www.ziyouz.com kutubxonasi
244
— Ubaydulla mahdumning jufti haloli. Uni Salim Cheshti bilan Biana mahdiylari aynitgan!
Tergovchi Ubaydulla mahdumni topdirib, guvohlikka chaqirdi. Uning to‘rtinchi xotini —
o‘n sakkiz yoshli Sakina bonu Salim Cheshtiga emas, Akbarga arzga borgan ekan.
Ungacha Salim ota olamdan o‘tgan, lekin vasvasning xayolida hamma narsa aralashib
ketgan edi.
Ubaydulla mahdum katta xotinlarining chaquviga ishonib, Sakina bonuni qattiq
kaltaklagan ekan. Akbar bu go‘zal juvonning kaltak zarbidan ko‘kargan yuziga qarab,
unga rahmi keldi-yu, munshisi Ashrafxonga buyruq berdi:
— Ubaydulla mahdumni mening nomimdan ogohlantiring, agar bu munglikka yana jabr
qilsa, qozikalonga aytib, nikohidan chiqartirgaymiz! Mahdumning o‘zini Bangolaga
badarg‘a qildirgaymiz!
Akbarning bu tahdididan so‘ng Ubaydulla mahdum Sakina bonuga yaxshi muomala
qiladigan bo‘lgan, juvon tinchib qolgan edi. Lekin uydagi gap ko‘chaga chiqqani va
Ubaydulla mahdumning yosh xotini Akbar bilan ko‘rishib, gaplashganining o‘zi saroyda
turli mish-mishlarga sabab bo‘lgan edi. Oxirida bu mish-mishlarni kimdir Po‘lat vasvasga
teskari qilib yetkazgan va uning jinini ataylab qo‘zg‘atgan edi. Lekin kim shunday qilgan?
Vasvasni Akbarga qarshi qayrab solganlar kimlar? Po‘lat vasvas buni aniq aytib
berolmas, so‘z topolmay qolganda «osmondan vahiy keldi», «tangrim o‘zi aytdi» deb
yolg‘on vaj ko‘rsatardi.
Akbar tabiblarga buyurib:
— Vasvasni davolab ko‘ringlar, balki tuzalganda haqiqatni topish oson bo‘lgay? — dedi-
da, o‘zi Dehlidan Fathobodga ketdi.
Oradan ikki hafta o‘tganda xabar keldiki, tabiblar vasvasni davolab, aqlini sal joyiga
keltirgandan so‘ng, u qilgan ishining butun dahshatini endi sezadi, boshini hibsxonaning
tosh devoriga bor og‘irligi bilan uradi-yu, ikki kun behush yotib jon beradi.
Akbar buni Sekrida turib eshitdi, «balki g‘animlar o‘z jinoyatlarini bekitish uchun uni shu
tarzda o‘ldirgandirlar?» degan taxmin xayolidan o‘tdi.
Dushman o‘nta bo‘lsa, gumon mingta. Yelkasidagi jarohat uch oyda tuzalgan bo‘lsa ham,
uning achchiq og‘riqlari Akbarning esidan chiqmaydi. Tashqi dushmanlarining bir cheti
Turonda bo‘lsa, bir cheti uzoq Farangistonda turganligi, ular ichkaridagi qora kuchlar
bilan til biriktirib, Akbarning joniga qasd qilishlari mumkinligi xayolidan nari ketmaydi.
Uyqusiz tunlarda ichki-tashqi dushmanlarning qaysisidan qanday saqlanish haqida
o‘ylanardi.
_____________
* N i n b — akasnikiga o‘xshash barglari va shoxlari to‘p bo‘lib, tepasi soyabonga o‘xshab turadigan baland daraxt.
* D e l a g a y — yaktakka o‘xshash kiyim astarsiz to‘n.
* * *
Shu orada Agradan Sekriga shayxulislom Abdulla Ansoriy bir guruh sallasi katta din
peshvolari bilan Akbarni ko‘rishga keldi.
Yoshi oltmishdan oshgan bo‘lsa ham, hali juda tetik bo‘lgan Ansoriyning uchi kindigiga
tushadigan uzun oq soqoli bor. Yonida salobatli qozikalon Muhammad Yazdiy, jikkak
imom Abduqodir Badavni va yana shunga o‘xshagan besh-oltita ulamolar Akbarga uzoq
umrlar tilashdi.
Akbar ko‘kaldoshi Aziz ko‘ka bilan birga Abdulla Ansoriyni yangi poytaxt bo‘ylab olib
o‘tishdi va bitgan binolarni ko‘rsatishdi.
Barcha viloyat amirlari ming-ming odamlari va ot-ulovlari bilan ishlayotganliklari uchun
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |