www.ziyouz.com kutubxonasi
250
qanoti ostida qochib yurgan Sharafiddin mirzoga va Goa orolidan Po‘lat vasvasga to‘fang
yuborgan farangilarga ketdi. Tashqi g‘animlar bilan kurashda Akbar otasining xatolarini
takrorlamaslikka intiladi. Yangi davlat ham ulkan daraxt kabi mustahkam ildiz
otmaguncha uni sug‘urib tashlash oson bo‘lishini Humoyunning Ganga bo‘yidagi
mag‘lubiyati ko‘rsatgan edi.
Yigit paytida tezkorlikni yaxshi ko‘rgan Humoyun taxtga o‘ltirganining dastlabki uch-to‘rt
yili ichida sharqqa va g‘arbga, janubga va shimolga ketma-ket yurishlar qilib, o‘ndan
ortiq viloyatlarni zabt etdi. Lekin u Gujaratga yurish qilganda sharqda Bixor isyon
ko‘tarib, ixtiyoridan chiqib, mustaqil bo‘lib oldi. Akbar o‘sha achchiq saboqlarni esda
tutib, davlatining chegaralarini shoshmasdan, qadamma-qadam kengaytirib bormoqda
edi. o‘n besh yil davomida Gujarat bilan Agra oralig‘idagi Bikanir, Chitor, Bundi, Malva
kabi viloyatlarda ichki parokandalikni tugatdi, eng nufuzli roja va roalar bilan qon-
qarindosh bo‘ldi, otliq askarlarining yarmini sodiq rajputlardan yolladi. Hatto umr bo‘yi
Bobur va Humoyunga qarshi kurashib o‘tgan Rana Sangram Sinxning nevarasi Uday
Sinx endi Akbarni tan olib, u bilan ittifoq tuzdi. Uning E’timodxon bilan mahfiy aloqa
o‘rnatganiga ham ikki yil bo‘ldi. Endi Gujarat yurishi uchun vaziyat yetilganini o‘sha
yoqdan axborot yuborib turgan xufiyalarning ma’lumotlari ham tasdiqladi.
Akbar o‘n ming qo‘shin bilan mezon oyida Ahmadobodga yaqinlashdi. E’timodxon so‘zida
turib, ikki ming odam bilan Akbar tomonga o‘tdi. Muzaffarshoh jang qilishga yuragi
betlamay poytaxtni tashlab qochdi. Akbar Aziz ko‘kaldoshni besh ming askar bilan
quvg‘in qilib yubordi-da, o‘zi Ahmadoboddagi podsho saroyiga kirib joylashdi.
Aziz ko‘ka ertasi kuni peshinda Muzaffarshohni tutib keltirdi. Bu shoh qirq yoshlardagi,
semiz, qora odam ekan, o‘zi shuncha yil hukmronlik qilgan saroyni endi Akbar egallab
olganini ko‘rib, yuzlari alamdan ko‘karib ketdi. Biroq joni shirin tuyulib, Akbar o‘ltirgan
taxt qarshisida ta’zimga egildi, o‘ng qo‘lining orqasini avval yerga tekkizib, so‘ng boshi
ustiga baland ko‘tardi-da, taslim* bajo keltirdi:
— Hazrat shahanshoh, taqdir ekan, biz yengildik. Xatolik o‘tgan bo‘lsa afv eting. Agar
qonimdan kechsangiz, to o‘lguncha sizga sadoqat saqlab, bir go‘shada tinchgina
yashamoqchimen!
Akbar uning zahar tomib turgan ko‘zlariga qarab, dilidan hali adovat ketmaganini sezdi.
Taxt yonida turgan Bhagvan Das ham Akbarga, «ishomang, so‘zida turmagay!» deb
shivirladi.
Lekin Ahmadobod jangsiz olinganidan quvonib, ko‘ngli yumshab turgan Akbar tiz
cho‘kib, taslim bo‘lgan odamni o‘limga buyurishni o‘ziga munosib ko‘rmadi.
— Janob Muzaffarshoh, mening ota-bobolarim «egilgan boshni qilich kesmas» degan
qoidaga amal qilib kelganlar. Men ham birinchi marta qoningizdan kechdim...
— Minnatdormen, hazratim, hoki poyingizni ko‘zga surgaymen.
Akbar unga Ahmadobod yaqinidan jogir berdi, xazinadan nafaqa to‘lab turishni, ayni
vaqtda, kecha-yu kunduz atrofidan qo‘riqchini uzmay, ko‘z-quloq bo‘lishni buyurdi.
Muzaffarshohni tutib kelgan Aziz ko‘kaga xoni a’zam unvoni berildi. Akbar uni
Ahmadobodga hokim tayinladi-da, o‘zi besh ming askari bilan dengiz bo‘yidagi Surat
bandariga yo‘l oldi.
_______________
* T a s l i m — ta’zimning bir turi.
* * *
Hind ummoni. Oxiri ufqlarga tutashib ketgan bahaybat katta suv ichida ulkan kemalar
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |