www.ziyouz.com kutubxonasi
230
ovoza bo‘lgan, hali markaziy davlatga bo‘ysunmagan rajput rojalarining unga
munosabati o‘zgara boshlagan edi. Chitordagi jang Akbarning boshqa rajput
qo‘rg‘onlarini olishga ham kuchi yetishini ko‘rsatdi. Behuda qon to‘kilmasin uchun Akbar
goh Bhagvan Dasni, goh Man Sinxni dushmanlik ruhida yurgan rajput qo‘rg‘onlariga
elchi qilib yuborar edi. Bundi viloyatidagi eng mustahkam qo‘rg‘on — Rantxambxor
qamal qilingan paytda esa Akbarning o‘zi navkar kiyimini kiyib, elchi Man Sinxning
yonida oq bayroq ko‘targancha qal’aga kirdi. Qal’a himoyachilarining boshlig‘i Surjan
Rao avval Akbarni tanimadi. Man Sinxni jerkib:
— Senlar rajput g‘ururini yerga bukdilaring, Jaypurni urushsiz topshirdilaring, muslimlar
qancha kamsitsalar ham bo‘yin egib turishlaring uyat emasmi?— dedi.
— Biz qaysi kamsitishlarga bo‘yin egibmiz, maxaroja? — deb so‘radi Man Sinx.
— Jizya solig‘i olish — kamsitish emasmi? Rajput sarkardasi devoniomga qurol taqib
kirishi mumkin emas. Demak, podsho senga ishonmaydi. Bu — kamsitish emasmi?
Rajput qizlari saroyga tortiq tarzida yuborilishi kerak. Podsho uni qonuniy qilib nikohiga
olmasa! Faqat vaqtinchalik joriya... Kamsitish bundan ortiq bo‘lurmi?
Akbar mag‘rur el bo‘lgan rajputlarning bu gina-kuduratlarini navkar kiyimida turib o‘z
qulog‘i bilan eshitgandan so‘ng:
— Maharoja, — dedi Surjonga, — siz haqsiz, bu kamsitishlar bartaraf etilmog‘i kerak.
Shu shart bilan sulh tuzishga rozimisiz?
Surjon Raoning atrofidagi mulozimlardan biri Dehlida Akbarni ko‘rgan ekan, uni tanib
qolib:
— Maharoja, bu so‘zlarni sizga Akbarning o‘zi aytmoqda! — dedi.
Elchi Man Sinx ham oq bayroq ko‘tarib kirgan navkarning Akbar ekanini endi aytdi.
Surjon Raoning odamlaridan biri:
— Darhol tutmoq kerak, g‘alaba bizniki bo‘lg‘ay!— dedi.
Ammo Akbar Surjon Raoga qarab:
— Men sizning mard, olijanob sarkarda ekanligingizga ishonganim uchun huzuringizga
o‘zim keldim,— dedi. — Bizda «Elchiga o‘lim yo‘q» degan maqol bor!
Surjon Rao Akbarning dovyurakligiga tan berdi-yu:
— Rajputlar ham oq bayroq ko‘tarib kelgan kishiga tajovuz qilmaydigan mard ulusdir! —
dedi.
Shundan keyin Bundi viloyatidagi urush — yarashga aylandi. Akbar Surjon Rao qo‘ygan
shartlarni qabul qildi. «Rajputlar ham devoniomga qurol taqib kirishi, qal’a darvozasi
oldigacha naqora chaldirib borishi, jizya solig‘ini to‘lamasligi, otlariga podshoning
tamg‘asini bosmasligi (kuydirib bosiladigan temir tamg‘adan otning sag‘risida yomon
dog‘ qolar edi) mumkin» degan yangi qonun joriy etildi. Surjon Rao ikkita o‘g‘lini bir
necha ming rajput yigitlari bilan Akbar xizmatiga yubordi.
Bundi viloyati shu shartlar asosida Akbar davlatiga ixtiyoriy ravishda qo‘shilgandan keyin
g‘arbda Jaysalmir, Bikanir, Joudxpur, janubi sharqda Qalanjar kabi rajput viloyatlari ham
markaziy davlatga qo‘shilish haqida jiddiy o‘ylay boshladilar. Ikki orada turgan
vositachilar yuqoridagi shartlardan tashqari rajput rojalariga Akbarning nomidan so‘z
berdilarki, agar ular podshoni kuyovlikka munosib ko‘rsalar, saroyga yuboradigan qizlari
Jodha Bay kabi qonuniy nikohdan o‘tadi, hindcha rasm-rusmlariga bemalol rioya qilib,
izzat-ikromda yashaydi.
Bikanur rojasi Kahana Rao Akbarning qalamraviga ixtiyoriy ravishda o‘tdi-yu, o‘zining
go‘zal qizini Akbarga nikohlab bermoqchi ekanini aytdi. Maxsus karvon Bhagvan Das
boshchiligida Agradan Bikanurga borib, bu qizga podshoning sovg‘a-salomlarini yetkazdi,
so‘ng uni sepi va qarindoshlari bilan poytaxtga olib qaytdi. Qal’ada bu qiz ham Jodha
Bay kabi Akbarning nikohiga o‘tdi, saroy ahli uni qonuniy malikalardan biri deb tan oldi.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |