www.ziyouz.com kutubxonasi
188
umid bilan shu moda filni minib, Akbarga yordamga shoshilgan edi. Fillar ho‘l
xartumlarini bir-biriga yaqinlashtirib iskashdi. Favjdor yana bir bo‘kirib qo‘ydi, ammo
tovushi avvalgiday g‘azabnok va baland emas. Jinnilarcha yugurish, ayniqsa, salqin
daryo bo‘ylab suzish uning mastligini bir qadar bosgan edi.
Bhishan «podshoga biron shikast yetsa men baloga qolurmen», deb qo‘rqib rangi oppoq
oqarib ketgan edi. Akbar ham o‘zining qo‘llari titrayotganini endi sezdi. Bhishanning
rangi o‘zgarib ketganini ko‘rib:
— Siz muncha qo‘rqdingiz, sohib? — deb kuldi.
— Ahvolingiz juda qo‘rqinchli edi-da, amirzodam! Krishna* sizni panohida asrasin!
— Men hazrati Sulaymondan* madad so‘radim. Xayriyatki, ikkovimizning iltijomiz ham
ijobat bo‘ldi.
Akbarning bu so‘zlaridan Bhishanning yuziga qon yugurib, ko‘zlari mamnunlik bilan
chaqnab ketdi. Akbar uni o‘ziga yaqin olib «ikkovimiz» degani behad yoqimli edi.
Janglarda odam o‘ldirib o‘rgangan dahshatli mast filni bugun Akbar kabi minib, o‘rmon-u
daryolarni oralab chopishga ancha-muncha mahavat jur’at etmagan bo‘lardi.
Bhishanning ko‘zi oldida Akbar Ramaday* dovyurak yigit, ayni vaqtda, oddiy bir filbon —
mahavat bo‘lib ko‘rindi. Akbar shu har ikki jihati bilan bu mehnatkash hind yigitining
diliga behad yaqin va chin ixlosiga munosib tuyuldi.
— Faqat podsho bo‘lganingiz uchun emas, bugungi jur’atingiz uchun ham men sizga
umrbod sodiq qolgaymen! — dedi Bhishan.
Ikki yigit daryo o‘rtasidagi orolchada ancha vaqt qolib ketdilar. Kechki payt qorinlari
ochib, daryodan qayta suzib o‘tdilar-da, qirg‘oqqa chiqdilar. Favjdor ancha bosilib, gapga
kiradigan bo‘lib qoldi. Akbar uni filxonaga kirgizib yubordi-yu, kuni bo‘yi bezovta bo‘lib
uni kutib turgan jilovdori va qo‘riqchi yigitlariga ot keltirishni buyurdi.
________________
* F a v j — harbiy qism. Fillar galasi.
F a v j d o r — gala boshlig‘i.
* Fillar o‘z homilasini uch yil ko‘tarib yurib, keyin tug‘adi.
* K r i sh n a — hind xudolaridan biri. Fillar homiysi.
* Rivoyatlarga kro‘a, hazrati Sulaymon barcha yovvoyi hayvonlar homiysi bo‘lgan.
* R a m a — «Ramayana» nomli mashhur doston qahramoni.
* * *
Kiyimlariga loy tekkan, yuzi tirnalgan, ammo, ko‘nglining chigalini yozib, ruhi
tiniqlashgan Akbar Saroyga otliq qaytar ekan, qal’a darvozasi yaqinida ichkaridan
mahramlar bilan otliq chiqib kelayotgan Bayramxon duch kelib qoldi. Akbarning bugungi
sarguzashti allaqachon otalig‘ning qulog‘iga yetib borgan chamasi, Bayramxon otining
jilovini tortib, Akbarga tegishdi:
— Amirzodam, bugun yana mahavatlik qilibsiz-da!
Bayramxonning yonida saman otini gijinglatib turgan uzun mo‘ylovli Shohqulibek
homiysining hazilini ma’qullab kuldi-da:
— Balki amirzodam yana mahavat bo‘lib fil urishtirmoqchidirlar? — dedi.
Uning otdan tushmay shunday takabburona gap otishi Akbarning izzat-nafasiga tegdi.
Chunki saroyda qabul qilingan odat bo‘yicha, mulozimning podshoga ot ustida turib
gapirishi odobsizlik sanalardi.
— Janob Shohqulibek, — dedi Akbar qovog‘ini uyib, — siz men bilan fil urushtiradigan
darajaga yetib qoldingizmi?
Bayramxonning oldida Akbar ilgari uning mulozimlariga bunday keskin javob bermas
edi. Lekin bugun Akbarning o‘ziga ishonchi oshgan paytda otalig‘ining atrofidagi odamlar
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |