www.ziyouz.com kutubxonasi
191
tomondan bor kuchi bilan tepdi. Filbon Gulmuhammad tepish zarbi bilan o‘rnidan
qo‘zg‘alib, Zo‘ravorning peshonasi usitiga og‘ib tushdi. Shunda Favjdor xartumi bilan
filbonni bir urdi-yu, yerga qulatdi.
Mahavatsiz qolgan Zo‘ravor orqaga chekindi. Gulmuhammad baland fil ustidan yerga
chalqancha tushib, hushidan ketdi. Favjdor uni bosib, yanchib tashlashi mumkin edi. Shu
payt otashdorlar mash’ala yoqib maydonga chopib kirdilar. Fillar har qancha g‘azabnok
bo‘lsa ham, olovdan qo‘rqar edilar. Otashdorlar ularni bir-birlaridan ajratib, maydon
chetiga chiqishga majbur qildilar. Gulmuhammadning beli singan, boshi, qo‘li qimirlar,
ammo o‘rnidan tura olmas edi. Xizmatkorlar kirib uni ko‘tarib chiqayotganda Akbarning
atrofidagi ko‘kaldoshlari va beklari:
— Muborak bo‘lsin, amirzodam! — deyishdi.
— Siz yengdingiz!
Filboni yiqilib tushgan tomon yutqizgan hisoblanardi. Bayramxon, «yutqizsam oqibati
yomon bo‘lgay-ku!» degan o‘yni avvalroq xayoliga keltirmaganidan, endi afsus qildi.
Chunki uning atrofidagi bek-u a’yonlar bir lahza hang-mang bo‘lib jim turib qoldilar.
Naryoqdagilar Akbarni tabriklayotgani baralla eshitildi. Akbar esa filbonidan minnatdor
bo‘lib:
— Tasanno, Bhishan! — derdi. — Bhishan Chandga bosh-oyoq sarupo, bir hamyon oltin
hadya qilinsin! Hali bu botir mahavatga jogir ham in’om etgaymiz!
Ko‘pchilikning oldida mag‘lub bo‘lganlari Bayramxonning o‘zidan ham ko‘ra, uning
yonida o‘ltirgan Valibek, Shohqulibek, shayx Gadoyilarga og‘ir botdi. Ular barcha
martabalari va imtiyozlaridan ayrilib qolishlari mumkinligini aniq sezishdi-yu, olovlanib
ketishdi:
— G‘irromlik bo‘ldi, janobi vakil! — dedi Shohquli mahram. Bu gapni boshqalar ilib
ketishdi:
— Rost, kofir filbon g‘irromlik qilmaganda Zo‘ravor yengilmas edi.
— Fil qochgani yo‘q!
— Gulmuhammadni mayib qildi, noinsof!
Shayx Gadoyi Bayramxonga yuzlandi:
— Majusiy filbon muslim Gulmuhammadni mayib qilib ketavergaymi, janobi vakil? Bu
ishi uchun majusiy yana mukofot ham olsa... Ertaga barcha kofir-u majusiylar
muslimlarga qarshi bosh ko‘tarmagaymi?
— G‘irrom majusiyni jazolash lozim! — dedi Shohqulibek.
— O‘ldirish lozim! — dedi Valibek.
Bayramxon hech qanday g‘irromlik bo‘lmaganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan bo‘lsa ham,
Akbarning Gulmuhammadga achinmagani, uni mayib qilgan Bhishan Chandga esa
mukofot bergani katta bir adolatsizlikdek tuyuldi. Bhishanni o‘limga buyurish ham
ortiqcha bir shafqatsizlik bo‘lishini otalig‘ har qalay sezdi. Ammo bu filbonning adabini
berib qo‘ymasa, Akbar va uning tarafdorlari juda hovliqib ketadigandek ko‘rindi.
Bayramxon hali ham tojsiz podsho ekanini ko‘rsatib qo‘ygisi keldi. Filbon Bhishan Chand
Gulmuhammadni mayib qilganligi uchun Bayramxon uni o‘rtacharoq bir jazoga — o‘n
besh darra urishga buyurdi.
Akbardan mukofot olgan g‘olib filbonning Bayramxon tomonidan jazoga buyurilishi —
ikki oradagi ziddiyatning qanchalik keskin tus olganini oshkor qilib qo‘ydi. Odamlar
Akbarning oraga tushishini va otalig‘idan shafqat so‘rashini kutdilar. Ammo Akbar hozir
og‘iz ochsa, otalig‘iga: «Men podshomen, bu adolatsizligingiz uchun o‘zingizni jazoga
buyurishga haqlimen!» deb yuborishi mumkin.
Bayramxonning atrofidagi odamlar naqadar shafqatsiz ekanini ko‘ra-bila bunday gapni
aytish — yosh bolaning ishini qilish bo‘lar edi. Ular Akbarni ham bir kechada Turdibekka
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |