www.ziyouz.com kutubxonasi
127
Anvar sahifalar orasiga barmog‘ini qo‘yib, kitobni yopdi.
— Bo‘ldimi, endi ishondingizmi?
— Sen endi, o‘qiganingni manga tushuntirib ber.
— Xudo iymonni farz etti, demoqchi.
— O‘qiganingda Xudo degan so‘z yo‘g‘idi-ku?
— Yazdon — Xudo degani. Qahhor, Jabbor deganda ham Xudoni anglaydilar. Xudoni
anglatuvchi so‘zlar ko‘p.
— Bolamdan aylanay, shuncha narsalarni bilasanu pismayib, indamay yurasan-a?
Onamning ko‘zlari ko‘r bo‘p qogan, shu bechoraga yaxshi narsalarni o‘qib beray, aytib
beray, demaysan. Man saning noningga zormasman, bolam, yaxshi gapingga zorman...
— Risolat kampir keyingi gapini hasrat ohangida aytdi. Ovozi titrab ketganini sezgan
Anvarning yuragi siqildi.
— Oyijon, kitobni hozir olib keldim. Hali o‘zim ham o‘qib chiqqanim yo‘q. Shpioningiz
bexato ishlashini bilganimda, yo‘ldayoq o‘qib kelardim.
— Gapni darrov egrilikka burma. Mani kelinimdaka kelin yo‘q bu dunyoda. Shpionlik qilib
uyiga gap tashibdimi, yo ko‘cha-ko‘yda valaqlab yuribdimi? Xudoga shukr qilsang-chi?
Anvar onasining osonlik bilan chekinmasligini bilgani uchun doim qo‘llaydigan himoya
usuliga o‘tdi — gapni hazilga burdi:
— Menday er nasib qilganiga Xonzodangiz shukr qilsin.
— San bolaga xotin zotining chidashi qiyin.
— Oyi, tergov tamom bo‘ldimi?
— Chiqib keting, demoqchimisan? Haydamasang ham ketaman.
Risolat kampir o‘rnidan qo‘zg‘almoqchi edi, Anvar tezgina borib yoniga o‘tirdi-da,
yelkasidan quchdi.
— Xuddi xo‘ja qiziga o‘xshaysiz-a? Jahlingiz chiqmasin, hazillashyapman. O‘zim hozir
yoningizga chiqmoqchi edim. So‘raydigan gaplarim bor.
— Bolani tug‘ib, boqib-boqib, qariganingda yoqmay qolarkansan, — dedi Risolat kampir,
arazini davom ettirib.
— Buvamning xatlarini o‘qidim. Hammasida afsus chekyapman, deganlar. Nimadan
afsuslanishlari mumkin?
— Bilmayman.
— Nimadan afsuslanishlari mumkin? — dedi Anvar o‘ziga o‘zi gapirayotganday. — Qilgan
xizmatlarigami yo yoshlikdagi xatolarigami? Balki yoshlik chog‘larida biror do‘stlariga
xiyonat qilgandirlar?
— Gaping qursin sani, adam rahmatli chumoliga ham ozor bermasidilar. Chaquvdan
bo‘lgan hammasi. Stalinga qarshi to‘ntarish yasamoqchi, deb tuhmat qilishdi. Stalinday
odamni to‘ntarib bo‘larkanmi?
— Harholda qiziq... Shoakbar Zunnuniyni o‘n to‘qqizinchi yilda Buxoro amiri ostirgan.
Oradan o‘n sakkiz yil o‘tgach, uning do‘stini — mening buvamni qamashgan. Ikki
hammaslak do‘stning biri eski tuzumga yoqmagan, ikkinchisi yangisiga... — Anvar bir
qo‘li onasining yelkasida, ko‘zi deraza ortida yog‘ayotgan qor zarralarini ilib olayotgan
daraxt shoxlarida edi.
— Aqlli odamning dushmanlari ko‘p bo‘ladi, bolam.
— Buvimga qiyin bo‘lgan ekan-da.
— Oyim boyaqish hasratda o‘tdilar, — Risolat kampirning ko‘ngli to‘lib, yengining uchi
bilan ko‘zyoshini artdi.
— Yuring, oyi, tanchangizda bir oz o‘tiraylik, oyog‘im qaqshab qoldi, — Anvar shunday
degach, kampir o‘rnidan turdi.
Anvar onasini uyiga kuzatib, birpasgina o‘tirib qaytmoqchi edi. Onasi atayin uni ushlab
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |