www.ziyouz.com kutubxonasi
229
Akbar Chitorda behuda to‘kilgan qonlar uchun o‘zini aybdor sezadi. Bu qal’aning mard
himoyachilari Jaymal va Pattaga ich-ichidan tan bergani uchun hind haykaltaroshlariga
buyurtma berib, ularning marmar haykallarini yasatdi.
Bu orada Agrada yangi La’l Qal’a qurib bitirilgan edi. Fil ustida o‘ltirgan Jaymal va
Pattaning haykallari Akbarning buyrug‘i bilan qal’a darvozasining ikki tomoniga o‘rnatildi.
Qal’a ichida Jodha Bay uchun hindcha ibodatxona qurilganidan norozi bo‘lib yurgan
mutaassiblar endi qal’aga kiraverishda ko‘zga tashlanib turadigan haykallarni ko‘rib
«budparastlik bizga makruh!» deyishar va yuzlarini burishtirib o‘tishardi. «Podshomiz
g‘ururga berildi, o‘z g‘alabasini ko‘z-ko‘z qilmoq uchun majusiylarga haykal o‘rnatdi»,
deb, Akbarni chekka-chekkada yomonlab yurgan beklar ham bor edi. Xufiyalar podshoga
hamma gapni yetkazib kelishardi. Uning qabuliga kelgan sipohilar va mulozimlar ham
bir-birlarining ustidan shuncha ko‘p chaqimchilik qilishar, bir-birlari haqida shunday
yomon ma’lumotlar berishar ediki, goho Akbarning odam zotidan ixlosi qaytib ketardi.
Hech kimni ko‘rgisi va hech kim bilan so‘zlashgisi kelmay qolar edi.
Hozir shu o‘rmonda nuroniy chol Salim otaga dilini yorib:
— Odam nechun bunday yaratilgan? — dedi Akbar. — Marhum enagam bergan bu
savolga hamon javob topolmaymen... Faqat boshqalar emas, o‘zim ham... g‘azab ustida
shafqatsiz ishlar qilib, keyin bundan iztirob chekib yururmen... Chitorda qancha begunoh
qonlar to‘kildi. Vijdon azobini bosmoq uchun halok bo‘lganlarning ikkitasiga haykal
qo‘ydirsam... odamlar shundan ham ayb topmoqdalar.
— Rost, inson zoti dahshatli ziddiyatlar iskanjasiga tushib qolmishdir. Tashqi olamda
unga adolatsiz muhit, shafqatsiz zamona azob berur. Ichida esa ushalmaydigan orzular,
turli istak-intilishlar, nafs-u g‘urur xuruj qilur. Agar inson zoti shu ichki-tashqi ziddiyatlar
iskanjasidan qutulsa olamda undan qudratli, undan dono, undan mukammal jonzod to-
pilmagay.
— Bu iskanjadan qutulish mumkinmikin o‘zi, Salim ota?
— Faqat insoni komilning qutulmog‘i mumkin.
— Insoni komil — rivoyatlardagina bor. Hayotda men hech ko‘rmadim.
— Insoni komil — mutlaq haqiqat kabi yuksak e’tiqoddir. Qalbiga shu e’tiqodni joylagan
odam tashqi olamdan ham, o‘z dilidan ham nuqson-u illatlarni baholi qudrat yo‘qotib
borgay. Takomil yo‘li — botiniy dunyo orqali o‘tgay. Har birimizning ichimizda nafs,
obro‘parastlik, boshqa o‘jar istaklar borki, ular goho tashqi dushmandan ham xatarliroq
bo‘lur. Ularni yengish — o‘rmondagi arslonni yengishdan ham kattaroq matonat talab
qilgay. Agar tashqi dushmanni yengsangiz-u ichingizdagi nafs, g‘azab, shahvat kabi
balolarni yengolmasangiz, ular g‘olib kelib, sizga yomon ishlarni qildirsa, narigi katta
g‘alabangiz tatimagay. O‘zingizdan o‘zingiz yengilib, ta’bingiz kir bo‘lib yurganingiz —
yomon bir mag‘lubiyat emasmi?
Salim ota Akbarning vujudini karaxt qilib turgan sovuq muzni o‘zining haroratli nafasi
bilan eritayotganday bo‘ldi. Akbar shu haroratga dilini yanada yaqinroq tutgisi kelib:
— Rost! — dedi. — Tashqi zafarlarim ichidan kutilmagan dilsiyohliklar chiqib kelmoqda,
men ularga qarshi chora topolmay lolmen!
Salim ota Akbarning ochiqroq so‘zlashini kutib, yuziga tikilgancha jim turdi. Lekin Akbar
oxiri haramga borib taqaladigan o‘ta chigal dilsiyohliklar haqida qanday so‘z ochishni
bilmay bir lahza sukut qildi.
Uning hind ulusi bilan yangicha siyosat yurgizayotgani faqat davlat ishiga emas, shaxsiy
hayotiga ham kutilmagan o‘zgarishlar olib kirmoqda edi. Chitorning olinishida Akbarning
o‘zi jasorat ko‘rsatgani, Jaymal bilan Pattaning qahramonligiga tan berib, ularga Agrada
haykal qo‘ydirgani, saroyda Bhagvan Das, Todar Mal kabi hindlarga yuksak lavozimlar
bergani, Jodha Bay uchun qal’a ichida maxsus ibodatxona qurdirgani butun mamlakatda
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |