www.ziyouz.com kutubxonasi
192
o‘xshatib o‘ldirib yuborishi yoki Pirmuhammad atkaning ahvoliga solishlari hech gap
emas. Shuning uchun Akbar ichidagini ularga sezdirmay, zimdan tayyorlik ko‘rishi kerak.
Ota-bobolardan o‘tgan sabr-bardosh unga yana ish berdi. Akbar tishini tishiga qo‘yib
indamadi, otalig‘iga biron og‘iz so‘z qotmadi. Go‘yo beparvo yurib Zarafshon bog‘iga
qaytib ketdi. Faqat kech kirganda Bhishan Chand ham boqqa kelib, darra zarbidan
momataloq bo‘lib ketgan yelkasini ochib ko‘rsatganda Akbarning g‘azabi keldi.
Intiqomga to‘la past tovush bilan:
— Ular sizni emas, meni kaltaklashdi! — dedi. — Buning qasosi qaytgusidir!
Akbar kechasi bilan uxlay olmay to‘lganib, Bayramxonni hokimiyat tepasidan qanday
ketkazishni o‘ylab chiqdi. Otalig‘i unga doim: «Yog‘iyni g‘aflatda qoldirib, sherday pusib
borishga o‘rganing!» deb ta’lim berardi.
Akbar ana shu o‘gitga amal qildi-yu dilidagi niyatini Agradagi biror kishiga sezdirmadai.
Uning uchun bexatarroq joy — Dehli edi. Eng ishongan kishilari ham hozir o‘sha yoqda.
Akbar Bayramxonni hokimiyatdan ketkazish haqidagi qarorini Dehliga borib e’lon
qilganda Agradagilar uning o‘rniga Komronnnig o‘g‘lini taxtga chiqarmasligi uchun Akbar
Abulqosimni birga olib ketishi kerak.
Navro‘z yaqin edi, Akbar har bayramda onasidan xabar olib turar edi. U otalig‘iga shuni
osoyishta turib aytdi, go‘yo oralaridan hech bir xafalik o‘tmaganday xayrlashishdi.
Abulqosim esa ko‘pdan beri Akbarga
— Meni Dehliga birga olib keting, — deb iltimos qilib yurar, buni Bayramxon bilar edi.
Shuning uchun Akbarning bu gal amakivachchasini birga olib ketayotganidan Bayramxon
ortiqcha bir shubhaga bormadi. «Xayriyat, filbonini jazolatganimga uncha xafa
bo‘lmabdir, popugi bosilib, durust bo‘lib qolibdir», degan o‘y bilan Akbardan o‘zicha
mamnun ham bo‘ldi.
_____________
* O t a sh d o r — olovdor degani. Fil jangini to‘xtatish kerak bo‘lsa otashdor maydonga kiradi.
* * *
Biroq shundan keyingi voqealar xuddi daryo toshib, atrofini suv bosgandagiday tahlikali
tus oldi. Toshqin goho shunday sekin boshlanadiki, qirg‘oqdan uzoqda turgan binolar,
bog‘loqlik mollar tagiga avval ozgina loyqa suv o‘rmalab keladi. Biroq suv sathi to‘xtovsiz
ko‘tarilib boradi. Toshqin uylarga yopirilib kiradi, loyqa suv ichida qolgan qantarig‘lik
otlar no‘xtasini uzguday bezovta bo‘lib kishnaydi. Bir vaqt qarasangiz, toshqin avjiga
chiqib, devorlarni qulatadi, odamlar va mollarni oqizadi, katta-katta pichan g‘aramlarini
lapanglatib o‘rnidan qo‘zg‘atadi va ko‘tarib olib ketadi.
Navro‘z kunlari Bayramxonning xufiyalari Dehlidan keltirgan axborotlar toshqin suvning
avval jimgina o‘rmalab kelganiga o‘xshadi. Akbar Kobuldan Munimxon degan begini,
Bhiradan Shamsiddin atkani chaqirtiribdi. Dehli kutvali Shahobiddinga: «Davlatni o‘zim
boshqarmoqchimen, otalig‘im iste’foga chiqsa mayli», degan ma’noda maktub yuboribdi.
Yosh yigit, bu gapni Mohim enaga va Hamida begimlar ta’sirida aytgan bo‘lsa kerak,
ammo hali davlatni boshqara oladigan darajada tajribasi yo‘qligi Bayramxonga ma’lum.
Shuning uchun vakili saltanat bu gaplardan uncha tahlika-yu sarosimaga tushmadi.
Faqat barcha viloyat hokimlari-yu poytaxtdagi a’yonlarni ichki kurash boshlanganidan
xabardor qilib, maxfiy maktublar yubordi: «Akbar mirzoni siz-u bizga qarshi
qo‘zg‘atayotgan g‘animlarimiz xuruj qilmoqda. Dehlidan noxush xabarlar oldik, navkar-u
qurol-aslahani tayyor tuting, maydonga chiqish zarur bo‘lganda maxsus farmon
yuborgaymiz, inshoollo, bizga qasd qilganlar past bo‘lg‘ay!»
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |