www.ziyouz.com kutubxonasi
248
— Mana, Odam Ato bilan Momo Havo haqidagi rivoyat nasoralarda ham bor. Faqat ular
Odam Atoni Adam deydilar. Momo Havoni Yeva deydilar. Yana bir narsaga e’tibor bering,
hazratim: fotiha o‘qilgach, muslimlar «omin» deydilar, nasoralar «amin» deydilar,
yunonlar «amn» deydilar, hindlar «ouvmm» deydilar.
— To‘rtalasi ham o‘xshash! — hayrat bilan xitob qildi Akbar. — Agar turli uluslar bid’at-u
xurofot ta’siridan qutulsalar-u o‘zlari haqidagi chin haqiqatni bilsalar, dahshatli diniy
adovatlar o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketmasmidi?
— Men ham nuqul ana shu haqda o‘ylayman-u hech o‘yimning tagiga yetolmaymen!
Chunki ko‘p joyda shayx Ansoriyga o‘xshash xurofotchilar hokimiyat tepasiga chiqib
olmishlar. Ular boshqacha fikr yuritadiganlarni «dahriy» e’lon qilib o‘limga buyururlar,
zindonga tashlaydirlar. Hatto Ulug‘bekdek tojdor allomani o‘shalar o‘limga hukm qilish
huquqiga ega bo‘lganini tarixdan bilursiz.
— Menga qarshi suiqasd tayyorlaganlar ham shular! — dedi Akbar badaniga sanchilgan
yoy o‘qining achchiq og‘rig‘ini hozir qayta his qilganday ozorlanib.
— Faqat sharqda shundaymi desam, g‘arbda — Farangistonda ham diniy hokimiyat juda
shafqatsiz emish. Gujaratda yurganimda farangi dengizchilar so‘zlab berdilar. Ularda
bizdagidan ham katta xurofiy hokimiyat bor ekan. «Inkivizitsiya» deyilarkan. Dahriy deb
gumon qilinganlarni ming qiynoqlarga solib, so‘roq qilarmishlar. Dahriyligi isbot etilsa,
ustunga bog‘lab qo‘yib, tagidan o‘t qo‘yib, kuydirarmishlar. ma’rifatli allomalar xurofotga
zid bo‘lgan yangi fikr aytsa bas, bizdagiga o‘xshab, ularni ham dahriylikda ayblashar
ekan-u olovda kuydirib o‘ldirisharkan. Holbuki, imon-u e’tiqodni har bir kishi diliga
joylagay. Inson dilini bu tarzda idora etib bo‘lg‘aymi, axir, hazratim? e’tiqodi boshqacha
bo‘lgan odamlarni sharqda toshbo‘ron qilib o‘ldiradigan, g‘arbda olovga tashlab
kuydiradigan johillar istibdodi qachondir bir vaqt yo‘qotilmog‘i kerak!
Bu hokimiyatdan ko‘p jabr ko‘rgan Salim ota ham shu fikrni aytgani Akbarning esiga
tushdi. Eng yaxshi odamlarga shunchalik zulm o‘tkazayotgan ansoriylarning
hokimiyatidan qanday qilib qutulish mumkin?
Mana shu fikr Akbarga besh-o‘n kun tinchlik bermay yurdi. U abulfazl bilan yana
kutubxonada uchrashganda ulkan gumbazli yangi binoning qog‘ozga chizilgan xomaki
rejasini ko‘rsatdi.
— Janob Abulfazl, faraz qilingki, bu gumbaz — ilohiy osmon ramzi. Mamlakat
xalqlarining imon-u e’tiqodlarini xuddi tog‘ning turli yonbag‘irlari kabi shu yaxlit gumbaz
ostiga yig‘sak ne deysiz?
— Qanday qilib, hazratim? — tushunmadi Abulfazl.
— Hind eli muqaddas sanaydigan kitoblar bor. Siz ularning eng qadimiysi deb
«Rigvedani» aytdingizmi? Binoning alohida bir qismini shu kitob egallasa... hindlarning
imon-e’tiqodiga mos kelurmi?
— Shubhasiz mos kelur!
— Mamlakatimizda otashparastlar bor. Ularning «Avesto»si qachon yozilgan?
— Bundan uch ming yil muqaddam.
— Demak, binoning ikkinchi qismi «Avesto»ga, uchinchi qismi nasoralarning muqaddas
kitoblariga berilsa, to‘rtinchi qismi — muslimlar e’tiqodiga makon bo‘lsa.
— Barcha e’tiqodlar bir gumbaz ostida birga, barobar!.. Hazratim, tarixda hali hech kim
qilishga jur’at etmagan yangi ishga bel bog‘labsiz! Eng muhimi, turli e’tiqod vakillari bir
davraga yig‘ilsalar, haqiqatni bilishlari osonroq bo‘lg‘ay, xurofot-u bid’at chekingay.
— Oxir-oqibatda ansoriylarning xurofiy hokimiyatidan qutulish mumkin bo‘lgay! — deb
Akbar Abulfazlning fikrini davom ettirdi. — Chunki bu hokimiyat diniy adovatga
asoslanmishdir. Biz diniy adovatni yo‘qotsak, ansoriyning suyangan ustunlari qulagay,
o‘zi keraksiz bo‘lib, chetga chiqib qolgay!
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |