www.ziyouz.com kutubxonasi
133
Yanga kim bo‘larkin? Kichik xolasi durust. Kattasi sal qo‘polroq, bema’ni gaplarni ham
aytvoradi.
«...Otabekning yurak urishi ehtimol yangasiga ham eshitilar edi...»
Yangasiga eshitilmas balki, ammo u eshitadi. O‘z yuragining qafasdagi qushday
potirlashiga hamohang bo‘ladi...
«...Otabek uyga kirgandan keyin yangasi tashqari chiqib, eshikni o‘zi ko‘rarli qiya qilib
yopdi...»
Kichik xolasi mo‘ralamaydi, gap poylamaydi. Unga aytib qo‘yadi: eshikni zich yopib
ustlaridan qulflaydi...
«...Uyning to‘rida yonini Otabekka berib, ro‘molining uchini tugibmi, yirtibmi Kumushbibi
turadir va kim keldi, deb yoniga qaramaydir...»
U ham shunday turadi. Darrov qaramaydi, sirini oshkor qila qolmaydi...
«...Ro‘mol tugish bilan mashg‘ul latif qo‘llarni chet qo‘l kelib siqdi.
— Jonim!»
Bu onni, bu jon olg‘uchi birgina so‘zni u necha yil kutdi? Uning azoblariga necha tun
guvoh bo‘ldi ekan? Tundan so‘rab ko‘rish kerak: muhabbat olovida qovjirayotgan undan
boshqa yana bitta qiz bormikin dunyoda? Shunda ham...
«...Kumushbibi begona qo‘ldan seskandi va qo‘llarini qutqazmoqqa tirishib:
— Ushlamangiz! — dedi ham siquvchi qo‘ldan qutulish uchun orqaga tislandi...»
...Shunda ham Kumushbibi singari qo‘lini tortib oladi. Siltab emas, asta, noz bilan tortadi
— uning xayoliga boshqa gap oralamasin, ko‘ngli ozor chekmasin. Shunda u...
«...Titragan va qovjiragan bir tovushda:
— Nega qochasiz?! Nega qaramaysiz?! — dedi Bek, Kumushbibi shu choqqacha
qaramagan va qarashni ham tilamagan edi...»
...Shunda u ovozi titramasa ham aytadi bu gapni. Axir, nimadir deyishi kerak-ku?
«...Majburiyat ostida, yovqarash bilan sekingina dushmanga qaradi. Shu qarashda
birmuncha vaqt qotib qoldi...»
Yo‘q, yovqarash qilmaydi, xumor ko‘zlari bilan qaraydi. Uyalibgina qaraydi. Bu
qarashning muddati yashin umri misol qisqa bo‘ladi...
«...Shundan keyin bir necha qadam bosib Otabekning pinjiga yaqin keldi va
esankiragan, hayajonlangan bir tovush bilan so‘radi:
— Siz o‘shami?...»
Nima uchun shunday deydi?
Zaynabimizning xayolidagi to‘y shu yerga kelganda uzilar edi. Kuyovga shunday deyish
uchun sabab axtarardi... Sababini beshafqat hayotning o‘zi topib berishini u qaydan
bilsin? Xayolidagi to‘y sarob ekani, isiriq tutatilmasligi, shamlar yoqilmasligi, hatto...
katta xolasi yanga bo‘lishi, chimildiqqa nomusli qiz emas, yukli juvon bo‘lib kirishini,
Otabek — jingalaksochli yigit emasligini o‘shanda bilganida o‘zini yoqib yubora
qolmasmidi? Xo‘sh, bilgach-chi? Uni nima ushlab qoldi? O‘g‘irlangan kuniyoq xayolidagi
to‘y barham topganini anglagan edi-ku?.. Xayolidagi to‘y barham topgani to‘g‘ri, ammo
Jamshidga bo‘lgan muhabbati so‘nmagan edi. Bu muhabbat so‘nishi uchun avval uning
o‘zi o‘lishi kerak. Avval muhabbatni so‘ndirib, so‘ng o‘lish uning qo‘lidan kelmaydi.
Zaynabdagi muhabbat alangasi zo‘rmi yo Elchindagi qasos o‘timi — o‘lmasak bunga ham
ajrim toparmiz.
Hozir esa... Zaynab nomi chimildiq, aslida ovrupocha qilib yaxshilab yasatilgan yotoqda,
to‘shakning bir chetida omonat o‘tiribdi. Katta xolasi «o‘zingga mahkam bo‘l», deb chiqib
ketgan. Eshik qiya ochiq. Kumushbibining yangasiga o‘xshab mo‘ralash uchun atay ochib
qo‘ymadi. Tasodifan shunday bo‘ldi shekilli.
Zaynab kuyov bo‘lmishning bir vaqtlar mashhur qo‘shiqchi ekanini eshitganidan beri
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |