www.ziyouz.com kutubxonasi
190
Lekin nachora? Hayot, muhit Akbarni unga raqib qilib qo‘ydi. Naryoqda Mohim enaga,
Hamida begim, Pirmuhammad atka — hammasi Bayramxonga qarshi, otaliq buni
xufiyalar orqali bilib turibdi. Akbarning dili o‘shalar tomonda. Bu ham ozday, Salima
begim haligacha otaliqqa ko‘ngil bermaydi. Bayramxon uning jismini egallagan paytda
ham, begimning dili Akbarda ekanini sezib o‘rtanadi. Salima begim Bayramxondan
farzand ko‘rishni istamayotgani rost. Bu hammasi qancha gap-so‘zlarga sabab bo‘lmoq-
da. Bayramxon hammasidan birato‘la qutulishni istaydi. Shuning uchun u ham dovtalab
bo‘lib:
— Mayli, amirzodam, maydonga chiqing! — dedi.
Akbar Shohqulibek, Valibek, shayx Gadoyilarning yashirin niyatini endi sezdi. Ular
Akbarning mahavat bo‘lib, maydonga tushishini va Zo‘ravorning oyog‘i tagida
yangchilishini istashadi. Otalig‘i esa ularni bu yomon niyatidan qaytarmaydi. Nega?
Raqobat shu darajaga yetgan bo‘lsa, Akbar nega ularning istagiga bo‘ysunib, maydonga
fil minib kirishi kerak? Bugun mast fil ustida jonini xatarga qo‘ygani ozmi?
— Unday bo‘lsa, — deb Akbar Bayramxonga tikilib qaradi, — bizdan Favjdor maydonga
chiqgay. Avval uni mahavat Bhishan Chand minsin. Agar yiqilsa, keyin men o‘zim minib
kirgaymen. Kunini belgilang!
Mahavatning yiqilishiga shubha qilmaydigan Bayramxon:
— Indin, chorshanbayi murodbaxshada, peshin namozidan so‘ng! — dedi.
* * *
Akbar bilan Bayramxon ikkalasi qarama-qarshi tomonda turib fil urishtirishini eshitgan
bek-u a’yonlar chorshanba kuni Jamna bo‘yidagi maxsus maydonga yopirilib keldilar.
Fillar urishadigan maydonning atrofiga tomoshabinlar uchun bexatar joylar qilingan,
oraga fillar o‘tolmaydigan baquvvat yog‘och to‘siqlar o‘rnatilgan edi. Maydon pastda.
Uning sahni yaxshi ko‘rinadigan baland joylarga naqshin shiyponlar o‘rnatilgan. Janub
tomondagi shiyponni Bayramxon o‘z odamlari bilan egalladi. Shimol tomondagi tolorda
Akbar ko‘kaldoshlari Adham, Aziz va yaqin ichki beklari bilan o‘ltirishibdi. Maydonning
o‘ng-u so‘lida— yog‘och to‘siq ortida hakamlar va otashdorlar* turishibdi. Piyoda
tomoshabinlardan tashqari, maydon atroflarida otliq turgan tomoshabinlar ham
anchagina bor — egar ustidan maydon yaxshiroq ko‘rinadi.
Filbonlar xuddi o‘limga ketayotgan odamlarday yaqinlaridan rozi-rizolik so‘rab
xayrlashdilar. Akbar jang oldidan maxsus shirin ichimlik bilan mast qilingan Favjdorni
silab-siypab qulog‘iga shivirladi:
— Kuchingni ko‘rsat, jonivor! Ilohim yenggin-u yengilmagin!
Fil nimadandir norozidek na’ra tortdi, ammo Bhishan Chandga o‘ng oyog‘ini tutib,
yelkasiga chiqishiga yordam berdi.
Uning qarshisidan chiqqan Zo‘ravor chindan ham juda bahaybat fil edi. Ikki oradagi
tuproq uyumi qulatilgach, Zo‘ravor Favjdorga tashlandi. Shunda uning bo‘yi ikki qarich
baland, gavdasi ham shunga yarasha ulkan ekanligi ko‘zga tashlandi. U Favjdorni tishi
bilan urib, uch-to‘rt qadam nariga uloqtirib yubordi. Bhishan Chand qattiq chayqalib,
yiqilishiga sal qoldi. Ammo Favjdor chaqqonroq edi, raqibining orqasiga aylanib o‘tdi.
Zo‘ravor unga tomon o‘girilayotganida biqiniga tishlari bilan shunday urdiki, qoyaday
zo‘r Zo‘ravor og‘riqdan darmonsizlanib gandiraklab ketdi. Bhishan shu paytdan
foydalanib, Favjdorga:
— Che! O‘ngdan o‘t! Che! — deb navbatdagi zarbani qanday berishni o‘rgatdi.
Favjdor raqibining o‘zini o‘nglashiga imkon bermay, old oyoqlariga ko‘tarildi-yu, uni o‘ng
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |