www.ziyouz.com kutubxonasi
231
Sherxonni besh oy ovora qilib taslim bo‘lmagan va uni o‘ldirib tinchigan Qalanjar ham
endi Akbar davlatiga ixtiyoriy ravishda qo‘shildi va uning xaramiga yana bir ko‘hlik qizni
kelin qilib yubordi.
Yangi qo‘shilayotgan viloyatlarning rojalari bilan aloqani mustahkamlash uchun ularga
qon-qarindosh bo‘lish juda zarur, yangi siyosat buni taqozo qiladi. Ammo shariat
bo‘yicha Akbar to‘rttadan ortiq xotin olishi mumkin emas. Lekin ba’zi roja va
maharojalarning o‘nlab xotinlari bor, hind dini bunga allanechuk yo‘l topib beradi.
Jaysalmir va boshqa viloyatlarning rojalari Akbarni ham o‘zlari kabi ko‘p xotin olishga
haqli deb hisoblab, uning saroyiga yangi-yangi qizlarni seplari bilan kelin qilib
yubormoqchi bo‘lishdi. Ularning shahdini qaytarish mumkin emas. Akbar Jaypurga yoki
Qalanjarga kuyov bo‘lgan ekan, nega Rantxambxorga yoki Joudxpurga* kuyov bo‘l-
masligi kerak? Yana tag‘in bu viloyatlarning rojalari Akbarning dilini zabt etish uchun biri
biridan jozibali, biri biridan aqlli qizlarini saroyga yuborishga intilishmoqda. Buning
hammasidan xabardor bo‘lgan Akbar qozikalon Xo‘ja Yoqubni huzuriga chaqirib,
shariatdan biron yo‘l topib berishni so‘radi.
— Hazratim, to‘rt xotindan keyingisi faqat joriya bo‘lmog‘i mumkin, — dedi Ansoriyning
tarafdori Xo‘ja Yoqub.
— Lekin mut’a degan nikoh ham bor emish-ku!
— Mut’a — shialar o‘ylab topgan nikoh. Siz pok sunniy mazhablik tojdorsiz.
Akbar qozikalonning semiz yuziga noxush tikilib:
— Taqsir, siz yo‘lni tor olmoqdasiz, — dedi va ertasi kuni qozikalonni yomon ko‘radigan
mulla Jaloliddin degan qozini devoni xosga chaqirtirdi.
Mulla Jaloliddin Xo‘ja Yoqubning raqibi edi. Akbarga yaxshi ko‘rinish uchun qalin bir diniy
kitobni varaqladi-da, mamnuniyat bilan:
— Topdim! — dedi. — Mana, hazratim Rasululloh* davrida mut’a nikohi shar’iy bo‘lgan.
Keyingi xalifalardan Usmon uni bekor qilmishdir. Ammo xalifadan ko‘ra Rasululloh
balandroq, uning davrida neki shar’iy sanalgan bo‘lsa, hazratim uchun ham bu haloldir.
Shu tarzda mulla Jaloliddin Xo‘ja Yoqubdan bilimdonroq ekanini isbot qildi-yu, uning
o‘rniga qozikalon bo‘lib oldi. Har safar mut’a nikohini o‘qiganda podsho unga hamyon-
hamyon oltin ham in’om qilib turdi. Xo‘ja Yoqubning lavozimidan tushishi esa shayx
Ansoriyni xafa qildi va uning Akbarga bo‘lgan yashirin adovatini yanada kuchaytirdi.
Shariat ham qonuniy yo‘l topib bergandan so‘ng, Akbar har yili o‘z davlatiga ixtiyoriy
ravishda qo‘shilayotgan bir talay maharoja va raolarga kuyov bo‘ldi.
Din ham, ota-onalar ham, saroy muhiti ham buni qonuniy hisoblaydi, yangi qarindoshlar
esa martaba orttirganlaridan mamnun.
Parokanda o‘lkalarni qarindoshlik yo‘li bilan ham birlashtirish maqsadida yangi-yangi
roja va roalarga kuyov bo‘lgan Akbar avvallari o‘zining yigitlik kuchi va jozibasidan
g‘urulanib, xotinlari uni talashishidan «toleim baland ekan» deb shukuhi ortib yurdi.
Lekin vaqt o‘tishi bilan bu shirin hayotning tagida achchiq og‘usi borligi sezildi. Shuncha
xotin bitta erga ko‘z tikib, kundoshlik azobida qovurilib yashashi og‘ir dilsiyohliklarga
sabab bo‘ldi, homilador Jodha Bay kasal bo‘lib qoldi. Uning chala tug‘ilgan egizak
o‘g‘ilchalari bir oy ham umr ko‘rmay vafot etdi. Salima begim qiz tuqqan edi, u ham
turmadi. Akbarga mehr qo‘ygan bu yosh onalar endi undan oqibat ko‘rmaganlari uchun
shunday o‘rtanib yig‘lashadi, farzand dog‘ida shunday kuyishadiki, Akbarning
kapalakday guldan gulga o‘tib olgan lazzatlari endi zaharga aylanib, burnidan
chiqqanday bo‘ladi. Shunday xotinlari bo‘la turib, haligacha bironta farzandi yo‘qligi uni
tegirmon toshiday ezadi.
Hozir o‘rmonda tanho o‘zi g‘amga botib o‘ltirganining bir sababi shu ekanini u Salim
otaga aytib berdi:
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |