www.ziyouz.com kutubxonasi
232
— Yoshim yigirma yettiga kirdi, hamon o‘g‘ilga zormen. Bu ne badbaxtlikki, bir emas ikki
o‘g‘ilni tuproqqa topshirdim! Mudom jang-u jadallarda, xavf-u xatar ichida yuribmen.
Kunim bitsa ota-bobolar merosini kimga topshirib ketgaymen?
Salim ota tasalli berishga shoshilmay sukut saqladi. U so‘nggi marta Dehlida Hamida
begim bilan ko‘rishganda, begim ham nevarasi yo‘qligidan ko‘p armon qilgan. Akbarning
harami katta bo‘lib ketganini, bo‘yida bo‘lgan kelinlari ham kundoshlik do‘zaxida
homilani asrab qololmayotganini kuyunib so‘zlagan edi.
— Ehtimol, irsiyat ham sababchidir, — dedi Salim ota. — Hazrat otangizning ham
birinchi o‘g‘illari turmagan. Keyin siz tug‘ulganingizda otangiz... O‘ttiz to‘rt yoshda
bo‘lganmilar?
— Nahotki, irsiyat meni ham o‘sha yoshgacha o‘g‘ilga zor qilsa?
— Siz bobongizga tortgan bo‘lishingiz mumkin.
— Lekin otam tug‘ilganda bobom yigirma besh yoshda bo‘lganlar. Men bu yoshdan
o‘tdim.
— Shoh o‘g‘lim, agar sizga og‘ir botmasa, dilim sezgan achchiq bir haqiqatni aytay.
— Mayli, og‘ir botsa ham ayting!
— Irsiyat — noyob bir gavhardir. U avloddan avlodga butun holida o’tsagina yashab keta
olgay. Agar yirik gavharni maydalab kukun qilib sochsangiz, uning gavharligi qolmagay.
Akbar Salim otaning nima demoqchiligini fahmlab, yuzi xijolatdan bir qizardi. Lekin diliga
qadalib turgan zaharli tikanlarni Salim ota bexato topgani uni qoyil qildi. Bu tikanlarga
birov teginsa dili ozorlanadi, ammo ularni sug‘urib olib tashlamaguncha vujudidagi
karaxtlik, ruhidagi so‘niklik yo‘qolmaydi. Qalbi ozor cheksa ham, bu tikanlarni faqat
Salim otaning qo‘li bilangina olib tashlashi mumkinligini sezgan Akbar:
— So‘zingiz haq, davom eting, ota! — dedi.
— Tabiat hamma jonzotlardan o‘ziga munosib nasl yaratgay. Yigirma-o‘ttizta echkiga
bitta taka. Undan ham ko‘p sovliqqa bitta qo‘chqor. Lekin echkidan uloq tug‘ulgay,
sovliqdan — qo‘zi. Ulardan arslon tug‘ulmagay! Siz esa insonsiz. Insonlardagi juftlik
arslonlarga o‘xshashdir. O‘rmonda arslonlarni ko‘rgansiz. Ota sher ona sherga qanchalik
mehribon, qanchalik sodiq! Ana shu tufayli irsiyat gavhari bir nuqtaga jam bo‘lib,
avloddan avlodga butun o‘tgay, so‘ng ota-onasiga munosib sherlar tug‘ulgay. Sizning
ota-onangiz Sind o‘lkasida, Tar sahrosida bir-birlariga sherlarchla mehr-u oqibat
ko‘rsatganlari uchun siz ham sherbachchaday sog‘lom, ko‘hlik, dovyurak bo‘lib
tug‘ulgansiz.
Akbar o‘zining suyib uylangan xotini Jodha Bay shu kunlarda yana homilador bo‘lganini
esladi.
— Salim ota, siz aytgan sherlikni mening ham qilgim bor. Faqat... qanday qilib Jodha
bayni kundoshlar muhitidan qutqarishim mumkin? Uni qayerga olib ketay? Maslahat
bering!
Salim ota hassasiga tayanib o‘rnidan turdi:
— Qani, yuring, avval men sizga o‘z kulbamni ko‘rsatay.
________________
* Arg‘uvon rangli kiyimni jangda shahid bo‘lishni bo‘yniga olgan rajputlar kiygan.
* R a n t x a m b x o r, J o u d x p u r — Rajputana o‘lkasidagi viloyatlar.
* R a s u l u l l o h — Allohning elchisi, ya’ni Muhammad payg‘ambar.
* * *
Tor so‘qmoq ularni o‘rmon chetidagi yalanglikda turgan mo‘jazgina dehqoncha uy oldiga
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |