqxonadagi uchrashuvda ular ruhan bir-birlariga yaqin edilar. Endi ular orasida olov
daryosi bor. Uni kechib o‘tish mumkinmi? Ular yana to‘qnashadilarmi — Xudo biladi.
Zohid chiqib ketdi. Ilmoqli gaplari bilan Sharifning yuragini tirnab ketdi. Haqiqat deb jabr
chekkanlari to‘g‘ri. Ammo bu jabrning rohati ham bor edi, tan olish kerak. Haqiqatdan
chekinmagan odamning ruhi erkin bo‘ladi. Dard cheksa-da, tiz cho‘kmagani uchun ruhi
yayraydi. Ana shu rohatdan o‘zi o‘z xohishi bilan voz kechdi. Ammo ruhi uning bu qarori
bilan kelisha olmaydi. Zindonda azob chekayotgan bandi kabi nola qilaverdi. Hozir Zohid
chiqib ketgach, bu nola yana boshlandi. Sharif o‘rniga o‘tirib, tirsaklarini stolga tirab,
boshini changalladi.
Eshikni qiya ochgan kotiba unga ajablanib qarab turdi-da, yengil yo‘talganday bo‘ldi.
Sharif boshini ko‘tarib unga qaradi.
— Telefonga qarang, — dedi kotiba.
Sharif telefon go‘shagini qulog‘iga tutishi bilan Asadbekning ovozini eshitdi:
— Tinchlikmi?
— Tinchlik.
— Tergovchi bola nimaga kelibdi?
— Shunday o‘zi...
— Chaynalmang.
— Sulaymonov bilan oralaringda nima gap o‘tgan edi, deydi.
— Qo‘rqib ketdingizmi? Qo‘rqmang. Bu bola bir o‘limtik chivin. Chaqib o‘ldirmaydi. Faqat
g‘ing‘illab g‘ashingizni keltiradi. Puf desak, chiqqan joyiga kirib ketadi. Omon bo‘ling.
Asadbek gapni qisqa qildi.
«Darrov qayoqdan bila qoldi, — deb o‘yladi Sharif, — hammayoqqa ayg‘oqchi qo‘yib
tashlagan shekilli?»
Sharif, Zohid aytganday, go‘l bo‘lmaganda, Qilich Sulaymonovning kotibasi nega
almashtirildi, deb o‘ylab qo‘yardi. Agar biron marta bo‘lsin shahar markazidagi uch
qavatli uy yerto‘lasidagi videobarga kirganda edi, kotibaning qaerdan kelib qolganini
fahm etardi.
Kotiba kirib yaqinginada videobarda ko‘pning jonini olgan nozli jilmayishi bilan yangi
xo‘jayiniga yaqinlashdi.
— Choy damlab beraymi, Sharifjon aka!
Sharifning dimog‘iga yoqimli atir isi urilib, ko‘ngli ravshanlashdi.
— Mayli, juda achchiq bo‘lmasin, — dedi kotibaga bir qarab olib.
Kotiba ustolning narigi chetidagi choynakni olish uchun orqadan aylanib o‘tmay,
Sharifning oldidan qo‘l uzatib egildi. Sharifning dimog‘iga atir isi gupirib urildi. Ko‘zi
kotibaning siynaband taqilmagan ko‘kraklari orasidagi ariqchaga tushib, ko‘ngli g‘alati
bo‘lib ketdi. Kotiba hech narsani sezmaganday qaddini rostlab, unga bir ishvali jilmaydi.
2
Birovga yomonlik qilmaydigan odamni «yaxshi odam» deyishadi. O‘zgalarga yaxshilik
qilmovchini-chi? Boshqalarga yaxshilik qilmaydigan odamning yomonlik istovchidan farqi
bormi?
Vinzavoddan uzoqlashayotgan Zohid shu savolga javob istar edi. Ustozi Habib
Sattorovich ilmga rag‘bati bor, iqtidorli olimga jonini ham berishga tayyor. O‘zining ishini
chetga surib, boshqaga yordam qo‘lini cho‘zadi. Bu yaxshilikmi — yaxshilik. Lekin
ko‘chada birov ochdan shishib o‘lyapti, desangiz, yordam berish uchun chiqmaydi. O‘sha
o‘layotgan odam olim desangizgina chiqishi mumkin. Bu-chi, bu ham yaxshilikmi yo
ablahlikmi? Sharif Namozov ham shu toifadanmi? Xo‘sh, Zohid nima qilishi kerak? Bu
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |