www.ziyouz.com kutubxonasi
186
Akbar otalig‘i aytgan bahaybat aravani va unga qo‘shilgan minglab asov otlarni o‘zicha
tasavvur etdi-yu, eti junjikdi. Bu aravani otalig‘idan yaxshiroq haydashga u hali tayyor
emas edi. Mabodo, tavakkal qilib: «Bering jilovni!» desa, Pirmuhammad atkasi kabi
quvg‘inga uchrashi hech gap emas, chunki Bayramxon davlat tepasidan ketsa, unga
suyanib turgan shayx Gadoyi, Hoji Muhammad Seyistoniy, Valibek, Shohqulibek kabi
o‘nlab yaqinlari barcha lavozimla-ri-yu imtiyozlaridan ajralishi muqarrar. Shuning uchun
Bayramxon istasa-istamasa, uning atrofidagilar davlat tepasiga boshqa odamni
keltirmaslikka intiladi. Mabodo, Akbar keladigan bo‘lsa, uni aravadan ag‘darib tashlaydi-
yu, boshqa itoatkorroq, yoshroq boburiyzodani xo‘jako‘rsinga podsho qilib ko‘taradi.
Bayramxonning ko‘zlari tagiga yashiringan kinoya ham, «qani, hokimiyat talashib ko‘r-
chi, ne ahvolga tusharkinsen!» deyayotganga o‘xshardi.
Yaqindagina onasi Akbarga Dehlidan maxfiy xat yozib, uni ogohlantirgan edi: «Agar siz
otalig‘ingizga qarshi bosh ko‘tarsangiz, Bayramxonning tarafdorlari sizni quvib,
o‘rningizga Komron mirzoning o‘g‘li Abulqosimni taxtga chiqarmoqchi emish. Axir uning
otasi ham podsho bo‘lgan-ku! Tinch yuring, Akbarjon. Agar Dehliga kelsangiz,
Abulqosimni birga olib jo‘nang. Bu maktubni yondiring. Sizni sog‘ingan onangiz».
Abulqosim hali o‘n ikki yoshga to‘lmagan o‘spirin. Bayramxon unga yana besh-o‘n yil
otaliq bo‘lishi mumkin. Ungacha Salima begim o‘g‘il tug‘ib berar. Akbar esa o‘n sakkizga
kirib, hokimiyat tizginini qo‘lga oladigan yoshga yetib qolyapti...
Otalig‘ining sinovchan nazari oldida bu narsalarni xayoldan o‘tkazishning o‘zi Akbarni
dahshatga keltirdi.
— Xonbobo, men siz bilan hokimiyat talashmaydirmen! — dedi. — Siz aytgan ming otliq
aravani boshqarish qanchalik qiyinligini menga hazrat otam aytganlar, hazrat bobom
kitoblarida yozib ketganlar. Mayli, barcha tizginlar sizning ilkingizda tursin. Faqat,
mening iltimosimni ham rad etmang. Hakima enagam tuhmatga uchrab, hibsda
yotmasin. Bo‘shating!
Qochib ketgan Pirmuhammadga nafrati cheksiz bo‘lgan Bayramxon:
— Hammasini qattiq taftish qilib, ayblarini bo‘yinlariga qo‘ygaymiz! — dedi.
Demak, hibsdagilarni aybiga iqror qilish uchun qancha qiynoqlarga ham solishlari
mumkin...
______________
* B e sh m i n g b o sh i d e g a n i — general unvoniga to‘g‘ri keladi.
* N o z i r — ministr.
* * *
Akbar otaliq bilan bu haqda boshqa bahslashib o‘ltirmadi-yu, ta’bi tirriq bo‘lib saroydan
chiqdi va filxona tomonga burildi. Bu yerdan mast filning na’rasi eshitilmoqda edi.
Filbonlar boshlig‘i La’l Chand oltmish yoshlarga borib, ancha qarib qolgan, bugun uyiga
ketgan, uning o‘rnida yigirma yoshli o‘g‘li Bhishan Chand ishlab turar edi.
Janglarda oldingi safda boradigan Favjdor* ismli ulkan fil zanjirni uzguday bo‘lib silkinib,
shovqin solardi. Akbar uning mast bo‘lganini sezdi. Bhishan Chand Favjdorning
yemishiga mastlikni tarqatadigan dori giyohdan qo‘shib berdi. Ammo fil bu giyohning
hidini yomon ko‘rardi, yemishga qaramadi. Shundan so‘ng mahavat fil chanqaganda
ichadigan suvga shirinlik bilan o‘sha dori giyohdan aralashtirdi-yu, yog‘och chelakka
solib, filning oldiga olib bordi. Ammo filbon unga ikkinchi marta yomon ko‘rgan giyohini
olib kelgani uchun Favjdorning g‘azabi qo‘zidi. Mastligida egasini ham ayamaydigan
Favjdor xartumi bilan filbon ko‘tarib kelgan chelakni shunday qattiq urdiki, chelak bir
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |