www.ziyouz.com kutubxonasi
108
Jalolshilimshiq Elchinning vajohatiga qarab «baribir o‘ldiradi», deb o‘yladi. «Men
o‘lamanu ular maza qilib yurishsinmi?.. Ularni ham topib o‘ldirsin...» degan niyatda
shoshilib-shoshilib gapirardi. O‘lim sharpasi yuzu ko‘zini silay boshlaganida gunohlarga
tavba qilish kerak, deb unga hech kim aytmagan. Jon shirinligini shu paytgacha his etib
ko‘rmagan, necha odamni xonavayron qilib, nechtasi ko‘ksiga pichoq sanchganda qo‘li
qaltiramagan bu banda tavba degan tushunchadan ancha yiroq edi. Hozir tasodif ro‘y
berib, bo‘ynidagi silliq kanop yechib yuborilsa, narida turgan kavkazlik yigitlar ko‘zdan
yo‘qolsa, Elchindagi hayajon uchquni vahshiy alangaga aylanmay turib, uni jon taslim
qilishi aniq bo‘lib qolardi. Tasodif ham, mo‘’jiza ham yuz bermaydi. Hademay, qo‘l
cho‘ntakdan chiqadi. Nima olib chiqadi — pichoqmi, to‘pponchami? Yo o‘lasi qilib
do‘pposlab, so‘ng daraxtga osishadimi? Jalolshilimshiq shuni bilmaydi.
— Demak... Birinchi Asadbek kirdimi?
— Ha... u oldin ham kelib yurarkan. Endi senlarga... devdi... Keyin... Jamshid
qizg‘anib...
Jalolshilimshiqning gapi og‘zida qoldi. Tumshug‘iga tushgan musht zarbidan boshi
daraxtning zarang tanasiga zarb bilan urilib, gangib hushidan ayrilay dedi.
— Bekor aytibsan, itvachcha! — dedi Elchin xirillab. U o‘ljasidan bu gaplarni kutmagan
edi. O‘lishi lozim bo‘lgan o‘ljasi Noilasining nomini bulg‘ab qo‘ydi. Shu gap endi o‘t
olayotgan vahshiy alangaga moy sepdi. Elchin hushini tamom yo‘qotdi.
Jalolshilimshiqning tum-shug‘iga yana bir-ikki musht tushirgach, so‘ng chotiga tepdi.
Jalolshilimshiq dod solib o‘kirdi. Qorniga ham tepki yegach, nafasi qaytib xirillab qoldi.
Elchin uning kiyimlarini yulqib, yecha boshladi.
Katta ko‘chadagi mashinalar shu yerga kelganda bir oz sekinlardi. Odamlar yo‘l chetida
nimalar sodir bo‘layotganini ko‘rishardi-yu, to‘xtashga yuraklari betlamasdi, yo Xudo
«qo‘y, to‘xtama, bu bandam shu jazolarga loyiq», deb ko‘ngillariga solarmidi, harholda
yana mashinalarini tezlashtirib ko‘zdan yo‘qolishardi.
Elchin nima qilayotganini o‘zi bilmay qoldi. Pichoqni chiqarib uning erkakligini shart kesib
tashladi. Vahshiy alanga tillari uning esini olgan, ko‘zini ko‘r qilib qo‘ygan edi. Sal narida
turgan kavkazlik yigitlar ham Elchindan bunday vahshiylikni kutishmagan edi. Elchin shu
alanga o‘tida qovurilib, panjalarni kesishni unutdi. To‘lg‘onishga ham quvvati qolmagan
Jalolshilimshiqning chap ko‘ksiga pichoq sanchdi.
U qasos umidida yurgan kezlari mal’unning ko‘ksiga pichoq sanchsam, taskin toparman,
deb o‘ylardi. Mana pichoq ham sanchildi. O‘ljasining kallasi Iso Masihning boshiday
yonga egilib, osilib qoldi. Yigitlar yaqinlashib, jonsiz yalang‘och tanani daraxt shoxiga
osishdi... Elchin qasos lazzatini bilolmay qoldi...
...Prokuratura tergovchisi Zohid Sharipov bu manzaradan bexabar, o‘zicha taxminlar
qiladi, kalavani yechmoqchi bo‘ladi. Holbuki, kalavani yechmoq uchun avval uning uchini
topmoq kerak. Zohid uni topa oladimi— hozir bilmaydi. Kechga borib oldidagi qora parda
asta-sekin ko‘tarila boshlaganday bo‘ldi. Avval mashina taksoparkdan o‘g‘irlangani
aniqlandi. Korxona rahbarlarining yap-yangi mashinani o‘g‘irlatib qo‘yib indamay
o‘tirishlari Zohidni ajablantirdi. Mashina biron haydovchiga biriktirilmagan, belgi raqami
ham olinmagan. Haydovchilar yangi mashina kelishini orziqib kutishadi, unga ega chiqish
uchun rahbariyatga falon so‘m pora berishadi. Nahot bundan bexabar qolishsa?
Taksopark Zohid avval ishlagan deparada joylashgan edi. Zohid Hamdam Tolipovni
topib, shu masalani yechishni topshirdi.
Murda tirikligida Shilimshiq laqabi bilan yurgan Jalol Komilov ekani aniqlangach, Zohid
kalavaning uchini topganday bo‘ldi. U qotillik tasodifan yuz bermaganiga ishonardi.
Jalolshilimshiq bundan yigirma yil muqaddam, o‘smirlik chog‘ida bir marta qamalgan.
«Odobi va mehnatsevarligi bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lgani, gunohidan astoydil
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |