www.ziyouz.com kutubxonasi
234
tikdiray. Balki hazrat onamlar ham birga kelurlar. Soqchilar, xizmatkorlar o‘rmon ichida,
sizning ko‘zingizga tashlanmaydigan uzoqlikda tururlar. Sizdagi osudalig-u musaffolik biz
uchun noyob bir shifo. Bu soflig-u sokinlikni men ko‘z qorachig‘iday asragaymen!
Hamida begim ham o‘g‘li va kelini bilan bu yerlarga kelishi mumkinligi Salim otaga
yoqimli tuyuldi. Hamidaning diydoriga yoshligida to‘ymay qolgan Nizom endi keksayib
Salim ota bo‘lganda bu tengsiz ayol bilan ma’naviy muloqotda bo‘lishni juda istardi. Shu
hammasi sabab bo‘lib, u Akbarning taklifiga rozilik berdi.
* * *
Ertalab oftob chiqqanda Salim otaning kulbasidan tushgan uzun soyalar kunbotish
tomondagi kimxob chodirga tushdi. Tong payti uyqudan qushday yengil bo‘lib turgan
Akbar va Jodha Bay ko‘lning tiniq suvida yuvinib, o‘z chodirlariga qaytmoqda edilar.
Akbar chodirga tushgan uycha soyasini Jodha Bayga ko‘rsatib:
— Biz uchun bu — baxt qushining soyasidir! — dedi.
Akbar bilan ilk nikoh kechasini ham Sanganirdagi chodirda kechirgan Jodha Bay:
— Salim ota chindan rishi* ekanlar! — deb shivirladi.
U haramning asabiy muhitida uyqusizlikdan qiynalib, rangi o‘chib yurardi. Bir haftadan
beri shu chodirda Akbar bilan turib, qoracha yuziga yana qon yugurdi, olovli jozibasi
qayta tiklanib, ko‘zlarida yulduzlar chaqnay boshladi. Akbar ham uning yonida barcha
g‘am-tashvishlarini unutib, o‘zini tabiat bag‘rida yayrab yurgan kiyikday xotirjam va
erkin sezadi. Faqat gohida Jodha Bay bu mas’ud kunlarini omonat sezib, qahri yomon
Shivadan va uning falokat yuboruvchi xotini Durgadan qo‘rqa boshladi. O‘rmonda
ibodatxona yo‘q, Jodha Bay homilani asrovchi ma’budalar — Lakshmi va Shakti*ning
kumush haykalchalarini chodir burchagiga qo‘yib ularga erta-kech sig‘inib turadi. Salim
ota chodirga kelganda haykalchalarni ko‘radi-yu, Kabir to‘g‘risida so‘z ochadi:
— Hindlar ibodatxonaga borurlar, musulmonlar masjidga. Kabir esa ular ruhan
birlashgan joyni izlaydir. — Salim ota Jodha Bay bilan Akbarni oldiga o‘tkazib, Kabirning
hindcha she’rlaridan o‘qiy boshladi. Jonli xalq tilida aytilgan olovli she’rlarning har bir
bayti Jodha Bayning qalbiga zavq, quvonch, kuch-qudrat olib kirganday bo‘ldi: —
Qarang, Kabir aytadirki, imon-u ixlos — faqat odamning dilida yashasagina atrofini obod
qilgay. Muttasil yomg‘ir yoqqan bilan ibodatxonaning tosh haykalida yoki masjidning
g‘isht devorida biron narsa unib-o‘sgaymi? Shuning uchun Kabir inson dilini o‘ziga
sajdagoh qilmishdir. «Ey, odam! — dedi Kabir. — Muhabbat bilan shafqatni, neklik bilan
baxtni mullodan yoki brahmandan tilab ovora bo‘lma, ularni senga chetdan hech kim
tayyor holda berolmagay. Muhabbat ham, shafqat ham, neklik bilan baxt ham faqat o‘z
qalbing ishtirokida, o‘z fazilatlaring-u mehnatlaring tufayli yuzaga kelgay!»
Jodha Bay Salim otani dunyoning barcha sir-u asroridan xabardor kishi deb ishongani
uchun ham, uning aytgan gaplaridan behad qattiq ta’sirlanar va ilgarigi qo‘rquvlaridan
qutulib, o‘ziga ishonchi ortib borardi. Ayniqsa, ota yod biladigan Kabir she’rlarida
hindmuslim yakdilligi ulug‘langan sari Jodha Bayning dili yayrab, ko‘ngli ko‘tarilardi.
— Sizlarga Kabirning ulug‘ ruhi madad bergay! Chunki ikkovlaring ikki xalqdan chiqqan
yakdil oila bo‘lib, Kabirning orzusini ham amalga oshirmoqdasizlar!
Kechasi chodirda Akbar Jodha Bayni quchib, erkalatar ekan:
— Chindan ham, biz — bir tandagi ikki jonmiz! — dedi.
Jodha Bay esa qalbi tagida o‘sayotgan farzandini ikki dilning qo‘shilishidan paydo bo‘lgan
uchinchi bir jondek his qilardi.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |