www.ziyouz.com kutubxonasi
137
— Davlat sotadi zavodni. O‘tirib qoladigan hamma zavodlarni bugun bo‘lmasa ertaga
albatta sotadi.
— Bu zavod... o‘tirib qolmagan. Katta foyda oladi.
— Hozirgi sharoitda milliarder zavod ham xarob bo‘lib ketishi mumkin.
— Yo‘q, bu mumkin emas.
— Mumkin.
— Bu mening qo‘limdan kelmaydi.
— Sizning qo‘lingizdan aralashmaslik kelar?
Sharif tushundi. Demak, Asadbekning rejasi ikki bosqichdan iborat: birinchisida boshqon
chetda turadi. Undan ko‘ra chapdastroq odamlar zavodni cho‘ktirishadi. «Norentabel»
degan ro‘yxatga kiritiladi. Ikkinchi bosqichda Sharif maydonga chiqadi. Yangi usuli bilan
zavodni «ko‘taradi».
— Foydaning to‘rtdan biri sizniki, — Asadbek shunday deb o‘rnidan turib, qo‘l uzatdi.
Sharif beixtiyor qo‘l berdi. Asadbek xayrlashish uchun qo‘l olishdimi yo shartni
tasdiqlatdimi — Sharif anglay olmasdan qoldi.
Oradan necha kun o‘tsa ham Asadbekning gaplarini o‘ylaydi. Mag‘zini chaqmoqchi
bo‘ladi. Hozir zavod to‘rt million so‘m sof daromad oladi. To‘rtdan biri — demak, million!
Yangi usulga o‘tilsa bu yana ko‘payadi. Xorijdan dollar ham oqib keladi. Nima, u
millioner bo‘ladimi? Bunga bir ishonib — ko‘ngli yayrab ketadi. Bir ishonmay, ko‘ngliga
g‘ulg‘ula oralaydi. Prokuraturadan Zohidning kelgani haqidagi xabar vujudida
mudrayotgan o‘sha g‘ulg‘ulani uyg‘otdi. Garchi Zohid yomonlik qilmagan bo‘lsa-da,
Sharifda unga nisbatan nafrat zohir edi. U, shubhasizki, Zohidning yuragida qanday dard
borligini bilmasdi. Sharif uchun milisa ham, prokuror, tergovchi ham bir — surishtirib
o‘tirmay qamaydigan odamlar. Sharif endi ish boshlagan damda, ro‘parasidagi
qorong‘iliklar chekinib, uzoqdagi tilla cho‘qqilar ko‘rinib, o‘sha tomon talpinib
yashayotgan paytda kasbi qamashu xo‘rlash bo‘lmish bu odamni ko‘rishni istamas edi.
Ammo prokuraturadan kelgan odam uning istagi bilan hisoblashmaydi — shunisi chatoq.
Sharif o‘zi bilan picha olishib o‘tirgach, kotibasini chaqirib, «kiraversin», dedi.
Ularning so‘nggi uchrashuvi qamoqxonada bo‘lgan edi. Unda Zohid o‘rnidan
siljimaydigan taxta ustol ortida o‘tirardi. Sharif xonaga qo‘llarini orqasiga qilib, o‘limini
bo‘yniga olgan odamday qaddini egib kirgan edi. Hozir esa... keng xonada, ustiga to‘rtta
telefon qo‘yilgan katta ustol ortida Sharif o‘tiribdi...
Eshikdan Zohid kirib keldi. Orqasida soqchi emas, kotiba ko‘rinib, Zohid ichkariga qadam
qo‘yishi bilan eshikni yopib oldi. Zohidning qo‘llari orqasida emasdi. Qaddi ham
egilmagan, yurishi dadil edi. U «kutib tursin», degan gapni eshitganidayoq boshqonning
uchrashuvga hushi yo‘qligini sezgandi. Ichkari kirib, Sharifning qimirlamay o‘tirganini
ko‘rgach, bir g‘ashlandi. Ammo odob yuzasidan salom berdi. Sharif bosh irg‘ab alik oldi.
Qo‘li bilan ro‘parasidagi stulni ko‘rsatib, «o‘tiring», degan ishorani qildi. Uning
dushmanni kutib olganday qarshilashi Zohid uchun kutilmagan hol edi.
— Eshitaman, — dedi Sharif, Zohidga qarashga botinmay. U tergovchini xushlamay
qarshi olgani bilan sarosimadan hali qutulmagan edi. Shu sababli ham unga tik qaray
olmadi.
Zohid esa unga tikilib turdi. «Men hali shunga achinuvdimmi? Shuning begunohligini
isbotlamoqchi edimmi? Qamoqda chirib ketadigan to‘nka ekan-ku?» deb o‘yladi.
Zohid Jalolshilimshiqning ishi bilan band bo‘lsa-da, Sharif Namozov taqdiri, vinzavod
atrofidagi hangomalarni o‘rganishdan butunlay voz kechmagan edi. U hali Jalolshilimshiq
Asadbekning yaqinlaridan biri bo‘lganini bilmaydi. Bilganda edi, «Asadbek lozim bo‘lgan
mahalda sizni ham shu yigitday o‘ldirtirib yuboradi», deb aytarmidi... Zohidning bu
dargohga kelishidan maqsadi dastlabki ish bo‘yicha haqiqat tagiga yetish. Nima uchundir
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |