www.ziyouz.com kutubxonasi
242
Toshkentlarni sog‘inganday yuragi o‘sha tomonlarga qarab talpingan paytlar bo‘ladi.
Hindiston bilan Turon orasida qatnab turgan savdo karvonlari Movarounnahrning shirin-
shakar mevalaridan keltirib turadi. Akbar Agrada yashab Farg‘onaning shirin
qovunlaridan, Samarqandning naqsh olmalaridan yeb ko‘rgan, ularning tengsiz
mazalaridan ko‘p huzur qilgan.
Mana hozir esa bobo yurtida yasalgan kamoni shoshiyning achchiq jarohatidan azob
tortmoqda. Zeb bergan kamoni yovuz odamlarning qo‘liga tushishini usta Olim Shoshiy
qayoqdan bilsin? Nahotki shayboniyzodalar Turonda turib, Agradagi Akbarga o‘q otgan
bo‘lsalar?
Hozir Buxoro taxtida shaybon urug‘ining eng baquvvat vakili Abdullaxon o‘ltiribdi. U
Akbar bilan murosa yo‘lini tutib, ikki qayta elchilar, maktublar va qimmatbaho sovg‘alar
yubordi. Abdullaxon so‘nggi maktubida Eron shohi Tahmaspning vafot etganligi,
safaviylar orasida ichki kurash va parokandalik boshlanganini yozgan, ularga qarshi
ittifoq tuzishni va Eronni birgalikda fath etib, shialar davlatini yo‘qotishni taklif qilgan
edi. Akbar otasiga yaxshiliklar qilgan safaviylar bilan urushishni istamas, shia-sunniy
adovatini yomon ko‘rardi, shuning uchun Abdullaxonga yozgan javob maktubida hozir
Hindistonning ichki ishlari va Kobul-u Badaxshon chegaralarini mustahkamlash bilan
band ekanini, Eron favthiga xohishi yo‘qligini ma’lum qilgan edi. Abdullaxonga shu kerak
edi — u o‘zining eng nufuzli qo‘shnisi bo‘lgan Akbarning oldidan bir o‘tib qo‘ygandan
keyin, o‘g‘li Abdumo‘minni yoniga olib, Xurosonga yurish qildi, Hirot, Astrobod, hatto
Mashhadni ham safaviylardan tortib olib, o‘z davlatining bir qismiga aylantirdi.
Abdullaxon davlati shu tarzda kengayib boraversa, bir kun emas bir kun Kobul-u
Badaxshonga tajovuz qilishi ham mumkin. Ammo Akbar — unnig janubga keladigan
yo‘llarini bekitib turgan kuchli bir to‘siq. Shayboniyzodaldar bu to‘siqni Po‘lat vasvasning
qo‘li bilan qulatib o‘tishga uringan bo‘lsalar ajab emas...
Akbarning o‘yi shu joyga yetganda vazir Jamil lattaga o‘rog‘liq uzun bir narsani
tergovchiga ko‘tartirib kirib keldi.
— Hazratim, Po‘lat vasvas Mohim enaga madrasasi yaqinida egasi ko‘chib ketgan,
tashlandiq bir xaroba uyda turar ekan. Uyning omborxonasiga eski lash-lushlar orasiga
mana shu farangi to‘fang bekitib qo‘yilgan ekan. O‘qlari alohida joyda turibdir.
Vasvasning kasali qo‘zigandan keyin bularni topolmaganmi... Hayriyatki... to‘fangni
ishlatmabdir...
Akbar to‘ng‘iz o‘qi solib otiladigan quvuri yo‘g‘on farangi to‘fangni ko‘rib beixtiyor eti
junjikdi. To‘fangning yonida charm xaltachaga solingan kartech o‘qlar ham bor edi.
Po‘lat vasvas bu to‘fangdan o‘q otsa Akbar tirik qolishi gumon edi...
— Vasvas to‘fang otishni o‘rgangan ekanmi? — so‘radi Akbar.
— Ha, Adhamxonga navkar bo‘lganda o‘rgangan ekan.
— To‘fangni unga kim berganini aytdimi?
— Bir keksa farangining nomini aytdi. Alvarmi... Pakvarmi... Qo‘shnilaridan surishtirsak,
Goa orolida turadigan savdogar farangi Po‘lat vasvasning oldiga bir-ikki marta kelib
ketgan ekan.
Humoyun tirik paytida Alvaro Pakavira degan farangi Goadan to‘fang ko‘tarib kelganini,
keyin Sherxon tomonga o‘tib, uning fitnalariga qatnashganini o‘g‘liga aytib bergan edi.
Akbar buni yoshlik xotirasining kuchi bilan darhol esladi-yu:
— Farangini qidirtiring, — deb buyurdi vazir Jamilga. — Kalavaning uchi balki o‘shaning
ilkidadir!
Vazir Jamil shu ketganicha Dehli karvonsaroylarini qidirtirib, bironta farangini topolmadi.
Farangilar bilan savdo sotiq qiladigan do‘kondorlar Pakavira degan keksa savdogar
bundan bir oy oldin Goaga qaytib ketganini aytdilar.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |